
FIFA futbol hamjamiyatiga 1,5 milliard AQSh dollari ajratilishini tasdiqladi
Xalqaro futbol federatsiyalari assotsiatsiyasi (FIFA) byurosi futbol hamjamiyatiga yordam ko‘rsatish rejasini tasdiqladi. Ushbu reja doirasida futbol jamoatchiligiga koronavirus tarqalishi bilan bog‘liq iqtisodiy oqibatlarni bartaraf etish uchun 1,5 milliard AQSh dollarigacha bo‘lgan mablag‘ ajratiladi. Bu haqda MOQ rasmiy sayti xabar tarqatmoqda.
“Ushbu yordam rejasi hozirgi misli ko‘rilmagan vaqtda futbol birdamligining a’lo timsoli hisoblanadi. Men FIFA kengashi byurosidagi hamkasblarimga mazkur tashabbusni ma’qullaganliklari uchun minnatdorchiligimni bildirmoqchiman”, – dedi FIFA prezidenti Janni Infantino.
1 million dollar miqdoridagi universal birdamlik grantini FIFAga kiradigan barcha milliy assotsiatsiyalar olishlari mumkin bo‘ladi. 500 ming dollar miqdoridagi qo‘shimcha grant ayollar futboliga ajratiladi. Bundan tashqari har bir konfederatsiya 2 million dollar miqdoridagi grantga ega bo‘ladi.
FIFAga a’zo assotsiatsiyalar foizsiz qarz olish uchun buyurtma berishlari ham mumkin. Beriladigan qarzning eng kam miqdori – 500 ming, eng ko‘p miqdori – 5 million dollardir. Bundan tashqari konfederatsiyalar ham 4 million dollargacha ana shunday qarz olishlari mumkin.
Grantlar va olingan qarzlar a’zo assotsiatsiyalar tomonidan o‘z hududlaridagi futbol hamjamiyatiga, shu jumladan klublar, o‘yinchilar, ligalar ehtiyojlariga yo‘naltirilishi mumkin.
Fikrlar