
FIFA Ispaniya kubogi finali oldidan hakamlar atrofidagi vaziyatga munosabat bildirdi
"El Chiringuito" ma’lumotiga ko‘ra, FIFA "Real"ga hakamlarning o‘yin oldidan matbuot anjumani o‘tkazganini tushunmaganliklarini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, final oldidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida bosh hakam Rikardo de Burgos Bengoechea "Real" klubi televideniesi tanqidlarini eslab yig‘lab yuborgan edi: "Farzandam maktabdan yig‘lab qaytdi, chunki uning otasini o‘g‘irlikda ayblashgan. Bu juda og‘ir holat". VARda faoliyat yuritadigan hakam Pablo Gonsales Fuertes esa "Real" televideniesida chiqqan videolavha uchun jiddiy oqibatlar bo‘lishini aytgan.
"Real" televideniesi bu videoda de Burgos Bengoechea "Real"ning raqiblari foydasiga qilgan xatolarini tanqid qilgan edi.
Madridliklar hakamlar faoliyatidan norozi bo‘lib, hakamlar brigadasini almashtirishni talab qilishgan. Xabarlarga ko‘ra, hatto "Real" final o‘yinida ishtirok etmasligi ham mumkin edi. Klub final oldidan matbuot anjumanini, mashg‘ulot va rasmiy suratga tushish marosimini bekor qilgan hamda Ispaniya futbol federatsiyasi va "Barsa" vakillari bilan kechki ovqatda ishtirok etmagan.
Fikrlar