Final o‘yinida nimalarga e’tibor qaratish kerak? Muhim eslatmalar

  • 19 iyun, 2022, 10:55
  • Bekzod Isayev
  • 0
  • Futbol
TIGGO 2 PRO

Hurmatli yurtdoshlar, bugun 23 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo Kubogi-2022 musobaqasining hal qiluvchi o‘yini bo‘lib o‘tadi. Yoshlar terma jamoamiz Saudiya Arabistoni bilan bahs olib boradi. Final uchrashuvi “Milliy” (“Bunyodkor”) stadionida bo‘lib o‘tadi. Uchrashuv oldidan Milliy gvardiya Toshkent shahar boshqarmasi quyidagilarni ma’lum qildi.

Futbolni yaxshi ko‘radigan va stadionga keladigan barcha muxlislarimizni jamoamizni qo‘llab-quvvatlashga, o‘zini tutish madaniyatini yodda tutishga, barchaga – hakamlarga, futbolchilarga, jumladan, raqib jamoaga, stadion texnik xodimlariga hurmat ko‘rsatish zarurligini eslatib o‘tamiz. Tozalik va jamoat tartibini saqlang.

Stadionga taqiqlangan narsalarni: qurol-yarog‘, tez yonuvchi moddalar va buyumlar, dori vositalari (retsept yoki uning nusxasi ko‘rsatilganda shifokor ko‘rsatmasi bo‘yicha belgilangan miqdorda dori vositalaridan tashqari), oziq-ovqat va idishlarni; texnik jihozlar (mobil telefonlardan tashqari), himoya vositalari, xizmat asboblari va sport anjomlarini olib kelmang.

Shubhali narsalar, shuningdek jamoat tartibini buzish holatlari aniqlangan taqdirda, ichki ishlar organlari xodimlariga yoki Milliy gvardiya harbiy xizmatchilariga darhol xabar bering.

Hurmatli muxlislar! Sizlarni madaniyatga chaqiramiz: o‘yinning borishidan, urilgan gollar yoki o‘tkazib yuborilgan gollar sonidan qat’i nazar, odobsiz so‘zlarni ishlatmang va bundan tashqari tartibsizliklarga olib keladigan chaqiriqlar, o‘yinning boshqa ishtirokchilariga nisbatan hurmatsizlik qilmang.

Jamoat tartibini buzish, tosh va boshqa narsalarni otish, haddan tashqari his-tuyg‘ularni ushlab turolmaslik va bundan tashqari, hujum bilan nizo qo‘zg‘atish sportchilar uchun yordam emasligini yodda tuting. Qolaversa, muxlislarning xulq-atvori sportchilarimizga va umuman davlatga bo‘lgan munosabatga bevosita ta’sir qiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston va Iroq terma jamoalari o‘rtasidagi Osiyo Kubogi chorak final o‘yinida muxlislarning noo‘rin xatti-harakati uchun Osiyo Futbol Konfederatsiyasi (OFK) Tartib-intizom qo‘mitasi Yaponiyaga qarshi yarim final uchrashuvini tomoshabinlarsiz o‘tkazish va olimpiya terma jamoamizga 50 ming AQSh dollar miqdorida jarima solishga qaror qabul qilgan edi.

Yosh futbolchilarimizga omad tilab, ularni madaniyatli yurish-turishimiz bilan qo‘llab-quvvatlaylik!

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksida nazarda tutilgan javobgarlikni eslatib o‘tamiz:

183-modda - Mayda bezorilik, ya’ni jamoat joylarida uyatli so‘zlar bilan so‘kinish, fuqarolarga haqoratomuz shilqimlik qilish hamda jamoat tartibini va fuqarolarning osoyishtaligini buzuvchi shu kabi boshqa xatti-harakatlarda ifodalangan jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaslik —

bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.

Ichki ishlar organlari xodimining (194-modda) yoki O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi harbiy xizmatchisining (xodimining) qonuniy talablarini (194-1-modda) bajarmaganlik uchun birdan o‘n ikki baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!