
Frantsiya va Angliya ikkitadan gol urib, pley-offga yo‘l oldi! Favoritlar shularmidi?
"Evro-2024" doirasida bir qator guruhlardagi uchrashuvlar o‘z yakuniga etdi.
Jumladan, Frantsiya terma jamoasi "D" guruhida 3 uchrashuvda jami 5 ochko to‘plagan holda, ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Ushbu guruhda kutilmaganda Avstriya 6 ochko bilan birini pog‘onani band etdi. Bundan tashqari, 4 ochko to‘plagan "uchar gollandlar" ham pley-offga yo‘l oldi.
Qiziqarli tomoni shundaki, "D" guruhida raqiblari darvozasiga eng kam gol urgan jamoa turnirning asosiy favoritlaridan biri bo‘lgan Frantsiya terma jamoasi bo‘ldi. Ular jami 2 ta gol urdi, shulardan bittasi avtogol va biri penaltidan (Kilian Mbappe tomonidan) kiritildi. Hatto mazkur guruhda so‘nggi pog‘onani band etgan polyaklar ham uch bellashuvda 3ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi (Shuningdek Avstraliya 6 ta, Niderlandiya 4 ta gol urdi).
Shunday bo‘lsa-da, o‘tkazib yuborilgan gollar borasida frantsuzlar o‘z kvartetida eng yaxshisi bo‘ldi (1 ta). Qolganlarning o‘tkazib yuborgan gollari esa Frantsiyanikidan ancha ko‘proqni (Avstriya 4 ta, Niderlandiya 4 ta, Polsha 6 ta) tashkil etdi.
Bundan tashqari, turnirning eng yulduzli va eng kuchli terma jamoalaridan biri hisoblangan Angliya terma jamoasi ham muxlislarini ancha xafa qildi. Inglizlar 3 ta uchrashuvda xuddi frantsuzlar kabi 2 ta gol urdi va 1 ta o‘tkazib yubordi. Faqat Sautgeyt shogirdlari o‘z kvartetidan birinchi o‘rin bilan chiqish missiyasini uddaladi.
Turnir avvalida ushbu ikki terma jamoa ko‘pchilik muxlis va mutaxassislar tomonidan musobaqaning asosiy ikki favorit termasi sifatida baholanayotgandi. Hozircha ular ko‘rsatayotgan o‘yin, sermahsullik va natijalar ko‘pchilikning fikriga nomutanosib. Agar ular maksimumini namoyish etmasa, aniqrog‘i kelasi uchrashuvlarda o‘z o‘yiniga biroz temp va sifat qo‘shmasa, g‘oliblik haqida o‘ylash biroz qiyin.
Balki bu ham bir uslubdir. Jamoalar minimalizm ortidan butun turnirni yutishni reja qilgandir. Guruh bosqichdan chiqish ular uchun u qadar ham qiyin bo‘lmagani bois kuch tejagan holda harakat qilishyapti, degan versiya ham bor. Xullas, versiyalar turlicha. Reallikda esa biz yulduzli tarkibdan yasalgan "yuvoshgina" jamoalarni ko‘ryapmiz.
Karim Xudayqulov
Fikrlar