
Frantsiyalik futbolchi Abduqodir Husanovga qanday baho beryapti?
Abduqodir Husanov o‘ynayotgan “Lans” Evropa Ligasining pley-offida javob uchrashuvini Germaniyada “Frayburg” jamoasiga qarshi o‘tkazadi.
Dastlabki uchrashuvda kuchlar teng kelib, o‘yinda hisob ochilmagan edi. Bu gal Bundesliganing o‘rtamiyona jamoasi “Lans” qarshiligini o‘z muxlislari ko‘z o‘ngida engib etishiga harakat qiladi.
“Lans” bosh murabbiyi Frank Xeyz oldida mas’uliyatli vazifa turibdi. Uning boshchiligidagi murabbiylar shtabi asosiy himoyachi Kevin Danso o‘rniga munosib nomzodni boshlang‘ich tarkibda maydonga tushirishi kerak.
Ko‘pchilik Abduqodir Husanov diskvalifikatsiya qilingan avstriyalik himoyachining o‘rnini egallashga qodir, deb hisoblanmoqda.
Muxlislar o‘rtasida tashkil etilgan so‘rovnomada ham o‘zbek legioneri boshlang‘ich tarkibga kiritilishi eng ko‘p ovoz olgan variant bo‘ldi.
Ayni paytda hamyurtimiz yuqori sport formasida. Qatar mezbonlik qilgan Osiyo kubogida Abduqodir Husanov ishonchli o‘yin ko‘rsatdi. Buning samarasida futbolchimizning transfer narxi yana ko‘tarilib 2 million evroga etdi.
Terma jamoadan qaytganidan keyin Husanov “Frayburg” jamoasiga qarshi o‘tkazilgan birinchi o‘yinda atigi bir necha daqiqa o‘ynadi xolos.
Biroq Frantsiya chempionati doirasida “Reyms”ga qarshi bahsni boshlang‘ich tarkibda boo‘ladi. Abduqodir bu bahsda Jonatan Gradit o‘rniga to‘p tepdi. Aytish joizki, Husanov juda faol o‘ynadi va asosiy tarkib o‘yinchisi ekanini isbotlab qo‘ydi.
Shu paytga qadar Abduqodir Husanov milliy chempionatda olti marotaba boshlang‘ich tarkibda maydonga tushgan. Garchi ularning hammasida barqaror o‘yin ko‘rsatgan bo‘lsa-da, yoshligi tufayli ko‘p bahslarda zaxirada qolib ketyapti.
“Frayburg” bilan bo‘ladigan o‘yin oldidan frantsiyalik tajribali himoyachi Massadio Xaydara o‘zbek futbolchisi haqida fikr bildirib, uning jamoaga yordami katta bo‘lishini ta’kidladi.
- Abduqodir Husanov yaxshi o‘yinchi, uchrashuvlarga juda katta ta’sir o‘tkaza oladi. Aslida u yosh o‘yinchi, lekin maydonda ko‘rsatayotgan o‘yin darajasiga qarab, biz uning yoshini inobatga olmay qo‘yganmiz.
Katta futbolda muvaffaqiyatga erishishi uchun unda barcha imkoniyat bor. Abduqodir jiddiy yigit, shunga qaramay, maslahatlarga quloq tutadi, bellashuvlarda bor kuchini sarflashga harakat qiladi.
Biz har tomonlama uni qo‘llab-quvvatlashga harakat qilyapmiz. Unga ko‘pincha maslahat beramiz, boshida til masalasida bu ancha qiyin bo‘lgandi, lekin futbolning umumiy tili bor, hozircha ko‘proq shu tilda muloqot qilyapmiz.
Husanov bularni biz kutganimizdan ham tezroq o‘zlashtiryapti, - dedi Massadio Haydara.
Abduqodir Husanov uchun joriy mavsum muvaffaqiyatli o‘tmoqda. 19 yoshli futbolchimiz Evropaning kuchli beshlik chempionatlariga kiruvchi Frantsiya yuqori divizionida o‘ynayotgan birinchi o‘zbek futbolchisi sifatida tarixdan joy oldi. Shuningdek, bir mavsumning o‘zida Evropaning ikki nufuzli musobaqasi – Chempionlar ligasi va Evropa ligasida debyutini o‘tkazishga muvaffaq bo‘ldi.
Shuningdek, O‘zbekiston milliy terma jamoasining asosiy tarkibidan muqim joy oldi.
Fikrlar