
Frimpong: "Romano mening rejamni buzdi"
"Liverpul"ning yangi futbolchisi Jeremi Frimpong o‘zining ingliz klubiga o‘tishi haqidagi ma’lumot barvaqt oshkor bo‘lgani to‘g‘risida qiziqarli voqeani aytib berdi.
Futbolchining so‘zlariga ko‘ra, insayder Fabritsio Romano bu xabarni e’lon qilganda, u hali otasiga aytishga ham ulgurmagan ekan. Frimpong bolaligidan "Liverpul" muxlisi bo‘lgan otasiga syurpriz qilmoqchi bo‘lganini tan oldi. Biroq, ijtimoiy tarmoqlarda ma’lumotlar tarqalgach, u haqiqatni aytishga majbur bo‘ldi.
- Otam "Liverpul" ishqibozi, shuning uchun butun oilamiz bilan unga syurpriz qilmoqchi edik. Mish-mishlar tarqalganida, men: "Dada, bu yolg‘on," dedim. Ammo Romano bu haqda yozgach, yashirishning iloji qolmadi. Dadam darhol tushundi va to‘g‘ridan-to‘g‘ri so‘radi. Men: "Ha, "Liverpul"ga o‘tyapman" dedim. U shunchaki ishonolmay qoldi! - deya Frimpongning so‘zlarini keltiradi "This is Anfield" nashri.
Himoyachi yozda "Liverpul"ga "Bayer"dan kelib qo‘shildi. Frimpong Bundesliganing o‘tgan mavsumida 33 ta o‘yinda maydonga tushib, beshta gol urdi va xuddi shuncha golli uzatma berdi.
Fikrlar