
Fuzaylov "Buxoro"ning o‘yinini kuchaytirish uchun "Yangi Messi"ni topib oldi va legionerlardan voz kechdi!
Toshkentda yozgi yig‘inini o‘tkazayotgan klublarning tayyorgarligini imkon qadar o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rib, ularni yoritishga harakat qilyapmiz. Bunday paytda o‘rtoqlik uchrashuvlarining ko‘pligi ham qo‘l keladi. 25 iyul kuni “Bunyodkor” akademiyasining maydonida “Neftchi” hamda “Buxoro” jamoalari nazorat o‘yinida ishtirok etishdi. Superliga va pro liga klublari o‘rtasidagi farq mutlaqo sezilmayapti. Masalan, kuni kecha “Andijon” Superligada tajribali jamoalardan biri “Qizilqum”ni mag‘lub etgandi. Bu safar pro liganing yana bir klubi “Buxoro” “Neftchi” ustidan g‘alaba qozondi.
O‘yinni ko‘rib etarli xulosalarga ega bo‘ldik. Ikkala jamoa ham yozgi yig‘inda tubdan o‘zgarishni maqsad qilgan. Chunki mavsumning birinchi qismida “Neftchi” ham, “Buxoro” ham muxlislarini etarli darajada quvontira olmagan. Ayniqsa, “Buxoro” klubidagi o‘zgarishlar bizni biroz hayron qoldirdi. Tarkib boshqa darajada shakllantirilayotgani va buning o‘yinga qanchalik ta’sir ko‘rsatayotganini “Neftchi”ga qarshi uchrashuvda ko‘rdik. Ochig‘i, bu ilgari biz ko‘rgan “Buxoro” emasdi.
Saytimiz orqali bu klubda qanday o‘zgarishlar yuz berayotgani to‘g‘risida ma’lumotlar berib kelmoqdamiz. Uchrashuvdan avval klub bosh direktori O‘ktir Qodirov bilan biroz suhbatlashdik. Mutasaddining aytishicha, ikki nafar legioner – Marchuk bilan Sidorenko “Buxoro”ni rasman tark etishgan. Hozirda Ablitarov bilan ham hamkorlikni to‘xtatish bo‘yicha ish olib borilayotganini aytdi. Moliyaviy tomondan muammo yo‘q. Shuningdek, bosh murabbiy Hakim Fuzaylovga endilikda Aleksandr Ejov yaqindan yordam bermoqda. U ilgari “Xorazm” jamoasiga bosh murabbiylik qilgan.
“Neftchi” bilan uchrashuvni ko‘rgan holda xulosamiz shundayki, “Buxoro”ning chempionatda namoyish etgan o‘yinidan tubdan farq qiladi. Bunda albatta tarkibga yangi qo‘shilgan ijrochilarning mahorati ko‘p narsani hal qilmoqda. Oldin bu jamoa yopiq va himoyaviy o‘yin ko‘rsatardi. Endi buning aksini ko‘ryapmiz. Hujumkor, ochiq futbol va tajovuzkor. Eshitishimizcha, Hakim Fuzaylov “Buxoro”ni Superligaga qaytarish uchun rahbariyatga va’da bergan. Shuning uchun u jamoa o‘yinini jiddiy o‘zgartiryapti va selektsiyada ham faollik ko‘rsatmoqda. Ayniqsa, “Paxtakor”dan taklif qilingan Humoyunmirzo Iminov boshqalardan yaqqol ajralib turibdi. Bu orqali “Buxoro” “yangi Messi”ni topib oldi, desak mubolag‘a qilmaymiz. “Paxtakor”ning zaxirasida o‘tirgan bu yigitning o‘ynashga chanqoqligi ko‘rinib turibdi. O‘yinni o‘qiy olishi, jamoasining hujumlarida o‘zi bosh-qosh bo‘lishi va driblingi bo‘yicha unda barchasi a’lo darajada. “Neftchi”ga qarshi o‘yindagi yagona gol ham Iminovning hisobiga yozildi. Fuzaylov ham bahs davomida uning harakatlaridan qoniqish hosil qilayotgani sezilib turdi. Aslida Humoyunmirzo bemalol Superliganing har qanday jamoasining o‘yinini kuchaytirishga qodir. Agar uning potentsiali yuqoriligini hisobga olsak, “Buxoro” nihoyatda qimmatli va foydali transferni hal qilganini ko‘rish mumkin. “Aral Samali”dan taklif qilingan Arslan Yusupbaev ham ikkinchi bo‘limda maydonga tushib, o‘yinni kuchaytirganiga guvoh bo‘ldik.
Shuningdek, jamoaga kelgan barcha yangi futbolchilar o‘zidan yaxshi taassurot qoldirish uchun astoydil kurashishyapti. Shuning uchun bo‘lsa kerak, “Neftchi”ni kichik hisobda mag‘lub eta oldilar. Uchrashuv davomida ikkala klubda yaxshi vaziyatlar bo‘ldi. Darvoqe, “Neftchi”da yangi futbolchilar ham to‘p surishdi. Fozil Musaev, Salamat Quttiboev kabilarning imkoniyatlarini yaxshi bilamiz. Biz uchun yangi kelgan legionerlarni kuzatish qiziqroq edi. Evgeniy Konyuxov, Zigo Shkovlek va Tamaz Makatsariya boshlang‘ich tarkibdan joy olishdi. Hozircha bitta o‘yindan ular uchun xulosa chiqarish qiyin. Ko‘rinib turibdiki, legionerlarga vaqt kerak. Shuningdek, Darko Stanoevich bilan Andrey Mishenko ham maydonda harakat qilishdi, ammo ularni bilganimiz uchun ikkalasiga to‘xtalishni lozim topmadik.
Xullas, ushbu nazorat uchrashuvida “Buxoro” haqli tarzda “Neftchi” ustidan 1:0 hisobida g‘alaba qozondi. Ammo bir jihatni unutmaslik kerak, bu bor-yo‘g‘i, bitta o‘yin. Ya’ni, biz ushbu uchrashuvda maydonda ko‘rganlarimizni sizlarga bayon etdik. Masalan, boshqa uchrashuvlarda ham “Buxoro” mana shunday hujumkor o‘ynaydimi? Balki “Neftchi” chempionatda boshqacha o‘yin ko‘rsatishi mumkin. Faqat bitta gap: agar “Buxoro” ushbu o‘yinini chempionatda ham namoyish etsa, pro ligada mavsumning ikkinchi qismida intriga qanday bo‘lishini tasavvur qilavering!
Fikrlar