
"Gaplashishni istamagan joyga o‘zimiz yugurib bormaymiz" - Bahrom Haydarov "Surxon"dagi vaziyat bo‘yicha munosabat bildirdi
Termizning “Surxon” jamoasida yuz berayotgan o‘zgarishlardan xabardorsiz. Klubga yangi mutaxassislar keldi. O‘tgan yili “Surxon” bosh murarbbiyi sifatida ishlagan Bahrom Haydarov ham endi klub bilan birga emas.
Lekin degan joyi bor. Gap shundaki, hali Haydarovni rasman ishdan bo‘shatishganmi? Mana shu savol ham yo‘q emas. Chunki bu borada klub rasmiy ma’lumot bergani yo‘q.
Ammo shunisi aniqki, farg‘onalik murabbiy “Surxon”da emas. Bu masala yuzasidan Bahrom Haydarov Sports.uz muxbiriga quyidagilarni aytdi.
“Yangi rahbariyat men bilan aloqaga chiqqani yo‘q”
- O‘tgan yilgi shartnomaga muvofiq yana qo‘shimcha shartnoma qilgandik. Mabodo, klub 10-o‘rinni olsa, shartnomani uzaytirishga majbur edi. O‘tgan yili oldimizga 10-pog‘onani egallash vazifasi qo‘yilgan. Bilgan bo‘lsangiz, jamoada rahbariyat almashdi. Klubga kelgan yangi rahbariyat esa men bilan aloqaga chiqqani yo‘q. Ular o‘zlari yangi jamoa tuzishdi. Gaplashishni istamagan joyga o‘zimiz yugurib bormaymiz. Oddiy qilib aytganda, bizni rozi qilmasdan turib yangilarni “zayavka” qilish mumkin emas. Bilmadim, bu masalani qanday hal qilisharkin? Hali hech kim gaplashganim yo‘q. Hozircha vaziyat shunaqa. “Surxon”ga Ispaniyadan murabbiylar va texnik direktor keldi, deyishdi. Keyin ular qaytib ketishibdi va o‘rniga boshqalari kelibdi. Eshitishimcha, jamoaga o‘tgan yilgi futbolchilardan bir qanchasi qaytibdi. Jamoa o‘zini ko‘rsatishga harakat qiladi.
“Nima bo‘lsa ham “Surxon”ga yaxshilik tilayman”
- Boya aytganimdek, hali klubdagilarning birortasi bilan gaplashganim yo‘q. Kelgan murabbiy nima ishlar qilayotganidan umuman tasavvurga ham ega emasman. Ikki-uchta nazorat o‘yinlari o‘tkazdi. Nima bo‘lishini chempionat ko‘rsatadi. Klubda kim ishlagan taqdirda ham “Surxon”ga yaxshilik tilayman. Bu jamoaning muxlislari bor. Yaxshi o‘yin ko‘rsatsa, biz uchun ham yaxshi. Lekin kelib-ketish – bu har bir murabbiyning boshida bor. Shuncha yil futbol ichida ishlayotgan bo‘lsam hali umuman biror joydan ketishga qo‘rqmaganman. Menga farqi yo‘q. Faqat barchasi chiroyli yakun topsa degandim. Masalan, bizni chaqirib, mana bu o‘tgan yili ishlab topgan haqlaring, o‘rningizga boshqalar ishlaydi, desa umuman muammo yo‘q, gap-so‘z bo‘lishi mumkin emas. O‘zimdan-o‘zim aloqaga chiqib, biz nima qilamiz, deb gaplashmayman. Bu yog‘i nima bo‘larkin, hayronman. Men hech nima qilganim yo‘q, uyda o‘tiribman.
“To‘g‘risi, bir-ikkita jamoalardan takliflar bo‘lgandi”
- To‘g‘risini aytsam, menga bir-ikkita klublardan takliflar bo‘ldi. Ammo ularga rad javobini berishimga to‘g‘ri keldi. Sababi, o‘zim avvalo bu yoqdagi ishimni hal qilib olishim kerak. Chunki moliyaviy masalalarni hal qilib olish lozim. Agar o‘zim xohishim bilan ishdan ketadigan bo‘lsam, ish haqlari berilmaydi. Voqealar rivoji qanday davom etishini kutyapmiz. Rosti, menga qaysi klublardan takliflar bo‘lganini ayta olmayman. Negaki, ularda murabbiylar ishlayapti. Murabbiyni ishi shuda, bir kun chaqirishadi, bir kun uyda o‘tirasiz. Bu muammo emas va fojea yasalmaydi. Faqat mehnat qilib, hammasi joyiga tushganidan keyin mana bunday munosabat bo‘lishi odamni xafa qiladi.
“Futbolimiz bu yil nihoyatda zo‘r bo‘ladi”
- Oxirgi 7-8 yilni oladigan bo‘lsak, bu safargisi juda qiziq bo‘ladi, buni ko‘nglim sezyapti. Hamma jamoani qarasak, aniq maqsad uchun kurashmaydi, deya olmaymiz. 8-9 ta jamoa sovrinli o‘rinlar uchun kurashsa kerak. Mavsum davomida ularni omadi qanday kelarkin, Xudo biladi. Xursand qilayotgani shuki, barcha klublar o‘z oldiga katta maqsadlarni qo‘yyapti. AGMK, “So‘g‘diyona”, “Nasaf” va “Bunyodkor” o‘tgan yilgidek bu yil ham “Paxtakor”ga raqobat tug‘diradi. Ularning orasiga “Navbahor” bilan “Neftchi” qo‘shilyapti. Bundan tashqari, “Qizilqum” ham bor. Pro ligada ham bir qator klublar jiddiy kurashadi. Futbolimiz bu yil nihoyatda zo‘r bo‘ladi.
Fikrlar