
GFC 20 matbuot anjumani: Otabek Umarov va Xabib Nurmagomedovlarga qanday savollar yo‘llandi?
Toshkentdagi “Forumlar” saroyida GFC 20 turniriga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Tadbirni O‘zbekiston MMA assotsiatsiyasi prezidenti Otabek Umarov yurtimizda ushbu sport turini yanada ommalashtirish hamda bundan keyin ham turnirlar o‘tkazib borilishi haqidagi so‘zlari bilan rasman ochib berdi.
Anjumanda Xabib Nurmagomedov, Abdulmanap Nurmagomedov, GFC promousheni prezidenti hamda jang kechasining markaziy to‘qnashuvi ishtirokchilari Umar Nurmagomedov, Brayan Gonsales, O‘zbekiston MMA terma jamoasi bosh murabbiyi Sunnat Ilyasov va boshqalar ishtirok etishdi.
-O‘z janglaringizdan birini "Humo Arena"da o‘tkazgan bo‘larmidingiz?
-Xabib Nurmagomedov:
-"Humo Arena" UFC turnirining o‘tkazilishi uchun juda mos tushar edi. Misol uchun, Moskvada 11 ming kishini o‘z bag‘riga oladigan TsSKA Arenada o‘tkazdik. "Humo" esa jahon standartiga javob bera oladigan arena va unga 12 ming odam sig‘adi. Shuning uchun, bemalol yirik jang kechalarini o‘tkazsa bo‘ladi. Agar UFC jangni shu erda o‘tkazilishiga rozi bo‘lsa, albatta shu erda jang qilaman. O‘zbekiston MMA federatsiyasi bu borada UFC bilan kelisha olsa, men jon deb bu erda oktagonga ko‘tarilgan bo‘lardim. Dog‘istonda bunday saviyadagi arena yo‘q. Shunday ekan Toshkentda jang qilishga qarshi bo‘lmayman.
- Boshqa promoushenlar bilan ishlash niyatingiz bormi?
Otabek Umarov:
- Biz yurtimizga bir qator yulduzlarni ham taklif etish istagidamiz. Ular nafaqat faxriy mehmon, balki o‘z janglarini o‘tkazish uchun ham kelishadi.
- Bunday mehmondo‘stlikdan so‘ng siz vazn tashlash muammo bo‘lmaydimi?
-Xabib:
- Mehmondorchilik zo‘r bo‘ldi. Albatta, vazn tashlash qiyin. Lekin hali buning uchun vaqt bor. Vaqti kelganda dieta tutaman, rejim bilan vaznimni to‘g‘irlab olaman. 15 yildan buyon bu borada muammo bo‘lmaydi. Agar vaznim borasida qandaydir qiyinchilik bo‘lganida, chempion bo‘lmasdim. O‘zbekistonda mazali taomlar juda ko‘p va xech qaerda bunday totli ovqatlar iste’mol qilmaganman.
- Nikita Chistyakovning betob bo‘lishi tufayli, bu jang siz uchun kutilmaganda sodir bo‘ldi. Vaholanki, bunday chempionlik janglariga qa’tiy tartibdagi mashg‘ulotlar kerak bo‘lardi. Ertangi jangda ushbu omillar muammo tug‘dirmaydimi?
Brayan Gonsales:
- Jangchi har doim tayyor bo‘lishi kerak. O‘ylaymanki, barchasi yaxshi bo‘ladi. Jangga tayyorman.
- Ushbu promoushenda o‘zbekistonlik Sirojiddin Eshonboev hamda Lilya Shakirovalar o‘z jangini o‘tkazishadi. Ertaga, esa bir qator yurtdoshlarimiz GFC da debyut qilishadi. Ular bilan qanday shartnoma imzolangan?
GFC prezidenti:
- Bizda o‘zbekistonlik Liliya Shakirova chempion hisoblanadi. Unga yangi vazn toifasida o‘zini sinab ko‘rishni taklif qilganmiz. Shuningdek, boshqa o‘zbek yigitlari bilan ham shartnomaga egamiz. Ularni boshqa turnirlarimizga ham taklif qilish niyatidamiz.Agar, yaxshi natijalar qayd etsa, chempionlik janglarida ham oktagonga ko‘tarilishlari mumkin.
-O‘zbekistonlik sportchilarning tayyorgarlik jarayoni qanday bo‘ldi?
Sunnat Ilyasov:
-Tayyorgarlik ajoyib bo‘ldi. Yigitlar jangga har tomonlama tayyor. Kayfiyat va jamoadagi muhit yaxshi. Nasib qilsa, barcha yurtdoshlarimizni g‘alabalar bilan xursand qilamiz.
-Faxriy mexmonlar orasida UFC ning sobiq chempioni Frenk Mirning ismi sharifini ko‘rmagan edik. Lekin hozir ushbu AQShlik jangchi oramizda o‘tiribdi. Umuman uning tashrifi qanday amalga oshdi?
Frenk Mir:
-Men ko‘plab mamlakatlarda bo‘lganman. O‘zbekistonga birinchi bor tashrif buyurdim. Ertaga, ajoyib va murosasiz janglarni tomosha qilaman degan umiddaman.
Otabek Umarov:
- Biz bu borada bir qator insonlarni taklif qilganmiz. Ko‘pchiligi vaqtiga qarab yurtimizga tashrif buyurdi. Ayni vaqtda bu anjumanlar zalida bo‘lmasa ham Roy Jons va Jeff Monsonlar ham tashrif buyurgan .
O‘zbek MMAsi deganda beixtiyor ko‘z oldimizga Sunnat Ilyasov keladi. Sizning vaqtingizda bunday imkoniyatlar bo‘lmagandi. Umuman olganda murabbiy sifatida bo‘lsa ham orzuingiz ushalmoqdami?
Sunnat Ilyasov:
-Albatta, bunday imkoniyatlar yaratilganligi uchun rahbariyatga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. To‘g‘risi o‘zimning ham jang qilgim kelmoqda. Shubhasiz, yoshlarimiz ushbu imkoniyatga ega bo‘lganligidan xursandman. Barcha sportchilarimizga omad tilayman.
Fikrlar