"G‘ijduvon" bosh murabbiyi: "To‘g‘risi, durangni kutmagandik"
Muborakda “G‘ijduvon” – “Andijon” (1:1) o‘rtasidagi uchrashuv yakunlangach, matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda dastlab “G‘ijduvon” bosh murabbiyi Bahodir Shoymardonov qatnashdi.
- Avvalambor, barchani Ramazon oyi bilan tabriklayman. Chiroyli o‘yin guvohi bo‘ldik. To‘g‘risi, durangni kutmagandik. G‘alabaga erishishni niyat qilgandik. Albatta, bu – futbol, biz o‘ylagan narsa har doim ham bo‘lavermaydi. Vaziyatlar yaratilyapti, faqat unumli foydalana olmayapmiz. Shuning hisobiga ko‘p ochkolarni yo‘qotyapmiz. Nafaqat futbolda, balki boshqa sport turlarida ham maqsad bo‘ladi. Biz ham o‘z maqsadimizga qarab intilamiz. Bizning jamoa hali yangi. “Andijon” nomi chiqqan klub, Superligani ko‘rgan jamoa. O‘zbekistonni etakchi klublaridan biri hisoblanadi.
- “Andijon”dan qanday o‘yin kutgandingiz?
- Raqibning o‘yinlarini kuzatdik. Asosiysi, gollarini standartlardan kirityapti. Ularda sifatli bo‘ydor futbolchilari bor. Biz shunga qarab himoyalanish bo‘yicha tayyorgarlik ko‘rdik. G‘alaba bo‘lsa, yanada yaxshi bo‘lardi. Raqibning o‘yiniga yaxshi baho beraman. Futbolda sen urmasang, senga urishadi. Iloji boricha, mukammal himoyalanishni vazifa qilgandik.
- Natijadan qoniqdingizmi?
- Biz uchun har bir ochko oltinga teng hisoblanadi. Bu yilgi pro liganing saviyasi oldingilariga qaraganda ancha yuqori. Superligaga qiyos qilsam adashmayman. 4-5 ta klub Superligada o‘ynagan. Har bir ochko bizni qoniqtiradi, uydami, safardami farqi yo‘q.
- Birinchi taymni o‘zida legioner futbolchi Ospinani almashtirdingiz. Bu nima bilan bog‘liq?
- O‘yingacha bu taktikada maydonga chiqish rejamizda yo‘q edi. Raqib tarkibida bo‘ydor o‘yinchilari bor. Natijada iloji yo‘q, Ospinani zaxiraga olishga majbur bo‘ldik. Qo‘shimcha hujumchini tushirdik. Bitta hujumchi bilan o‘ynash qiyin.
- “G‘ijduvon” qachon o‘z stadionida o‘ynaydi?
- Maydonimiz “Qo‘qon-1912”ga qarshi Kubok o‘yiniga tayyor bo‘lish arafasida. Maydonda qilgan mehnatni qadrlash kerak. Bahor ham yog‘ingarchiliklar bilan yaxshi keldi. Maydonimizning ahvoli zo‘r. 10-15 aprel kunlariga 100 foiz tayyor bo‘ladi, deb kutganmiz. Rahbariyat ham, ishchi xodimlar ham qo‘qonliklarga qarshi uchrashuvga tayyorlashga harakat qilishyapti.



Fikrlar