
Golfchi, sobiq JCh g‘olibi va 135 millionlik yigitcha! Grandlar qutilish orzusidagi futbolchilar ramziy jamoasi
So‘nggi yillarda futbolchilarning transfer summasi kattalashib bormoqda. Taniqli futbolchilar uchun grandlar o‘rtasidagi kurash avj olgani hech kimga sir emas. Afsuski, barcha futbolchilar ham yangi jamoasida o‘zi istagandek ardoqli bo‘lishni uddalay olmaydi. Bugun yulduz bo‘lishiga qaramay, o‘z klubi rejalariga kiritilmagan futbolchilardan tashkil topgan jamoani e’tiboringizga havola etamiz.
Darvozabon: Keylor Navas
3 karra EChL sovrinini boshi uzra ko‘targan Navas ikkinchi bor noqulay vaziyatga tushib qolmoqda. "Real" Keylorning fantastik sport formasiga qaramay, undan yoshroq va mashhurroq darvozabonni sotib olgan edi. PSJda ham shu holat takrorlandi.
Achinarlisi shundaki, Donnarumma Navasni tez orada asosiy tarkibdan siqib chiqaradi. Kosta-rikalik posbon o‘zi uchun yangi jamoa izlashni boshlab yuborgan bo‘lsa, ajab emas. Axir, bir qozonda "ikki qo‘chqor"ning boshi qaynamaydi!
Himoyachilar: Samuel Umititi
Bir necha yil ilgari himoyachi Frantsiya va "Barselona"ning asosiy tarkib a’zosi edi. Jarohatlar va ruhiy holati sababli so‘nggi yillarda "Samu"ning o‘yinida keskin pasayish kuzatildi. Bu omil uning transfer summasida ham yaqqol ko‘zga tashlanadi. Qizig‘i shundaki, "Barsa" frantsuzni sotib yuborishga qancha urinmasin, futbolchi ketish niyatida emas. Uning klub bilan tuzgan shartnomasi yana ikki yil davom etadi. Hozir formasini yo‘qotgan himoyachiga hech qaysi klub kataloniyaliklar singari maosh bera olmaydi. Shu vajdan Umtiti yana 2 yil o‘z turarjoyini o‘zgartirmoqchi emas.
Viktor Lindelof
Rafael Varan bir oyog‘i bilan "Manchester Yunayted"ga o‘tib bo‘ldi. Katta ehtimol bilan yangi mavsumda Maguayr - Varan tandemi markazda harakat qiladi. Zaxirada Tuanzabe va Bayi o‘z vaqtini kutib o‘tiradi. Shvedni transferga qo‘yish mantiqan to‘g‘ri. Afsuski, uning klassi "qizil iblislar" darajasida emasligini bir necha bor o‘z isbotini topgan.
Benjamin Mendi
4 yil ilgari "Benji" uchun "shaharliklar" deyarli 60 million evrodan voz kechgan. Ortda qolgan yillar davomida Mendining transfer summasi 4 barobar arzonlab ketdi. Asosiy tarkibdagi o‘rnini esa, Zinchenko va Kanselu egalladi. Jarohatidan so‘ng, qahramonimiz o‘z darajasiga yaqin ham kelgani yo‘q. Umid qilamizki, yangi jamoasida biz avvalgi chap qanot himoyachisini ko‘ramiz. Hozirda, frantsuz uchun PSJ, "Inter" va "Chelsi" asosiy da’vogar bo‘lib turibdi.
Yarim himoyachilar: Aaron Remzi
Ikki yil avval Turin klubi uelslik yarim himoyachini tekinga oldi. Afsuski, tekinning "lekini" bor atamasi o‘zini yuz foiz oqladi. "Yuve" kattagina maosh olayotgan Aaronni APLning istalgan jamoasiga qo‘yib yuborishga tayyor ekanligini rasman e’lon qildi. "Zebralar" allaqachon Remzining xizmatlarini "Barselona"ga taklif qilishga ham ulgurdi. Hozircha, barcha urinishlar besamar ketmoqda.
Donni Van De Bek
"Qizil iblislar" safidagi ilk mavsumini omadsiz o‘tkazgani etmaganidek, Donni Gollandiya bilan Evropa chempionatiga ham borgani yo‘q. Jarohat bunga imkon bermadi. Endi, "Manchester Yunayted"ning yangi versiyasida gollandiyalik yarim himoyachi paydo bo‘lishiga ishonish mushkul. Hozir futbolchi uchun o‘z kuchiga bo‘lgan ishonchni tiklab olish juda ham muhim. To‘g‘ri tanlangan ijara varianti faoliyatini qutqarib qolishi aniq.
Filippe Koutino
135 million evrolik boshog‘riq haqida eshitganmisiz? "Bavariya" safida "Barselona"ni 8:2 hisobida tor-mor keltirishda faol ishtirok etgan Koutino hozir Kataloniya jamoasi uchun eng katta muammo bo‘lib turibdi. Ayni damda Filippeni 60 million evro evaziga ham kech kim sotib olmoqchi emas. Kuman esa, pleymeykerni o‘z o‘yin rejasiga kirita olmayapti. "Barsa" bu vaziyatdan qanday chiqib ketadi? Voqealar rivojini SPORTS.uz da kuzating!
Isko
Isko Alarkon Madrid klubi sharafini 8 yildan beri munosib himoya qilib kelmoqda. U jamoaning yaqin yillardagi barcha ulkan g‘alabalariga hissa qo‘shdi, biroq o‘yin darajasi keskin pastlagani rost. Karlo Anchelotti ortga qaytgach, Isko yana katta sahnaga chiqishdan umid qilmoqda. "Real" safida barcha sovrinlarni qo‘lga kiritgan ispaniyalikka jamoasini almashtirish hozir har qachongidan foydali. Unga yangi chaqiruv lozim. "Milan" buning uchun ideal variant!
Hujumchilar: Kingsli Koman
EChL finalida gol urib, klubini Evropada tengsiz qilgan yigitcha "Bavariya" bilan kelisha olmayapti. U talab qilayotgan maoshni myunxenliklar to‘lashdan bosh tortdi. Hozirgi pendemiyada hech kim Kingsli uchun 20 million evro maosh bera olmaydi. "Bavariya" o‘z vingerini 90 milliondan kamiga sotmoqchi emas. Afsuski, futbolchi va klub o‘rtasidagi munosabat keskinlashdi. Endi ikki tomondan biri chekinishi kerak. Aks holda, kelasi mavsumda Koman boshqa jamoaga ravona bo‘lishi aniq.
Garet Beyl
"Tottenxem"dagi ijarasi yakunlangach, Garet Madridga qaytib keldi. Shartnomaga ko‘ra, u yana bir yil fantastik maosh olishi kerak. Katta ehtimol bilan, kontrakt muddati tugagach, Beyl butsalarini mixga ilib yuboradi. "Real" bir yil ichida yaxshigina pulni tejab qolishi uchun uni transferga qo‘yish harakatiga tushib qolgan. Xo‘sh, bu vaziyatda qay tomon g‘olib chiqadi? Uddaburon Peresmi yoki sovuqqon Beylmi?
Antuan Grizmann
Afsuski, Grizmann "Barsa"ga va Messiga moslasha olmadi. Endi klub Antuanni qo‘yib yubormasa, Leo bilan yangi shartnoma imzolay olmaydi. Ikki yil avval 120 millionga sotib olingan frantsuzni klub 60 million evaziga qo‘yib yuborishga ham tayyor, lekin birorta xaridor chiqmadi. So‘nggi 2 yil ichidagi eng omadsiz futbolchi - Antuan esa, yangi mavsumga kayfiyatsiz ahvolda etib keldi. "Atletiko" uni qaytarib olmasligini e’lon qildi. Terma jamoa "Evro"da hech qanday karomat ko‘rsatmadi. Klubida ahvol qanday ekanligi ma’lum. Bechora Grizmann, u hozir chempion "Atletiko"ning asosiy figurasi sifatida afsonalar qatoridan o‘rin egallashi mumkin edi...
Ya . U
Fikrlar