
G‘olib aniqlanmagan Qosimov va Xomyakov to‘qnashuvi haqida
3 mart kuni soat 3 (15:00)da Olmaliqda OKMK hamda “Andijon” klublari Superliganing yangi mavsumi 1-tur bellashuvi doirasida maydonga tushishdi. Uchrashuvdan oldin Olmaliqda qor yog‘di. Bir kun oldin ham maydon qor edi, ammo stadion ishchilari jamoalarning o‘yinoldi rasmiy mashg‘uloti uchun tozalashgandi. Kechasi bilan qor yog‘ib chiqqanligi bois o‘yin kuni ham maydon yana oppoq qor bilan burkangandi. Shunday bo‘lsa-da, stadionda yana katta brigadagi ishchi-xodimlar maydonni qordan tozaladilar.
Qor ham o‘yin boshlanishi arafasida to‘xtadi. Futbolchilar tabiiy va sifatli maydonda to‘p surdilar. O‘yin teng kurashlar ostida kechdi. “Andijon”ning asosiy tarkibida uch nafar yangi futbolchi debyutini o‘tkazdi. Dastlabki vazifa darvoza daxlsizligini saqlash edi va buni futbolchilar ishonchli tarzda bajardilar. Garchi havo sovuq bo‘lishiga qaramay, Andijondan ashaddiy muxlislar Olmaliqqa kelib, stadionda "Andijon"ni qizg‘in qo‘llab-quvvatlab turdilar. Bu ham futbolchilarga qo‘shimcha kuch bag‘ishlagani tabiiy. Birinchi bo‘limda “Andijon” sardori sifatida maydonga tushgan himoyachi Vladimir Bubanyada gol urish uchun juda qulay imkoniyat yuzaga kelgandi. U burchakdan uzatilgan to‘pni boshi bilan darvozaga yo‘lladi. Javohir Ilyosov Bubanyaning zarbasini qo‘li bilan arang maydon tashqarisiga chiqarib yubordi.
Shuningdek, “Andijon” posboni bir vaziyatda Ruxadzening boshi bilan yo‘llagan zarbasini qaytarib, u ham jamoasini goldan saqlab qoldi. Ikkinchi bo‘limda ham xafli hujumlar bo‘ldi. Ayniqsa, eng golga yaqini “Andijon” futbolchisi Bektemir Abdumannonovda bo‘ldi. OKMK jarima maydoni ichida jamoa sardori Sardor Rahmonovdan to‘pni olib qo‘ygan Bektemir hatto darvozabonni ham aldab o‘tib, darvozaga zarba berdiyu, biroq to‘p to‘singa tegib qaytdi. Mezbonlar ham gol urish uchun harakat qildi. Biroq “Andijon” darvozaboni va himoyachilari yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek, ishonchli o‘yin ko‘rsatdilar.
O‘yin esa 0:0 hisobidagi nursiz durang bilan yakun topdi. Endi “Andijon” keyingi turni 10 mart kuni o‘z maydonida Toshkentning “Bunyodkor” klubiga qarshi o‘tkazadi. Barcha muxlislarni “Bobur Arena”ga chorlaymiz. Bellashuv soat 15:00 da boshlanadi.
OKMK – “Andijon” – 0:0.
3 mart. Olmaliq. “OKMK sport majmuasi” stadioni. 890 tomoshabin.
Hakamlar: G‘ayrat Jo‘raev, Rasuljon Fozilov, Maksim Nexochin.
VAR: Rustam Lutfullin
AVAR: Roziyabonu Yusupova.
Zaxira hakami: Umidjon Rahimjonov
Nazoratchi: Konstantin Smirnov
Komissar: Sherzod Rajabov.
OKMK: Javohir Ilyosov, Akrom Komilov (Muqim Toshmatov, 88), Sardor Rahmonov, Mirjamol Qosimov (Giorgi Papava, 75), Avazbek O‘lmasaliev, Dilshod Ahmadaliev, Oybek Rustamov, Arixiro Sentoku (Murod Ermatov, 90+1), Irakli Ruxadze (Nodir Abdurazzoqov, 75), Milan Skrbich (Aziz Xolmurodov, 46), Xurshid G‘iyosov.
“Andijon”: Igor Litovka, Abduvohid G‘ulomov, Vladimir Bubanya, Islom Mamatkazin, Muhammadkarim Toirov (Levan Arveladze, 88), Sardor Azimov, Farhod Bekmuratov, Sherzod Esanov (Ilhom Abdug‘aniev, 46), Farhod Sohibjonov (Armin Boshnyak, 76), Bektemir Abdumannonov (Demir Imeri, 62), Luka Zgurskiy.
Ogohlantirishlar: Oybek Rustamov, 41. Irakli Ruxadze, 48 – Vladimir Bubanya, 27. Muhammadkarim Toirov, 83.
Fikrlar