
"Hakamlar haqida gapirmoqchi emasman, aybni ulardan izlamaylik" - Ro‘ziqul Berdiev ishtirokida matbuot anjumani
“Neftchi” – “Nasaf” (2:1) o‘rtasidagi uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanining dastlabki qismida mehmonlar bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiev ishtirok etdi.
- Bugun ikkita jamoa ham bir xil sxemada o‘ynagani uchun faqat tepadaga to‘plar uchun kurash bo‘ldi. “Neftchi” jamoasi buni yaxshi o‘zlashtirgan. Uzun paslar orqali yaxshi o‘ynaydi va standart vaziyatlarda ham yaxshi harakatlanadi. Bugun ham xuddi shunday bo‘ldi. Uzun to‘plar va to‘p uchun kurashlar ko‘p bo‘ldi. Ikkita vaziyatda, penalti va jarima zarbasidan osongina gol o‘tkazdik. Bu erda o‘yinchilarni ham xatosi bor va darvozabon ham xato qildi. Shuning uchun mag‘lubiyatga uchradik. “Neftchi”ni g‘alaba bilan tabriklaymiz.
- Birinchi bo‘limda yon hakamga e’tiroz bildirdingiz? Umuman, o‘yindagi hakamlikdan e’tirozingiz bormi?
- Hakamlikni muhokama qilmoqchi emasman. Lekin hakamlar maydonda eng muhim insonlar. O‘yinni qanday boshqarish ularga bog‘liq. Bugungi uchrashuvda hakamlar balki xatolar qilgandir, biroq muhokama qilmoqchi emasman. Hakamlar haqida ko‘p gapirib bo‘lganman. Shuning uchun aybni ulardan izlamaylik. Ba’zi vaziyatlarda hujumda o‘zimiz ham kutilganidek harakat qilmadik. Bunga bir nechta sabablari bor. “Neftchi” uzun paslar orqali o‘ynaydi. Biz bunga ko‘nikmaganmiz. Balki shu narsa bizga ozgina qiyinchilik tug‘dirgandir. “Neftchi” boshqa uchrashuvlarda ham shunaqa o‘ynaydi. Hujumchiga to‘pni oshiradi, kurashadi. Bu narsaga to‘g‘risi, kamroq tayyorgarlik ko‘rgandik. Lekin bilardikki, gol urilgan vaziyatlarda ehtiyotkorlik bo‘lishi kerak edi. O‘sha holatlarda ozgina e’tiborni yo‘qotdik.
- Akmal Mozgovoy nima uchun o‘yin qaydnomasiga kiritilmadi. Buni sababi nimada? Uning o‘rni maydonda sezilgandek tuyuldi.
- Albatta, u asosiy futbolchimiz. Bugun ertalab o‘yinda yordam bera olmasligini bildirgani uchun uni umuman qaydnomaga kiritmadik. Akmalning o‘rni bilindi. U bugungi uchrashuvda bizning asosiy rejamizda edi.
- Ikkinchi taymda jamoa markazda yutqazib qo‘ygandek tuyuldi. Bu yo‘qotishlar bilan bog‘liqmi?
- O‘ylaymanki, Mozgovoyning o‘rnida Umar yaxshi harakat qildi. Markazda emas, standart vaziyatlarda raqibga imkoniyat berdik. O‘rtada muammolar, bo‘sh joylar bo‘lmadi. Ko‘rdinglar, burchakdan to‘p uzatilgach, to‘p qo‘lga tegdi deyishdi, penalti qo‘yildi, keyin fol ishlatildi. Bular qimmatga tushdi.
- Bugun “Nasaf” mag‘lubiyatga loyiqmidi?
- Menimcha, bugun durang adolatliroq bo‘lardi. Chunki ikki jamoa ham bir xil taktikada o‘ynadi. Kam vaziyatlar bo‘lishini bilardik. Shu bois standart vaziyatlarga ko‘proq e’tibor qaratilishi kerak edi. Ular bundan yaxshiroq foydalandi. Umumiy qilib olsak, menimcha, teng kurashlar ostida kechdi. Ikkala jamoa ham bir xil imkoniyatlarga ega bo‘ldi.
- Lima Kruz hujumda yolg‘izlanib qolayotgandek. Ikkinchi davrada hujumda o‘zgarishlarni ko‘rishimiz mumkinmi?
- Asosiy muammoimiz hujum chizig‘i. O‘zlaring ham yaxshi bilasizlar. Yaxshi hujumchi olish uchun harakat qilyapmiz. Agar ma’qul keladigani bo‘lsa, albatta amalga oshiramiz. Lekin biz baribir oldingi chiziqqa bir-ikkita futbolchi olishimiz kerak bo‘ladi. Bu bizga juda zarur.
Fikrlar