Hakim Fuzaylov: "Bu 6 ochkolik o‘yin edi, jamoamiz g‘alabalarga tashna"

  • 21.05.2021 18:53
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol

Pro-liga 8-turi doirasidagi “Dinamo” – “Buxoro” (3:1) uchrashuvidan keyin mezbonlar bosh murabbiyi Hakim Fuzaylov matbuot anjumanida o‘yin borasidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

- Hakim Qayumovich, avvalambor muhim g‘alaba bilan tabriklaymiz. O‘yin borasida fikrlaringiz...

- Avval ham aytib kelganman, pro-ligadagi deyarli barcha jamoalarning kuchi teng va har bir bahs juda og‘ir o‘tadi. Bugungi raqibimiz - “Buxoro” oldida ham Superliga vazifasi turibdi, bu jamoa bejizga yuqori o‘rinlarda emas.

Meni xursand qilgan jihati jamoamiz tarkib jihatdan va umuman ayrim muammolarga qaramay, bu o‘yinga kuchli ishtiyoq bilan tushdi va maydonning har bir qarichi uchun kurashdi. Ha, o‘yin davomida xatolarimiz ko‘p bo‘ldi, hali yana uchrab turadi ham, chunki jamoa tarkibi yangi. Bugungi o‘yinimiz va futbolchilarim harakatidan qoniqdim. Yigitlar o‘yinida o‘sish kuzatilayotgani quvonarli. Muhimi o‘sishdan to‘xtamaslik.

- “Dinamo” Samarqanddagi va safardagi o‘yinlarida boshqa-boshqa jamoadek tasavvur uyg‘otmoqda. Ya’ni, o‘z maydonida yaxshi o‘yin namoyish etmoqda, safarda esa jamoani unchalik tanib bo‘lmayotgandek. Sizningchi, bu nima bilan bog‘liq?

- Sabablar ko‘p. Aytaylik, Urganch va Toshkentdagi o‘tgan o‘yinlardagi minimal mag‘lubiyatlarimizda ham jamoa “Xorazm” va “Oq-tepa”dan kuchliroq ko‘rindi, o‘yinda ustunlik qilgandi, ammo raqiblar yarimta vaziyatni golga aylantirishgan edi, biz esa imkoniyatlardan foydalana olmagandik.

- Raqibdan nimalarni kutgan edingiz va hozirgi taassurotlaringiz qanday?

- Bu bellashuvgacha ham “Buxoro” bilan o‘yin keskin, asabiy hamda shiddatli o‘tishini taxmin qilgandim va shunday ham bo‘ldi. Biz ham, “Buxoro” ham Superliga uchun kurashmoqda. Bu jamoaning tarkibida kuchli o‘yinchilar yig‘ilgan. Shu bois bu 6 ochkolik o‘yin edi. Ushbu bahsdagi g‘alaba orqali etakchilar guruhiga etib oldik.

- “Dinamo” joriy mavsumda ilk marta pro-liga peshqadamlaridan birini mag‘lub etdi. Bu jamoa yigitlariga qay daraja ta’sir qilishi mumkin?

- Jamoadagi barcha futbolchilarning jangovor ruhi oshishiga sabab bo‘ladi. Yutib turib ham o‘yin davomida bir-birimizga e’tirozlarimizni aytishimiz bu yaxshi, chunki jamoamiz g‘alabalarga tashna, barchamiz bir oilaga aylanganmiz. Navbatdagi turda 3 iyun kuni “Olimpik” bilan o‘tadigan bahsga qadar yaxshi tayyorgarlik ko‘rishimiz lozim.

- Yaxshi o‘yin namoyish etayotgan Jasur Hasanov va Oleg Marchukning almashtirilishi nima bilan bog‘liq?

- Marchukda charchoq alomatlari sezilgandi, qolaversa oyog‘idan kichik jarohati bor edi. Uning o‘zi almashtirishimizni so‘radi. Jasur Hasanov esa jarohatidan keyin sekin-asta o‘yin sur’atiga moslashmoqda. U tajribali o‘yinchi, hali bizga ko‘p yordam beradi.

“Dinamo” klubi matbuot xizmati.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!