
"Hammasi kutilmaganda bo‘ldi, bu men uchun yangi chaqiruv" - Pro ligada o‘ynagan futbolchimiz legionerga aylandi
Yaqinda yana bir hamyurtimiz – Mirkomil Lokaev legionerga aylandi. Muhammad Isaev singari u ham faoliyatini Indoneziya chempionatida davom ettiradigan bo‘ldi. Bungacha pro ligada Samarqandning "Yunired" jamoasi sharafini himoya qilgan.
Mahalliy “Persekat” jamoasi bilan shartnoma imzolagan Lokaev ilk bor legionerga aylangan holda faoliyatida oldinga qadam tashladi, deyish mumkin. Bu borada futbolchi Sports.uz saytiga dastlabki fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
- Mirkomil, avvalambor legionerga aylanganingiz bilan tabriklayman. Hammasi kutilmaganda sodir bo‘ldimi yoki oldindan rejalashtirganmidingiz?
- Tabrik uchun rahmat. Hammasi kutilmaganda bo‘ldi. 5 kun ichida hammasi hal qilindi.
- Bungacha "Yunired" sharafini himoya qilayotgandingiz. Birinchi ligadan darhol legioner maqomida to‘p surish sizga qo‘shimcha bosim o‘tkazmaydimi? Ya’ni, to‘liq tayyormisiz?
- Ha, shunday. Birinchi davrani “Yunired”da o‘tkazdim. Yo‘q, hech qanday bosim o‘tkazmaydi. Albatta, men tayyorman. Bu men uchun yangi chaqiruv.
- Siz uchun kutilmaganda tushgan ushbu taklifdan keyin nimani o‘yladingiz va birinchi bo‘lib kim bilan maslahatlashdingiz?
- Bu taklif men uchun har tomonlama ma’qul bo‘ldi. Oilam bilan maslahatlashdim va ular rozi bo‘ldi.
- Bu taklif bilan dastlab kim aloqaga chiqdi?
- Bu taklif haqida mening agentim Askara aytib qoldi. Indoneziyadan taklif borligi haqida ma’lum qildi. U agent asli indoneziyalik. Qolaversa, Muhammad Isaevning ham agenti hisoblanadi.
- Sir bo‘lmasa, Indoneziya klubi sizga qancha oylik maosh taklif qildi va shartnoma muddati qancha?
- Yaxshi maosh va 6 oylik shartnoma. Keyinchalik yana shartnomani uzaytirish sharti bor.
- U erda qaysi raqamni tanladingiz va nima uchun?
- Yangi jamoamda 2-raqamni oldim. Chunki men faoliyatim mobaynida 2-raqamda ko‘p o‘ynaganman.
- Yangi jamoangiz Indoneziya birinchi ligasida qatnashadimi, asosiy maqsadi qanday?
- Ularda Superliga 1-liga deb ataladi. Pro liga esa 2-liga deyiladi. Jamoaning maqsadi 1-ligaga chiqish. Buning uchun qo‘limdan kelganicha yordam bermoqchiman.
- U erda o‘zbekistonlik futbolchilardan sizdan tashqari yana bormi yoki bir o‘zingizmi? Moslashish qanday bo‘lyapti? Ko‘proq kim yordam beryapti?
- Jamoada o‘zbekistonlik futbolchi faqat o‘zim. Lekin boshqa jamoalarda hamyurtlarimiz bor. 1-ligada Javlon aka Guseynov o‘ynayapti. 2-ligada esa Muhammad Isaev, Ahror Umarjonov va Azamat Abdullaev ham bor va ular bilan har kuni gaplashib turaman. Bu erga ancha moslashib ketdim.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar