
Haqiqatni gapirsang, iste’foga chiqasan!
"Manchester Siti" bosh murabbiyi Xosep Gvardiolaga klub juda ko‘plab qoidalarni cheklab o‘tgani haqida nima deysiz, deb savol berishganida, ispaniyalik mutaxassis shunday javob qaytargandi:
"Men rahbariyatga ishonaman. Agarda ular meni aldashayotganini bilib qolsam, shu ondayoq jamoani tark etaman".
Doimo klub yomon natijalar qayd etishni boshlasa, murabbiy bunga vaj qilib ko‘rsatiladi. Shu bilan birga, muvaffaqiyatga erishsa ham, jamoa ustozi ardoqlanadi. Aslida har bir klubning yaxshi va yomon natijalar qayd etishida "yuqoridagilar"ning o‘ziga yarasha hissasi bo‘ladi, hatto "Manchester Siti"da ham.
Bir necha kun oldin Xavi matbuot anjumanida ayni paytdagi "Barselona" "Real"dek jamoalarga qarshi raqobatlasha olmasligi va iqtisodiy holat hali ham yomon ekanligini aytdi. Bu esa Joan Laportaga yoqmagan. Shu sababli, u "Almeriya"ga qarshi o‘yinga tashrif buyurmadi. Hozir klub ichida bosh murabbiyni qo‘llab quvvatlaydigan deyarli hech kim qolmadi. Laporta Xavini olib qolishga harakat qilganida ham, rahbariyatdagilarning ko‘pchiligi sobiq klub afsonasini bo‘shatish variantini ma’qul ko‘rishgan. Ernandesning eng katta dushmanlaridan biri bu Deku.
Deku so‘nggi yillarda klubning eski transfer siyosatini yo‘lga qo‘ymoqchi, ya’ni Braziliyadan iqtidorlarni topib kelish. Garchi, murabbiy buni qo‘llab-quvvatlamasa ham, ular Vitor Rokeni sotib olishdi. Kamiga bu transfer bonuslari bilan 60 million evroga tushgan (40+20). Hujumchi esa kelganidan beri 327 daqiqa maydonda harakat qildi. Bu jami 3 ta o‘yindan ko‘proq degani. Albatta bundan ham jahli chiqqan portugal uni ketishini istaydi va o‘z siyosatiga qarshi chiqmaydigan murabbiy topishga harakat qiladi.
Har transferlar oynasi ochilishi bilan siz ham kataloniyaliklar moliyaaviy holatini yaxshilash uchun qaysidir futbolchisidan qutulmoqchi ekanligi borasidagi mish-mishlarga ko‘zingiz tushadi. Bundan Frenki de Yong, Ronald Arauxo va Rafinya kabi futbolchilar charchashgani aniq. Shunchaki, ularni klubga bo‘lgan muhabbat ushlab turibdi. Aslini olganda, "Barsa" bu o‘yinchilar ketishni istasa, olib qolishga harakat ham qilib o‘tirmaydi. Molyaviy holatni yomonligi bor gap, buni yillar davomida to‘g‘rilay olmay, battar holatga olib kelayotgan rahbariyat endi haqiqatni aytgani uchun Xavini iste’foga chiqarmoqchi.
Katta ehtimol bilan, "Barsa"ning keyingi bosh murabbiyi kuchli mutaxassis yoki, nomdorroq inson bo‘lmaydi. Bu yoshlar jamoasida ishlayotgan Rafa Markes bo‘ladi. Sababi oddiy, u rahbariyatga umuman qarshi chiqmaydigan, haqiqatni aymaytdigan va faqatgina futbolchilarni maydondagi harakatlariga javob beraman, deydigan murabbiydir.
Fikrlar