Shomurodov bizga gol urgan! Yana bir superklub Eldor uchun kurashga qo‘shildi
2026 yildagi jahon chempionatida O‘zbekiston milliy terma jamoasi sharafini himoya qilayotgan Eldor Shomurodovning faoliyatida yana jiddiy o‘zgarishlar bo‘lishi kutilmoqda.
Turkiyadagi debut mavsumini yuqori darajada o‘tkazgan 30 yoshli legionerimizga ushbu mamlakatning eng qudratli jamoalaridan taklif bo‘lyapti. Yaqinda sports.uz portali “Fenerbahçe” klubi Shomurodovni yozgi transferlar davrida asosiy nishon sifatida belgilagani va o‘yinchini olish uchun harakat boshlagani haqida ma’lumot berilgan edi.
Endi Turkiyadagi nufuzli manbalar Eldor Shomurodov uchun kurashgan mamlakatning eng qudratli klublaridan biri “Trabzonspor” qo‘shilgani haqida axborot tarqatmoqda.
- Yangi mavsum oldidan hujum chizig‘ini kuchaytirishni maqsad qilgan “Trabzonspor” klubi yozgi transfer ro‘yxatiga “Istanbul Başakşehir” hujumchisi Eldor Shomurodovni kiritdi. Qora dengiz klubi 30 yoshli forvardning transfer shartlari bilan qiziqdi va “Başakşehir”ning transfer uchun talab qilayotgan summani bilib oldi, - deb yozdi ajansspor.com sayti mutaxassisi Ali Bozkurt.
Yana bir manba – “Sabah” nashrining xabar berishicha, “Trabzonspor” klubi mutasaddilari o‘tgan mavsumda Turkiya chempionatiga Italiyaning mashhur “Roma” klubidan kelgan Eldor Shomurodovning transferi bo‘yicha Istanbul klubi mutasaddilari bilan dastlabki muzokaralarni boshlab yuborgan.
Dastlab, trabzonliklar o‘zbek hujumchisining transferi bo‘yicha talablarni bilish uchun “Başakşehir”ga murojaat qilgan. Oxirgi ma’lumotlarga qaraganda, “Başakşehir” o‘zining asosiy yulduzini 15 million yevro evaziga qo‘yib yuborishi kutilyapti. Avvalroq, istanbulliklar yozning boshida Shomurodov transferidan 10 million yevro ishlab olishga rozi ekani haqida ma’lumotlar tarqatilgandi.
Ta’kidlash joizki, yakunlangan mavsum davomida Eldor Shomurodov muntazam “Trabzonspor” e’tiborida bo‘ldi. Chunki Superliga to‘purarlari poygasida o‘zbek hujumchisi trabzonliklarning nigeriyalik forvardi Prl Onuachu bilan o‘zaro raqobat olib bordi.
Chempionat yakunida 22 tadan gol urgan har ikki hujumchi “Oltin butsa”ga loyiq topildi. Eldor Shomurodov chempionatdagi gollaridan birini aynan “Trabzonspor” darvozasiga kiritgan edi.
Ayni paytda yuzaga kelgan vaziyatga ko‘ra, Eldor Shomurodov 2026 yildagi jahon chempionatidan qaytgach klubdagi kelajagi bo‘yicha muhim qaror qabul qilishiga to‘g‘ri keladi.
Hozirgacha o‘zbek hujumchisiga og‘z solgan ikki klub ham kelasi mavsum Yevropa miqyosidagi musobaqalarda qatnashadi. “Fenerbahçe” vitse-chempion sifatida UEFA Chempionlar ligasida o‘ynaydi. Turkiya kubogi sohibi bo‘lgan va ligani uchinchi o‘rinda yakunlagan “Trabzonspor” Yevropa ligasida qatnashadi.
“Istanbul Başakşehir” esa, “Trabzonspor” mamlakat kubogini qo‘lga kiritganidan keyin beshinchi o‘rin sohibi sifatida UEFA Konferensiyalar yo‘llanmasiga ega bo‘ldi.
Ekspert: Husanov hozir Ronaldudan kuchli!
Faizullaev bir gol bilan kolumbiyalik qizlar yoqimtoyiga aylandi
O‘zbekistonning mag‘lubiyatdan keyingi ishi meksikaliklarni hayratga soldi
O‘zbekiston mana shu futbolchilar sabab yutqazdi!

Fikrlar