
Hasanboy Do‘smatov Toshkentda titul uchun jang qiladimi yoxud unga raqib sifatida ikki variant bor
Xabaringiz bor, Toshkent shahrida juda katta professional boks oqshomi bo‘lib o‘tadi. 3 aprel kuni ushbu turixiy jang kechasi “Xumo” arenasida tashkil etiladi. Mazkur kechaning asosiy jangida ikki yo‘nalish (IBF, WBA) chempioni Murodjon Ahmadaliev o‘z titullarini himoya qiladi. Shuningdek, bir qator boksimiz yulduzlari ham ringga ko‘tariladi. Jumladan, Rio Olimpiadasi chempioni Hasanboy Do‘smatov ham navbatdagi jangini o‘tkazadi.
Biz bokschimizning ushbu voqeylikka oid fikrlari va bu boradagi ma’lumotlar bilan qiziqdik.
- 3 aprel kuni jang qilaman. Hozirda Andijonda tayyorgarliklarni olib bormoqdaman. Raqibim borasida aniq bir fikr ayta olmayman. Biroq, ikkita variant taklif etildi. Venesuelalik Aleks Dias (25-2, 17 KO) hamda tanzaniyalik Muhsin Kizotadan (11-2, 5 KO) biri raqib sifatida ko‘rilmoqda. Lekin viza masalasi va boshqa omillar tufayli raqiblar o‘zgarib ketishi ham mumkin. Shuning uchun bu borada aniq fikr aytish mushkul. Yana shuni qo‘shimcha qilishim mumkinki, jang 48,9 kg vazn toifasida interkontinetal kamari uchun bo‘lishi mumkin. Raqib kim bo‘lishidan qat’i nazar o‘z yurtimizda, xalqimiz ko‘z o‘ngida chiroyli jang o‘tkazib, g‘alaba qozonishga harakat qilamiz!
Ma’lumot uchun, Hasanboy Do‘smatov professional boksda ikki marta jang o‘tkazib, har ikkisida muddatidan avval g‘alaba qozongan.
Fikrlar