
"Himoyani "betonlab" tashladik, "Paxtakor" bilan o‘yinga faqat g‘alaba uchun boramiz" - Dilshod Komilov
“Andijon” jamoasining “Buxoro” maydonida qo‘lga kiritgan muhim g‘alabasidan mahalliy muxlislari shod bo‘lishyapti. “Burgutlar” haqli tarzda uch ochkoni qo‘lga kiritishdi.
Ayniqsa, jamoaning himoya chizig‘i juda ishonchli o‘yin namoyish etdi. Bu borada gap ketganda, iste’dodli himoyachi Dilshod Komilovni ham alohida e’tirof etsak arziydi. Boisi, raqib hujumlarini qaytarishda boshqalar qatori Komilov ham ancha faollik ko‘rsatdi. Uchrashuvdan keyin Dilshodga bir qator savollar bilan murojaat qildik.
- Uchrashuv haqida nimalarni ayta olasiz?
- Bizni qo‘llab-quvvatlab turgan muxlislarga rahmat. O‘yin qiziqarli bo‘ldi. Chempionat orasidagi 21 kunlik tanaffus hammaga bilindi, deb o‘ylayman. Chunki birinchi bo‘limda unchalik o‘yinimiz chiqmadi. Ikkinchi bo‘lim arafasida yigitlar bilan gaplashib oldik va yaxshi o‘yin ko‘rsatib, g‘alaba qozondik.
- Tanaffus paytida murabbiy qanday ko‘rsatma bergandi?
- Tanaffusda murabbiyimiz qiyin bo‘lishini ta’kidladi, yutqazishga haqqimiz yo‘qligini ta’kidladi. Bunday o‘yinni yutqazsak juda alamli bo‘lishini aytdi. To‘g‘ri ko‘rsatmalar berdi, taktik tomondan. Birinchi taymda o‘xshamagan narsalarni to‘g‘rilab, yigitlarni ikkinchi bo‘limga tayyorlab chiqardi.
- "Andijon" himoyani “betonlab” tashladi va raqibga deyarli imkoniyat qoldirmadi. Buni qanday uddaladinglar?
- Himoya hujumdan boshlanadi. Oldingi chiziqdagi jamoadoshlarimiz ham bizga katta yordam berdi. Shuning evaziga ularga deyarli imkoniyat bermadik. Hali xatolarimiz bor, yo‘q emas. O‘z ustimizda ishlab, keyingi uchrashuvlarga tayyorgarlik ko‘ramiz. Asosiysi, jamoaviy o‘yin. Bir-birimizni tushunib, hurmat qilib, xatolarimizni berkitib o‘ynashimiz evaziga menimcha himoyani “betonlab” tashladik.
- "Andijon" 12 ta o‘yinda durangsiz, 6 ta g‘alaba va 6 ta mag‘lubiyat qayd etdi. Sizningcha, durang kerak emasmi?
- Hammasi – g‘alaba ham, mag‘lubiyat ham, durang ham Xudodan. Durang bo‘lmayotgani tasodif bo‘lsa kerak. Bizga asosan g‘alaba kerak. Xudo xohlasa, bundan keyin ham muxlislarimizni xursand qilishda davom etamiz, degan umiddaman.
- "Andijon"dagi faoliyatingiz sizda ko‘proq nimasi bilan yodda qolyapti?
- “Andijon”dagi faoliyatim davomida shunga amin bo‘lyapmanki, juda futbol sevadigan xalq ekan. Muxlislar nihoyatda faollik bilan qo‘llab-quvvatlashyapti. O‘z stadionimizda o‘ynamayotganimizga qaramasdan ishqibozlarimiz qaerda bo‘lsak ham birga bo‘lib, olqishlab turibdilar. Shunisi bilan yodda qolyapti. Jamoamiz ham juda ahil. Kollektiv birinchi o‘rinda. Jamoaviy o‘yin yaxshi shakllangan.
- “Paxtakor”ni qanday yutish mumkin deb o‘ylaysiz?
- “Paxtakor” bilan uchrashuvga kelsak, bo‘lajak bahsga tayyorgarlik“Buxoro”ga qarshi o‘yindan keyinoq echinish xonasidan boshlandi. Biz “Paxtakor” bilan o‘yinga durang uchun bormaymiz. G‘alaba uchun boramiz. Faqat g‘alaba haqida o‘ylayapmiz. 29 iyun kuni nasib qilsa yana muxlislarimizni xursand qilamiz, degan umiddaman. Qo‘llab-quvvatlashda davom etaverishsin. Hammaga rahmat, rahbariyatga ham. Hokimiyat va “O‘zavtosanoat” rahbariyatiga ham minnatdorchilik bildiramiz, bizni qo‘llab-quvvatlashyapti. Bundan buyog‘iga ham barchani yuzini yorug‘ qilamiz, degan umiddaman.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar