
Husanov “Manchester Siti” qaroridan ranjiydi, lekin...
Yangi mavsum oldidan “Manchester Siti” tarkibini tartibga solib olishi talab etiladi. Bosh murabbiy Xosep Gvardiolaning o‘zi ham ixcham tarkib bilan ishlashni ma’qul ko‘rinishi, o‘yinchilarning zaxirada uzoq o‘tirib qolishini istamasligini aytdi.
“Shaharliklar” tarkibida avlodlar almashinuvi davom etmoqda. Bu jarayonda ayrim yangi o‘yinchilar ham o‘yin amaliyotiga ega bo‘lish uchun boshqa klublarga ijaraga beriladi.
“Manchester Siti” faoliyatini yoritib kelayotgan manchestercity.news sayti klubning transfer siyosati yanvarda kelgan o‘yinchilar – Vitor Reys va Abduqodir Husanovning do‘stona munosabatlariga qanday ta’sir qilishi haqida yozdi.
Sports.uz portali ushbu maqolani o‘zbekistonlik futbol muxlislari e’tiboriga havola etishni ma’qul topdi.
- Abduqodir Husanov “Manchester Siti”ni kim tark etayotganini bilib, qattiq ranjishi mumkin. O‘zbek futbolchisi o‘tgan mavsumda juda yaxshi taassurot qoldirdi.
Bosh murabbiy Xosep Gvardiola Husanovning kurashuvchan xarakteri, murakkab vaziyatlardan chiqish qobiliyati maqtovga loyiq ekanini ta’kidladi.
“Lans”ning sobiq vakili futbolchi sifatida zamonaviy futbolga juda mos. U juda muhim hisoblangan tezlik, texnika va o‘yinni o‘qish qobiliyatini o‘zida mujassam etgan.
Abduqodir mavsum davomidagi uchrashuvlarda Aleksandr Isak, Vinisius Junior va Luis Dias kabi top-forvardlarni to‘xtata olgani bejiz emas, albatta.
Husanov Angliyaga o‘zi bilan bir vaqtda kelgan Vitor Reysni o‘zining “Manchester Siti”dagi eng yaqin do‘sti, deb biladi. Biroq klub braziliyalik futbolchini kelasi mavsum uchun “Jirona”ga ijaraga jo‘natayotganidan xabar topsa, Abduqodir ranjishi tayin.
Jurnalist Nil Solaning ta’kidlashicha, “Jirona” shu yoz yosh braziliyalik himoyachini olish uchun bor imkoniyatini ishga solyapti. Ispan klubiga 19 yoshli markaziy himoyachining “ikkinchi qavat”da muvaffaqiyatli o‘ynay olishi va tezkor hujum boshlash mahorati ma’qul kelgan. “Jirona” bosh murabbiyi Michel bu futbolchi jamoaning o‘yin uslubiga yuz foiz mos ekanini bildirgan. Reysning o‘ziga bu variant ma’qul keldi.
Qizig‘i shundaki, Vitor Reys va Abduqodir Husanov Angliya kelganidan beri ingliz tilini mukammal bilmasa-da, muntazam o‘zaro muloqot qilib kelmoqda. Ular yangi jamoada bir-biriga o‘rganib, suyanib qolgan.
“Manchester Siti” muxlislari Vitor Reys ijaraga ketgan taqdirda ham jamoaning boshqa o‘yinchilari Abduqodir Husanovni yolg‘izlatib qo‘ymasligiga ishonyapti. “Siti”da Rodri, Ruben Diash va Erling Xoland kabi yosh himoyachini maydondan tashqarida ham qo‘llab-quvvatlashga tayyor futbolchilar bor.
Bundan tashqari, bir necha tillarda erkin muloqot qila oladigan Jeremi Doku yangi kelganlarning “Siti”ga moslashib ketishida doim ko‘makchi bo‘lib keladi. Husanov o‘zini yanada qulay his qilishi uchun Doku unga ham yordamlashishga tayyor.
Xosep Gvardiolaning o‘zi ham futbol olamidagi eng zo‘r motivatorlardan hisoblanadi va Husanovning o‘ziga bo‘lgan ishonchi yanada mustahkamlanishi uchun zarur so‘zlarni topa olishiga shubha yo‘q.
“Manchester Siti” o‘tgan mavsum muxlislar ishonchini oqlay olmadi. Bu gal futbolchilar xatoni to‘g‘rilashi lozim. Husanov jamoaning qayta oyoqqa turishida muhim rol o‘ynashi kutilyapti. Chunki “shaharliklar” himoya chizig‘i o‘zbek futbolchisi bilan ancha ishonchli ko‘rinadi, - deb yozdi manchestercity.news sayti eksperti Srinivas Sadxanand.
Eslatib o‘tamiz, “Manchester Siti” Angliya Premer-ligasining yangi mavsumini 16 avgust kuni safarda “Vulverxempton” bilan bo‘ladigan uchrashuv bilan boshlaydi.
Fayzullaevning ta’siri Shomurodovnikidan o‘tib ketdi
Tezkor: Fayzullaev TsSKAdan ketdi, keyingi manzil aniq
O‘zbek futbolchisi Londonning eng qadimiy klubi bilan shartnoma tuzdi
Fayzullaev birorta o‘zbek futbolchisi erishmagan natijani qayd etdi
Fikrlar