
Fayzullaevning ta’siri Shomurodovnikidan o‘tib ketdi
O‘zbekiston milliy terma jamoasi hujumkor futbolchisi Abbosbek Fayzullaev TsSKAdan Turkiyaning “Istanbul Bashakshehir” klubiga o‘tishi kutilyapti.
Turkiya Superligasida yuqori o‘rinlar uchun kurashishni maqsad qilgan bu klub yaqinda “Roma”dan Eldor Shomurodovni olib kelgan edi. Endi Abbos ham aynan mana shu jamoa sharafini himoya qiladigan bo‘lyapti.
Bugungi kunda milliy terma jamoamizning etakchilariga aylangan har ikki o‘yinchining faoliyatida Rossiya chempionati muhim ahamiyat kasb etadi. Eldor Shomurodov Evropaning “top-5” ligalari qatoriga kiruvchi A Seriyaga ko‘chib o‘tgunga qadar “Rostov” klubida uch yil to‘p tepgan edi.
Abbosbek Fayzullaev esa, 2023 yilning avgustida “Paxtakor”dan TsSKAga transfer qilingan va qisqa fursatda har qanday chempionatda yorqin o‘ynay olishini namoyish qildi.
Rossiyalik jurnaoist Aleksandr Troitskiy har ikki o‘zbek futbolchisining Rossiya futboliga ta’sirini o‘zaro qiyosladi.
Sports.uz portali ushbu materialni o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari e’tiboriga havola etishni ma’qul topdi.
- Abbos Rossiyada o‘zbek va Markaziy Osiyo futbolining targ‘ibotiga juda katta hissa qo‘shganini alohida ta’kidlashni istayman.
Albatta, Shomurodov ham “Rostov”da muvaffaqiyatli o‘ynagan. Lekin Fayzullaev moskvalik muxlislarni shunday o‘ziga maftun qilib qo‘ydi. Mamlakatda eng katta fan-bazaga ega klublar aynan Moskvada joylashgan.
“Armiyachilar”ning fanatlari Abbosni qanday izohlar va fikr-mulohazalar bilan kutib olishganini yaxshi eslayman. Endi uni qanday iliqlik bilan kuzatib qo‘yishayotganiga ham guvoh bo‘lib turibmiz.
Fayzullaev moskvaliklarning aksariyatida keyingi yillarda Markaziy Osiyo futbolchilari to‘g‘risida shakllangan stereotiplarni sindirib tashladi. Bu juda muhim omil.
Abbosning ko‘ngli ochiqligi va mehribonligi, shuningdek, jamoadoshlari palov tortib, qilgan mehmondo‘stligi joimo xotiralarda qoladi. Fayzullaevni har doim o‘z qadrdonlaridek qabul qilishlariga aminman, - deb yozdi Aleksandr Troitskiy.
Abbosbek Fayzullaev TsSKAdagi ikki yillik faoliyati davomida Rossiya Premer-ligasining bronza medali, mamlakat kubogi va Superkubogi sohibi bo‘ldi.
21 yoshli hujumkor futbolchimiz “armiyachilar” safida barcha turnirlarda 72 ta uchrashuvda ishtirok etib, raqiblar darvozasini sakkiz marotaba ishg‘ol qildi va jamoadoshlariga 22 ta golli pas uzatdi.
Shuningdek, Abbosbek Fayzullaev O‘zbekiston milliy terma jamoasining o‘z tarixida ilk bor jahon chempionatiga yo‘llanma olishiga munosib hissa qo‘shdi. Ikki yildan buyon xalqaro miqyosdagi bahslarda 27 ta o‘yin o‘tkazib, o‘z hisobiga sakkizta gol yozdirib qo‘ydi.
Husanov “Manchester Siti” qaroridan ranjiydi, lekin...
Tezkor: Fayzullaev TsSKAdan ketdi, keyingi manzil aniq
O‘zbek futbolchisi Londonning eng qadimiy klubi bilan shartnoma tuzdi
Fayzullaev birorta o‘zbek futbolchisi erishmagan natijani qayd etdi
Fikrlar