
Husanov o‘ynagan va 9 ta gol urilgan o‘yindan keyin yangi bosh murabbiy nimalar dedi?
Navbatdagi chempionatga yangi bosh murabbiy Uill Still qo‘l ostida tayyorlanayotgan “Lans” jamoasi mavsumoldi yig‘inlaridagi dastlabki sinov-nazorat uchrashuvini o‘tkazdi.
Jamoani o‘n kundan beri shug‘ullantirayotgan Uill Still boshchiligidagi murabbiylar shtabi o‘yinchilarning imkoniyatlarini bilib olish uchun bellashuvda deyarli tarkibda bor barcha futbolchilarni maydonga tushirishga harakat qildi.
“Lans”ning ilk raqibi Belgiya chempionati vakili “Kortreyk” jamoasi bo‘ldi. O‘yin yopiq eshiklar ortida o‘tkazilgani bois unga jurnalistlar va muxlislar qo‘yilmadi.
Ekspertlarning ta’kidlashicha, Uill Still “Lans”ni hujumkor o‘yin namoyish qiladigan jamoaga aylantirishga urinyapti. Belgiyaliklarga qarshi o‘tkazilgan uchrashuvda ham aynan mana shu uslub qo‘llanildi.
Gollarga boy bo‘lgan bellashuvda lansliklar raqibni 6:3 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. “Lans” gollarini Uesli Said, Ruben Agilar, Ismaelo Ganiu, Jimmi Kebot, Adrien Tomasson hamda Eli Vaxi kiritdi.
Hamyurtimiz Abduqodir Husanov ikkinchi bo‘limda maydonga tushirildi.
Bellashuvdan keyin bosh murabbiy Uill Still shogirdlari harakatlariga baho berdi.
Uchrashuv juda qiziqarli kechdi. Bu bahsdan asosiy maqsadimiz har bir futbolchiga 45-50 daqiqa harakat qilish, maksimal darajada intensiv o‘yin ko‘rsatish va maydonni yugurib uni his qilish imkonini berish edi.
Har bir futbolchining o‘yinga qo‘shgan hissasi katta bo‘ldi. Bir hafta tayyorgarlikni ana shunlay yuqori samaradorlik bilan yakunlash yoqimli va qiziqarli bo‘ldi. Bu kelajakka katta umid bilan qarash imkonini berganini ta’kidlashim lozim. Tabiiyki, hali oldinda qilinadigan ishlar ko‘p, xato-kamchiliklarni bartaraf etish kerak. Lekin hammaning ishga munosabati meni qoniqtirdi, - dedi Uill Still.
Tayyorgarlik jarayonida “Lans” jamoasi futbolchilari yana oltita uchrashuvda maydonga tushadi. Rejaga ko‘ra quyidagi o‘yinlar bo‘ladi:
12 iyul: “Lans” – “Tsrvena Zvezda” (Serbiya)
20 iyul: “Lans” – “Oud-Xeverli Lyoven” (Belgiya)
27 iyul: “Utrext” (Niderlandiya) – “Lans”.
3 avgust “Lans” – “Bayer Leverkuzen” (Germaniya)
7 avgust: “Lans” – “Versal” (Frantsiya)
10 avgust: “Lans” – “Lester” (Angliya)
“Lans”dagi vakilimiz Abduqodir Husanov bu bahslarda ishtirok etmaydi. Chunki 20 yoshli himoyachimiz Parij Olimpiadasida ishtirok etish uchun shu kunlarda O‘zbekiston U-23 terma jamoasiga borib qo‘shiladi.
Futbolchilarimiz yozgi Olimpiya o‘yinlarining guruh bosqichi doirasida 24 iyul kuni Ispaniya, 27 iyulda Misr va 30 iyul kuni Dominikan Respublikasi vakillariga qarshi saf tortadi. Har bir guruhdan dastlabki ikki o‘rinni egallagan terma jamoalar pley-off bosqichida sovrinli o‘rinlar uchun kurashni davom ettiradi.
Fikrlar