
O‘zi nima bo‘lgandi? Fayzullaevning o‘zi “Vilyarreal” masalasiga oydinlik kiritdi!
Abbosbek Fayzullaev TsSKAning mavsumoldi tayyorgarligidagi ilk goli muallifi bo‘ldi. “Birodarlik kubogi” xalqaro turnirida Serbiyaning OFK klubi bilan bo‘lgan bahsda moskvalik “armiyachilar” 4:0 hisobida zafar quchdi.
20 yoshli legionerimiz o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashib, quyidagi ma’lumotlarni aytdi.
Uchrashuv haqida
OFK bilan o‘yin yorqin chiqdi, muhit zo‘r bo‘ldi, muxlislarga rahmat. Hozir tez orada boshlanadigan yangi mavsumga tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Har doim yirik hisobda g‘alaba qozonish yoqimli bo‘ladi, ayniqsa, muxlislar ko‘p bo‘lsa.
Kelasi mavsumga tayyorgarlik ko‘rish uchun vaqtimiz oz, lekin biz harakat qilyapmiz. Hozir yangi murabbiylar shtabi bilan ishlayapmiz. Yangi mavsumda hammasi o‘xshashiga umid qilamiz.
Bosh murabbiy Marko Nikolich haqida
Nikolich menga juda yoqdi. U yigitlar bilan juda ko‘p muloqot qilyapti.
Birgalikda ko‘p narsani uddalashimizga umid qilaman.
“Vilyarreal” haqida
Hozir men TsSKA o‘yinchisiman va klub bilan shartnomam bor. Bitimga amal qilyapman. “Vilyarreal” bilan bog‘liq axborotlarni internetdan o‘qidim. Bu haqda o‘zimda aniq ma’lumotlar yo‘q.
Olimpiya o‘yinlari haqida
11 iyul kuni Olimpiya o‘yinlarida qatnashish uchun terma jamoa ixtiyoriga uchib ketaman. Musobaqaga maksimal vazifa qo‘yilgan. Ya’ni vatanimizga medallar bilan qaytish.
Klubdan ketishim borasida Marko Nikolich bilan suhbat uzoq vaqtni olgani yo‘q. Murabbiy bunaqasi hayotda bir marotaba bo‘lishi mumkinligini yaxshi biladi. Shunday qarorga kelgani uchun murabbiyga rahmat.
Eslatib o‘tamiz, Abbosbek Fayzullaev “Paxtakor” tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Bir necha pozitsiyada o‘ynay oladigan iqtidorli hujumkor futbolchi o‘tgan yili avgustda TsSKAga ko‘chib o‘tdi.
Rossiyadagi debyut mavsumida 32 ta uchrashuvda beshta gol va 14 ta assist muallifi bo‘lgan legionerimiz chempionatning asosiy kashfiyoti sifatida e’tirof etildi. Bugungi kunda Fayzullaevning transfer summasi 6 million evroga baholanmoqda.
Abbosbek tez orada Parij Olimpiadasidagi ishtirokini boshlaydi. Terma jamoamiz eng nufuzli musobaqaning guruh bellashuvlaridan pley-offga chiqish uchun kurash olib boradi.
Timur Kopadze shogirdlari 24 iyul kuni kvartetdagi ilk uchrashuvini favorit hisoblangan Ispaniya terma jamoasiga qarshi o‘tkazadi. Hamyurtlarimiz 27 iyulda misrlik charm to‘p ustalariga qarshi saf tortadi. Guruhdagi 30 iyulga belgilangan oxirgi bahsda O‘zbekiston terma jamoasi Dominikan Respublikasi vakillari bilan kuch sinashadi.
Fayzullaev Evropaning top-klublarida o‘ynay oladi!
TsSKA Fayzullaevning ketishiga ruxsat beradimi?
Fikrlar