
Husanovdan buni kutmagan edim...
Yozgi transferlar mavsumining eng kutilmagan kelishuvlaridan biri Belarus oliy ligasining musobaqa jadvalida eng quyi pog‘onada qayd etilgan “Energetik-BGU”ning o‘zbekistonlik legioneri Abduqodir Husanovning Frantsiya vitse-chempioni “Lans” jamoasiga ko‘chib o‘tgani bo‘ldi.
Ma’lumki, Frantsiya chempionatining yuvori divizioni – Liga 1 Evropaning eng kuchli besh chempionatidan biri hisoblanadi. Bu turnir iste’dodli futbolchilarni ko‘p kashf etishi bilan ajralib turadi.
Adolat nuqtai nazaridan ta’kidlash joizki, 19 yoshli Abduqodir Husanovning “Lans” skautlari nazariga tushishida Belarus chempionatining hissasi katta emas. Markaziy himoyachimiz 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi ikki musobaqa – Toshkentda o‘tkazilgan Osiyo chempionati va Argentina mezbonlik qilgan jahon chempionatida xorijlik mutaxassislar e’tiborini qozongani aytilmoqda.
Shunday bo‘lsa-da, Belarusdan o‘zbek futbolchining kuchli beshlik chempionatiga yo‘l olishi tarixiy voqea sifatida qayd etildi. Bungacha ushbu mamlakat futboli tarixida birorta o‘yinchi oliy ligadan “top-5” ligalaridagi sovrindor jamoaga ko‘chib o‘tishi kuzatilmagan edi.
“Energetik-BGU” jamoasida Abduqodir Husanov bilan birga o‘ynagan Aleksey Semyonov o‘zbek futbolchisining Frantsiya chempionatiga ko‘chib o‘tganiga munosabat bildirib, bu yosh o‘yinchilarga yaxshigina o‘rnak bo‘lishini ta’kidladi.
- Men Abduqodir Husanov birorta yaxshiroq klubga o‘tib ketishiga amin edim. Lekin “top-5” ligadagi jamoaga yo‘l olishi xayolimga ham kelmagan. Men u uchun xursandman va Frantsiyada ham o‘zini ko‘rsata olishiga ishonchim komil.
Bu transfer bizning yosh futbolchilarimizga etakchi chempionatlarga o‘tish imkoniyati borligini ko‘rsatib berdi. Buning uchun qattiq mehnat qilish va maqsad sari intilishdan aslo to‘xtamaslik talab etiladi.
Husanov boshqalarga qaraganda, o‘ziga ishonch bilan harakat qilishi, o‘yin sifatlari yuqori ekani, saviyasi yanada baland jamoalarda ham o‘ynay olish salohiyati avval-boshdan bilinib turar edi, - dedi Aleksey Semyonov.
Ta’kidlash joizki, Abduqodir Husanov “Bunyodkor” yoshlar jamoasida o‘ynagan bo‘lsa-da, professional futboldagi faoliyatini “Energetik-BGU” klubida boshladi. Hamyurtimiz Belarus oliy ligasida qariyb bir yarim yil minsklik “talabalar” jamoasida to‘p tepdi.
“Lans” yozda legionerimizni o‘z safiga qo‘shib olish uchun Belarus klubiga 100 ming evro miqdorida badal puli to‘ladi.
Abduqodir Husanov Frantsiya chempionatining beshinchi turida “Mets” bilan bo‘lgan o‘yinda debyutini nishonladi. Iste’dodli futbolchimizning o‘yini muxlisu mutaxassislar tomonidan yuqori baholandi.
Husanov Frantsiya chempionatida maydonga tushgan birinchi o‘zbek futbolchisi sifatida tarixda qoldi.
Fayzullaev qaerda o‘ynashi kerakligini aytishdi
Legioner mana shunday bo‘ladi: Zo‘rligini isbotlash uchun Fayzullaevga 45 daqiqa kifoya qildi!
O‘zbekiston va Rossiya to‘qnashuvida oltita gol bo‘ldi
Shomurodovni uyg‘otib qo‘yinglar...
Fanatlar Shomurodovdan nimani talab qilyapti?
Shomurodovdan qanday qilib maksimum foyda chiqarish mumkin?
Fikrlar