Husanovga antirekord uchun to‘rt daqiqa kifoya qildi, lekin...

  • 26 yanvar, 12:29
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
BEPUL PROPAN

O‘zbekiston milliy terma jamoasi markaziy himoyachisi Abduqodir Husanov Angliya Premer-ligasida debyutini nishonladi.

“Manchester Siti” bosh murabbiyi Xosep Gvardiola qishki transferlar davrida jamoaga olib kelingan uch nafar yangi ijrochidan ikkitasi – Abduqodir Husanov va misrlik hujumchi Umar Marmushni boshlang‘ich tarkibda maydonga tushirdi.

Raqib ham o‘ta jiddiy – Evropa Chempionlar ligasi yo‘llanmasi uchun kurashda “shaharliklar”ning ashaddiy raqobatchisi hisoblangan “Chelsi” edi. Shu bois, Gvardiola yangi o‘yinchilarni darrov boshlang‘ich tarkibda jangga tashlagani ko‘pchilik uchun kutilmagan holat sifatida baholandi.

Angliya chempionatining 23-tur uchrashuvi Abduqodir Husanovning bir umr yodida qoladigan darajada o‘tdi, desak mubolag‘a bo‘lmadi.

20 yoshli legionerimiz to‘qnashuvning ilk soniyalaridayoq Angliya futboli o‘zi porlagan Frantsiya chempionatidagi o‘yinlardan keskin farq qilishini tushunib etgan bo‘lsa ne ajab. Safarda o‘ynashiga qaramay, “Chelsi” futbolchilari ilk daqiqadan mezbonlar darvozasiga bosim uyushtirdi va birinchi bo‘lib yangi o‘yinchi Abduqodir Husanov xatoga yo‘l qo‘ydi.

Bundan Noni Madueke ustalik bilan foydalanib uchinchi daqiqadayoq hisobni ochdi. Bundan shiddat va bosimdan yuzaga kelgan xatoni alami tarqalmay turib, bir daqiqa ichida legionerimiz sariq kartochka ishlab oldi.

“Manchester Siti”da tarbiyalangan, lekin taqdir taqozosi bilan “Chelsi” yulduziga aylangan Koul Palmerga qarshi o‘ynagan Husanov qo‘polligi uchun jazolandi.

New York Times nashrining yozishicha, to‘rtinchi daqiqada ko‘rsatilgan sariq kartochka tufayli Abduqodir Angliya Premer-ligasida eng erta ogohlantirish olgan debyutant o‘yinchilardan biriga aylandi.

O‘zbek futbolchisigacha 2018 yili “Kardiff Siti” debyutanti Li Pelter eng tez ogohlantirilgan futbolchi sifatida intrekord sohibi bo‘lib turgandi.

Adolat yuzasidan aytish joizki, garchi Husanov yangi ligadagi ilk o‘yinida yana bir necha bor kichik xatolarga yo‘l qo‘ygan bo‘lsa-da, umumiy hisobda yaxshi o‘ynaganini ta’kidlash lozim. Husanov bellashuv davomida raqibning tezkor hujumchilarini to‘xtatib qolgan, ulardan to‘pni tortib olgan, darvozaga to‘g‘ri ketayotgan zarbani bloklagan holatlar ham bo‘ldi.

Eng muhimi, ilk daqiqalarda o‘tkazib yuborilgan to‘p “shaharliklar”ni ko‘proq va tezroq hujum uyushtirishga majbur qildi va natijada Gvardiola shogirdlari bellashuvni 3:1 hisobida o‘z foydasiga hal qila oldi.

Nima bo‘lgan taqdirda ham, maydonda 54 daqiqa harakat qilgan 20 yoshli legionerimiz Angliya chempionatida to‘p tepgan birinchi o‘zbek futbolchisi sifatida nomini tarixga muhrlab qo‘ydi.

“Manchester Siti” bosh murabbiyi Xosep Gvardiola, jamoaning bugungi kundagi eng zo‘r to‘purari Erling Xoland Abduqodir Husanovning kelajagi porloq ekani, moslashib olish uchun unga biroz vaqt kerakligini ta’kidlashdi.

Demak, Husanov ilk bor Angliya Premer-ligasi shiddatini o‘zini his qilib ko‘rdi. Bundan buyog‘iga unga ancha oson bo‘ladi.

“Manchester Siti” chempionatdagi keyingi o‘yinini 2 fevral kuni Londonda “Arsenal”ga qarshi o‘tkazadi. Abduqodir Husanovda “kanonirlar”ga qarshi o‘ynash immuniteti bor. Chunki hamyurtimiz “Lans” tarkibida Evropa Chempionlar ligasi doirasida “Arsenal”ga qarshi to‘p tepgan.  

Hujumkor legionerimiz Premer-ligadan yangi jamoa topdi

Husanovda bizda yo‘q sifatlar bor! Gvardiola Abduqodirning qaysi kuchli tomonlarini sanab o‘tdi?

“Liverpul” afsonasi Husanov transferiga qanday baho berdi?

Shomurodov jamoasida oxirgi imkon qoldi!

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!