
"Husanovni ko‘rsatib, ishlarimiz zo‘r deyish - kulgili" - Alisher Nikimbaev bilan katta intervyu (1-qism)
Taniqli xalqaro futbol mutaxassisi, Katar Futbol Assotsiatsiyaning katta texnik eksperti Alisher Nikimbaev bilan katta intervyu tashkil qildik. Suhbat jarayonida Nikimbaev O‘zPFL va umuman o‘zbek futbolidagi muammolar, Katanetsning murabbiylik faoliyati hamda Husanovning "Siti"ga o‘tishi haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
- Assalomu alaykum, Alisher aka. Avvalambor, karerangiz qanday davom etayotgani va kelajak rejalaringiz haqida qisqacha gapirsangiz?
- Va alaykum assalom. Kareram doimgidek davom etmoqda. Hozircha Qatar futbol assotsiatsiyasida ishlashda davom etyapman. Ko‘pchilik Jahon chempionatidan keyin Qatarda futbolga qiziqish hamda musobaqlar kamayadi deyishgandi. Biroq aksincha bo‘lmoqda. O‘tgan yili Osiyo kubogini, undan keyin esa 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasida Osiyo kubogini qabul qildik. Shuningdek, qit’alararo kubok hamda Frantsiya superkubogi ham o‘tkazildi. Bundan tashqari, yana 2 ta katta turnir kutib turibdi. Bu - 17 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Jahon chempionati va Arab kubogi. 17 yoshgacha bo‘lgan Jahon chempionatini kimdir katta turnir emas demasligi mumkin. Lekin yangi turnirda 24 ta emas, 48 ta jamoa ishtirok etadi va tashkiliy jihatlardan ham bir qator yangiliklar bo‘lishi kutilmoqda. Yana aytadigan bo‘lsam, o‘tgan yili O‘zbekistondagi ilk jahon chempionatida (futzal bo‘yicha) ishlash baxtiga muyassar bo‘ldim. Aslida, Kolumbiyada bo‘ladigan 20 yoshgacha bo‘lgan ayollar o‘rtasidagi jahon chempionatiga borishim kerak edi, lekin FIFA bilan kelishuvimizdan keyin Andijonga bordim. O‘tgan yili bizga aloqasi bo‘lmasa ham "Kopa Amerika"da ishlashga ulgurdim. Shunday ekan, davom etayotgan kareramdan kelib chiqib, o‘zimni baxtli inson deyishim mumkin.
- Ko‘pchilik Srechko Katanetsning yig‘inlarga ko‘p marotaba kela olmaganidan tashqari o‘yin uslubini ham keskin tanqid qildi. Ularning aytishicha, biz ham chiroyli o‘ynab, ishonchli tarzda raqiblarni mag‘lub etishimiz mumkin ekan. Xo‘sh, sizning Katanets haqidagi fikrlaringiz qanday?
- Katanetsni ishiga baho berish juda qiyin. Ko‘pchilikka uning o‘yin uslubi yoqmadi, ammo natijalar yomon emasdi. Mag‘lubiyatsiz seriya, to‘plangan ochkolar bundan dalolat. Qaysidir ma’noda Katanetsga berilgan tayyorgarlik imkoniyati boshqalarda bo‘lmagani ham haqiqat. Katanets 2021 yilda termani qabul qilib, ilk rasmiy o‘yinni 1 yildan so‘ng o‘tkazgan va u jamoani bemalol shakllantirishga vaqti bo‘ldi. Biroq oxirgi 1,5 yilda kasalligi sababli terma yig‘inlariga kelmasligi va onlayn tarzda mashg‘ulotlarni o‘tkazishi ham noto‘g‘ri bo‘ldi. Hammasi u baribir lavozimini tark etishiga qarab ketayotgandi. Shunday bo‘lsa-da, u O‘zbekiston futboli tarixida eng ko‘p o‘yin o‘tkazganlardan va g‘alabalar foizi bo‘yicha ham eng yaxshilaridan biri bo‘ladi. Katanetsga nisbatan ikki xil taassurot o‘rtasida qolamiz. Agar O‘zbekiston jahon chempionatiga chiqsa, 70 foiz ishni u qilgan bo‘ladi.
- Temur Kapadzega ayni vaqtda butun futbol jamoatchiligi ishonmoqda va uni pozitiv kutib olishdi. Nima deb o‘ylaysiz, Kapadze qo‘l ostida terma jamoamiz Katanets davridagidan ko‘ra yaxshiroq o‘yin va natijalar ko‘rsatishi mumkinmi? Umuman olganda, uning murabbiylik salohiyatiga qanday baho bera olasiz?
- Kapadzening termaga kelish davri biroz noqulay bo‘ldi. Katanetsning ilk jiddiy rasmiy o‘yinigacha deyarli ikki yil (Eronga qarshi bahs) vaqt bor edi, Temurda esa atigi ikki oy. Yaxshi hamki, yaqinda Qatarda yig‘in bo‘ldi. Nima bo‘lsa ham, bitta uchrashuv o‘tkazishga ulgurdi (Iordaniya bilan). Temur Kapadze bilan Qatarga kelganida gaplashdik. Bilamizki, Srechko 5 nafar himoyachi bilan, Temur esa 4 nafar himoyachi bilan o‘ynaydi. Biroq Kapadze tizimni o‘zgartirishga vaqt yo‘qligini va ishlayotgan mexanizmni buzib qo‘yishni istamayotganini aytdi. Shuningdek, u Katanets bilan ishlagan ayrim murabbiylarni ham qoldirmoqchi. Sababi, ular bilan hammasi osonroq bo‘ladi. Kapadze tanloviga kelsak, bu to‘g‘ri bo‘ldi. Sababi, Temur yaxshi natija ko‘rsatgan mahalliy murabbiylardan biri, xorijlik mutaxassis olib kelishga esa vaqt ham yo‘q. Bu Kapadze uchun yangi chaqiruv va o‘zini ko‘rsatish uchun imkoniyat. Aytganimdek, Katanets 70 foiz ishni qildi va u qolgan 30 foiz ishni qilsa, yana millat qahramoniga aylanadi.
- Ko‘pchilik mutaxassislar Superligada o‘zini ko‘rsatgan nomlarni termaga chaqirish kerak, tarkibda tez-tez rotatsiya qilish lozim, deyishadi. Yaqinda Masharipov bizga bergan intervyusida Superligada yaxshi o‘ynab qo‘ysa, termaga chaqirish kerak, degani emas kabi fikrni bildirdi. Sizning bu borada pozitsiyangiz qanday?
- O‘zi bu ancha qiyin savol. Sababi, har bir murabbiyning o‘ziga yarasha tanlovi bor. Misol uchun, siz yoki mendan eng yaxshi 11 nafar futbolchini tanlashni so‘rashsa, sizdagi 11 futbolchi, mening tanlovimdan keskin farq qilishi mumkin. Har bir futbol muxlisi va mutaxassisining o‘zi yaxshi ko‘rgan va kuchli deb bilgan o‘yinchilari bo‘ladi. Menimcha, kimga murabbiylik posti ishonib topshirilgan bo‘lsa, unga ishonish kerak va uning tanlovlarini hurmat qilish lozim.
- Abduqodir Husanovning "Siti"ga transferi so‘nggi paytlarda juda ko‘p muhokamalarga sabab bo‘ldi. "O‘zbek futbolini tanqid qilganlar, qanisizlar", kabi fikrlar ko‘p oldimdan chiqdi. Sizningcha, Husanovning "Siti"ga o‘tishi va bunday "katta sakrash" o‘zbek futbolida progress bo‘lganidan, hammasi yaxshi ishlayotganidan dalolatmi?
- Husanov O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi, o‘zbek. Biroq uni O‘zbekiston futbolining "mahsuloti" deyish qiyin. Sababi, 2022 yildan buyon O‘zbekiston klublarida o‘ynamagan va hattoki "Bunyodkor"ning o‘rinbosarlar tarkibidan o‘rin ololmagan. U Belorusga bordi va o‘sha erda o‘sdi. Shundan so‘ng U-20, olimpiya va milliy terma jamoamizga chaqirildi. Shuning uchun, Husanovni ko‘rsatib, ishlarimiz zo‘r deyish - kulgili. To‘g‘ri, talantlarimiz bor va buni avvaldan aytib kelganmiz. Shunday bo‘lsa-da, ularga imkoniyat yaratish kerak. Shunday holat vujudga keldiki, unga O‘zbekistonda hech qanday imkon berilmadi. U Belorusga bordi va u erda Husanov kashf qilindi. Shundan so‘ng "Lans"ga bordi va o‘zini ko‘rsatib, mana hozir "Siti" safiga ko‘chib o‘tdi. Shunday ekan, Husanovning o‘zini o‘zbek futbolidagi progress deb ko‘rsatish kulgili, nazdimda.
Intervyuning ikkinchi qismida O‘zPFLdagi kamchiliklar, boqimanda va kun o‘targa ishlayotgan klublar va Nikimbaevning futbolimizdagi muammolarga echimi bilan tanishish imkoniga egasiz. Intervyuning davomini ertaga 13:00da o‘qishingiz mumkin.
Karim Xudayqulov suhbatlashdi
Fikrlar