Igor Sergeev - xorijga yo‘l olish muammo emasligi, tanqidchilarga nimani isbotlashi, Babayan boshqaradigan jamoaga ketish yoki ketmasligi haqida

  • 22 dekabr, 2020, 23:09
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

Igor Sergeevni ruhan kuchli futbolchi desak, bunga hamma qo‘shilsa kerak-a? Samvel Babayan boshqaruvidagi terma jamoada to‘p surgan paytlarda unga bo‘lgan tanqidlar haddan ortiq edi.

Tecno

Ustiga-ustak bosim ham bu hujumchini ta’qib etayotgandi. Balki bunday paytda uning o‘rnida boshqasi bo‘lganida, bilmadik hozir qanday holatda bo‘lardi? Lekin ko‘rib turibsizki, Igorda hammasi yaxshi.

U “Paxtakor”da ishonchli futbolchilardan biri, hujumchi sifatida vazifasini bajarib gollar uryapti. Bir so‘z bilan aytganda, Sergeev ruhan kuchli o‘yinchi ekanligini ko‘rsatib berdi. Kuni kecha hujumchi sports.uz muxbirining bir qancha savollariga javob qaytardi. 

-  Igor, “Paxtakor” bilan O‘zbekistonda qo‘lga kiritish mumkin bo‘lgan barcha sovrinlarga ega bo‘ldingiz. Endi ruhlanishingiz uchun qanday sabab bor?

-  Sabab doim topiladi. Klub bilan qo‘lga kiritish mumkin bo‘lgan sovrinlar bor. Shuning barobarida individual mukofotlar ham topiladi. Masalan, eng yaxshi to‘purarga atalgan sovrin yoki eng yaxshi futbolchi...Futbolda ruhlanish uchun sabablar doim topiladi.

-  Yaqinda eshitdimki, chet elga ketar ekansiz. Bu siz uchun “Paxtakor”dagi oxirgi mavsum bo‘lib qoladimi?

-  Bu savolingizga tayinli javob berishim qiyin. Chunki hozir hech narsa aniq emas. Ertaga nima bo‘lishini hech kim oldindan ayta olmaydi. Qolaversa, xorijga chiqishim bilan bog‘liq aniq taklif bor deya olmayman. Hozircha bu haqda o‘ylashni istamayman. Chempionatdan so‘ng yuzaga kelgan tanaffus chog‘ida maza qilib xordiq chiqarish haqida o‘ylayapman.

sergeev3

-  Sizni tushundim, ammo chetdan sizda takliflar borligi haqidagi gaplar rostmi?

-  Chet eldan takliflar doim bo‘lgan. Gap taklifning qanchalik jiddiyligida. Xorijdagi jamoalardan biriga yo‘l olish muammo emas. Biroq o‘sha klubning darajasi qanday ekanligi o‘yinchi uchun katta ahamiyat kasb etadi.

-  Bu mavsumda 16 ta gol urdingiz. Bu ko‘rsatgich hujumchi sifatida sizni qoniqtiradimi?

-  Yo‘q, ko‘nglim to‘lmadi. 16 ta gol - baribir bu unchalik yuqori ko‘rsatgich emas. Bundoq olib qaraganda 16 ta golga mualliflik qilish ham yomon natijadek ko‘rinmaydi. Qolaversa, asosiy tarkibda o‘ynamagan paytlarim ham bo‘lganini esdan chiqarmaslik kerak. Inson muayyan bir natijaga erishgani bilan kifoyalanib qolmay, bundan ham ko‘prog‘ini istaydi. Menda ham bunday istak yo‘q emas.

-  Jamoadoshingiz Dragan Cheran bu yil ham yana to‘purar bo‘ldi. Agar u bo‘lmaganida o‘zim to‘purar bo‘lardim, deb o‘ylaysizmi?

-  Yo‘q, bu to‘g‘ri qo‘yilgan savol emas. Men bilan birga o‘ynagan futbolchilarsiz hozir shu darajamga chiqmagan bo‘lardim. Maydonda birga o‘ynar ekanmiz, bir-birimizga yordam berish payida bo‘lamiz. Cheransiz shuncha uchrashuvni yutmagan bo‘lishimiz ham mumkin edi. Bu savolingizga javob berishim yana qiyin bo‘layotganini aytishim kerak. Bizning 10-raqam egasi juda yaxshi futbolchidir.

-  Sizning “Paxtakor”dagi keyingi taqdiringiz bevosita Arveladzening ketishiga qanchalik bog‘liq?

-  Har qanday holatda ham bosh murabbiy – bosh murabbiydir. Klubda yakuniy so‘zni aynan bosh murabbiy aytadi. Agar ustozingiz bugun maydonga tushmaysan desa uning ko‘rsatmasiga amal qilishingizdan boshqa chora qolmaydi. Ammo kishida ham tanlash ixtiyori bor va taqdirini o‘zi hal qiladi. Agar “Paxtakor”da qolishni istasam, shu erda o‘ynayveraman. Hammasi faqat istak va xohishimga bog‘liq. So‘nggi pallada Arveladze qarorim yuzasidan maslahat berishi mumkin xolos.

sergeev

-  Igor, siz ruhan kuchli futbolchi ekaningizni ko‘pchilik bildi. Ayniqsa, milliy termada sizni tanqid qilganlarida bu hol sizni yanada kuchli qilgandek. Buni qanday engib o‘tdingiz?

-  Buni o‘zim ham bilmayman. Kishi irodali bo‘lmog‘i kerak. Aks holda atrofdan bo‘layotgan gap-so‘zlar va tanqidlar tufayli ruhan sinishi va o‘zini butunlay tiklay olmasligi ham mumkin. Birinchi navbatda inson kuchli ekanligini o‘ziga isbotlab berishi kerak. O‘zimni ruhan o‘ta kuchli, shuning barobarida juda kuchsiz ham deya olmayman. Men buni 100 foiz ishonch bilan aytishim mumkin. Gohida hammasiga qo‘l siltab ketadigan holatlar ham bo‘lgan. Ammo kishi ichidagi his-tuyg‘uni jilovlay olishi kerak. Tanqidchilarga javob berishning eng yaxshi yo‘li o‘z ustida ishlash va maydonda nimalarga qodirligini isbotlab berishdadir. O‘ylaymanki, men bu masalada tanqidchilarimga o‘zim haqimdagi fikrlari noto‘g‘ri ekanligini isbotlab bera oldim.

-  Muxlislar doim sizni Babayanning futbolchisi deb gapirishadi. Lekin ko‘rdikki, Shota Arveladze jamoasida o‘z kuchingizni ko‘rsata oldingiz. Agar Babayan sizni o‘z klubiga taklif qilsa ketasizmi?

-  Muxlislar men haqimda doim Babayanning o‘yinchisi deyishganmi? Yo‘q, bu kabi gaplarga qo‘shila olmayman. Ular xato qilishadi. Hammasi jurnalistlardan biri shu haqida yozishni maqsad qilganidan so‘ng boshlangan. Keyin esa ishqibozlar o‘sha maqoladagi gapni ushlab o‘zlariga shior qilib olishgan. Babayan boshqarishi mumkin bo‘lgan jamoaga borishim mumkinmi? Bir narsa deya olmayman, hammasi istak va xohishga bog‘liq. Ertaga va indinga nima voqea bo‘lishini hech kim oldindan bilmaydi. Bilmadim, rostini aytsam, bu haqida umuman o‘ylamayapman ham.

-  Yoqtirgan futbolchingiz kim?

-  Aniq kumirlarim yo‘q. Ammo menga Ronaldu, Levandovski, Benzema kabi hujumchilar o‘yinini kuzatish yoqadi. Shuninglek, “Liverpul”dagi Manening maydondagi o‘yinini kuzatishni yoqtiraman.  Qaysi klubga muxlislik qilishmi, men aniq bir gap ayta olmayman. Chunki bola yoki o‘spirin emasman. Bolalik paytida odam “Manchester Yunayted”, “Real” yoki “Barsa”ga muxlislik qilishi mumkin. Odam yoshi o‘tib borib tajribasi osharkan, “Real”da to‘p surishi mumkin emasligini tushunib etganidan so‘ng, voqelikni teran his qiladi. To‘g‘ri, har qanday futbolchi top-5 chempionatlaridan birida to‘p surishni istashi tabiiy. Men ham bunday istakdan mustasno emasman. Ammo bolalar kabi orzular osmonida uchadigan yoshdan ham o‘tganimni aytishim darkor.

sergeev2

-  Matbuotda o‘zingiz haqingizda yozilgan maqola yoki suhbatlarni o‘qib turasizmi?

-  Juda qiziqarli savol. Yo‘q, o‘qimayman. To‘g‘ri, oldinlari o‘qib turardim, ammo bir qancha asosli sabablar yuz berganidan so‘ng o‘qishni bas qilganman. Menga ba’zida jamoadoshlarim yoki tanishlarim sen haqingda falon, falon gaplarni yozishibdi, deb aytib qolishadi. O‘zim haqimdagi yozilgan narsalarni o‘qishga juda ham oshiqavermayman.

-  Masharipov “Paxtakor”dan ketsa, bu klub uchun katta yo‘qotish deb o‘ylaysizmi?

-  Ha, bu “Paxtakor” uchun katta yo‘qotish bo‘ladi. Lekin hayotda inson o‘z kelajagini hal qiladi. Ammo Masharipov ketishi bilan “Paxtakor” inqiroz ko‘chasiga kirib qoladi, degan xulosaga kelish ham yaramaydi. Masharipovni ham tushunish mumkin. Agar u ketishga qaror qilsa, bu qarorini faqat hurmat bilan qabul qilish kerak bo‘ladi xolos. Demak u o‘zi uchun qaysi yo‘l to‘g‘ri bo‘lishini biladi.

-  Ba’zi futbolchilarimiz Osiyo mamlakatlariga ketyapti. Ammo biz sizni Rossiya yoki boshqa Evropa chempionatlarida o‘zingizni sinab ko‘rishingizni ham istardik...

-  Ko‘pchilik Osiyo mamlakatlariga faqat o‘sish uchun bormaydi, balki moliyaviy imkoniyatini yaxshilash maqsadida ham boradi. Rossiya, Evropadagi klublardan takliflar tushsa futbolchining o‘ylanishiga hojat qolmaydi. Misol tariqasida oltinchi divizionda o‘ynaydigan futbolchi ham maoshdan qanoatlanmay boshqa bir sohada ishlash orqali pul topadiku. Qaysi futbolchi Evropada o‘ynashni istamaydi, hamma xohlaydi. Jumladan, men ham. Lekin hayotda hammasi kishi o‘ylagandek yuz beravermasligini to‘g‘ri qabul qilish kerak.

-  Masalan, siz ham o‘z vaqtida Xitoy va BAA chempionatlarida to‘p surgansiz. Lekin bu unchalik muvaffaqiyatli chiqmagan...

-  O‘ylaymanki, har bir savolga bergan javoblarimni o‘zgartirmasdan yoki nimadir qo‘shib ishlatmasdan borligicha yozasiz. Futbolchining o‘yini har doim ham o‘zi o‘ylagan darajada chiqavermaydi. Hatto buyuk o‘yinchilarning ham maydonda borligi sezilmay qoladigan uchrshuvlar ham kuzatiladi.

sergeev4

-  Italiya A seriyasida to‘p surayotgan Eldor Shomurodovni diqqat bilan kuzatyapsizmi? U erda o‘zini ko‘rsata olarmikin?

-  Ha, Shomurodovning o‘yinlarini kuzatib boryapman. To‘g‘ri, doim ham emas, ammo ilojini topishga harakat qilaman. Savolni sal noto‘g‘ri qo‘ydingiz chamamda, u Italiyada o‘ziga bildirilgan ishonchni oqlay oladimi? Yo‘q, savolni bu tarzda qo‘yish to‘g‘ri emas. Uning “Jenoa”da o‘ynab ketishi tarafdoriman. Shomurodovga muxlislik qilishda davom etaman xolos. Ishonchni oqlaydimi yoki yo‘qmi, bunday gaplar unchalik to‘g‘ri kelmaydi.

-  Sizning o‘yiningizni kuzatar ekanmiz, ajoyib holatlarga ham guvoh bo‘lamiz. Masalan, o‘ta qulay imkoniyatdan gol ura olmasligingiz mumkin, biroq qiyin vaziyatda gol ura olasiz. Bu sizga yoqadimi?

-  Hujumchi sifatida har doim gollar urishni xohlayman. Bor gap shu. Shuning uchun ham mashg‘ulotlarda ter to‘kaman. Futbolda ko‘p narsa turli omillarga bog‘liq bo‘ladi. Gohida juda qulay vaziyatni xavoga sovurishingiz, ba’zida esa gol urish mumkin bo‘lmagan holatda raqib darvozasini ishg‘ol etishingiz yuz beradi. Asosiysi, futbolchi bir joyda to‘xtab qolmasligi kerak.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
FANAT-MYU
23/12/2020 06:18
Ey Shuncha gapirsang ham baribir qurib qolgan To‘nkasan to‘nkaligingcha qolasan Bunga Sabab Babayan amaking