
Ijarada o‘ynayotgan legionerimizga nima yoqmadi yoxud terma jamoamizning Osiyo chempionatida imkoniyati qanday?
O‘zbekiston mezbonlik qiladigan U-23 Osiyo chempionati ham boshlanish arafasida. Endi barchamizning nigohimiz ushbu qit’a birinchiligiga qaratiladi.
Timur Kapadze bosh murabbiylik qilayotgan vakillarimizdan esa umidimiz katta. Musobaqa oldidan terma jamoamizning etakchi o‘yinchilaridan biri – Odil Abdumajidov ayrim savollarga o‘z fikrlarini aytib o‘tdi.
- Terma jamoamiz mezbon sifatida U-23 Osiyo chempionatiga tayyorgarlik ko‘ryapti. Musobaqadan oldin nimalarni o‘ylayapsiz va tayyorgarlik qanday ketyapti?
- Osiyo chempionati bahslari uchun tayyorgarligimiz juda yaxshi o‘tyapti. Biz o‘z maydonimizdagi musobaqada ijobiy qatnashib, Xudo xohlasa har bir o‘yinda g‘alaba qozonishni o‘ylayapmiz. Bu turnir yurtimizda o‘tadi. Garchi raqiblar o‘zimizdan ikki yosh katta bo‘lsa ham Osiyo chempionati bizda o‘tkazilishi jamoamizga kuch beradi.
- Musobaqaning mamlakatimizda o‘tishi jamoamizga ortiqcha muammo tug‘dirmaydimi? Aytaylik, bosim bo‘lishi mumkin. Har holda qo‘shimcha mas’uliyatni yuklashi aniq.
- Xalqimiz oldida to‘p surish qiyinchilik tug‘dirmasa kerak, deb o‘ylayman. Bu hol bizga foydali bo‘ladi, deb umid qilaman.
- Guruhimizda Eron, Qatar va Turkmaniston terma jamoalari joy olgan. Dastlabki uchrashuvni turkmanistonliklarga qarshi boshlaymiz. Sizningcha, guruhimizdagi asosiy raqib kim?
- Bu yosh toifasida jamoalar qanaqa bo‘lishini oldindan bilib bo‘lmaydi. Ayni paytda birinchi turda Turkmaniston terma jamoasiga qarshi o‘yin uchun tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Ilk uchrashuvni yaxshi o‘tkazib olsak, keyingi o‘yin haqida o‘ylaymiz. Hozir esa faqat Turkmanistonga qarshi uchrashuv haqida o‘ylayapmiz.
- Asosiy maqsadimiz xususida gapirsangiz va imkoniyatimizni qanday baholaysiz?
- Xudo xohlasa, chempionlik uchun imkoniyatimiz etarli. Musobaqa davomida barchasini bilib olamiz. Lekin bizni tayyorgarligimiz yaxshi. Shunga yarasha barchasiz biz uchun ijobiy bo‘ladi, degan umiddaman.
- Osiyo chempionatida yana qaysi terma jamoalarni chempionlik uchun favorit deb o‘ylaysiz va yana syurpriz ham ko‘rishimiz mumkinmi?
- Har musobaqada bo‘lgani kabi Yaponiya, Janubiy Koreya termalari favoritlar qatorida bo‘lsa kerak. Lekin, albatta bir nechta syurpriz ko‘rsata oladigan jamoalar ham bo‘ladi.
- Bu yil ilk bor legioner sifatida Qozog‘iston chempionatida faoliyat olib boryapsiz. Ayting-chi, “Ordabasi”dagi ishlaringiz qanday?
- Klubimdagi ishlarim ko‘ngildagidek. U erdagi barcha narsadan ko‘nglim to‘q. Shunday ne’mat berganiga Xudoga shukr.
- Legioner o‘yinchiga aylangach, o‘zingizda qandaydir o‘zgarishlarni his qilyapsizmi?
- Qozog‘iston chempionatining saviyasi yaxshi. Shu bois ularning chempionati oldinga qarab ketyapti. Har bir klubida yuqori darajadagi legionerlari bor. Ajablantirgani shu bo‘ldiki, 5-6 ta klub sun’iy qoplamali maydonda o‘ynaydi. Shu tomoni biroz yoqmadi.
- “Ordabasi”dan keyingi rejangiz qanday? U erda yana qancha muddat qolmoqchisiz? Takliflar ham bo‘layotgan ekan...
- “Ordabasi” klubiga bir yilga ijaraga borganman. “Metallurg” bilan yana ikki yillik shartnomam bor. Maqsadlarim faqat oliy. O‘zimni har tomonlama ko‘rsatib, yanada kuchli klublarga o‘tmoqchiman. Lekin hozircha takliflar haqida eshitmadim. Ochig‘i, bunga e’tibor ham bermayapman. Bu yilni yaxshilab o‘tkazib olsam, keyin ota-onam bilan o‘ylab ko‘ramiz.
Fikrlar