
Ikkinchi yoshligini o‘tkazayotgan Paulo Dibala
Bundan 10 yil oldin "Palermo"da 9-raqamda harakat qilayotgan Dibala ismli bir yigitcha ajoyib harakatlari, futbolchilardan o‘tib ketayotgani va darvozaga uzoq masofadan urayotgan gollari orqali top klublar e’tiboriga tushadi. Transferni esa "Yuventus" ilib ketdi va argentinalik futbolchi boshqa darajaga chiqdi. Keyingi yillarda Paulo turinliklar bilan "Barselona"ni pley-offda chiqarib yuborgani, ChL finaliga etib borgani-yu, qatorlatib A Seriya chempioni bo‘lganligi bilan esalanadi. Ammo qahramonimizning keyingi faoliyatida boshqalar kabi past-balandliklar bo‘ldi.
Messining izdoshi
2017 yil bahor oyi. "Barselona" PSJni tarixiy kambek qurboni qilib, chorak finalga yo‘l olgan va keyingi raqibidan ham o‘tib, yarim finalga chiqishi kutilayotgan payt. Ammo Italiyada bir jamoa bor ediki, klub Messi va uning do‘stlarini to‘xtatadi.
Yarim soat ichida Dibala kataloniyaliklar darvozasini ikki bora ishg‘ol qildi. Dastlabki golda qanotdan Kuadrado unga pas berdi, vinger esa aylanib olib, zarba yo‘lladi va Ter Shtegen ojiz. Ikkinchisida chap qanotdan uyushtirilgan hujumni Paulo chiroyli yakunlab qo‘ydi. Barchani nigohi unda. Qanday qilib bu yigitcha osonlik bilan gol urib ketyapi? Nahotki terma jamoadagi ishlar uchun Messidan alamini olayotgan bo‘lsa? Ha, Dibala milliy jamoada Lionel bilan o‘ynash men uchun biroz qiyinroq, degani uchun muxlislar tanqidiga uchragandi. Ayrimlar uni ustidan kulib, ko‘chadagi do‘stlaring bilan futbol o‘ynash qiyinroq bo‘ladi, lekin Messi bilan emas, deb kinoya ham qilishgan. Aslida ham u to‘g‘ri gapirgandi. Ikkalasi ham chapaqay, ikkalasi ham kuchli texnikaga ega, ikkalasining pozitsiyasi bir xil. Ularni solishtirish ham boshlangan paytlar. Argentina bo‘lsa qiynalib, JChga yo‘l oladi va guruhdan chiqiboq turnir bilan xayrlashadi. Xorxe Sampoali Dibalaga ko‘p ham imkon bermadi, lekin bu ishi uchun qattiq tanqid qilingani ham yo‘q. Keyingi yillarda nafaqat terma jamoa balki klubida ham Dibala uchun og‘ir damlar boshlandi.
Ronaldu bilan ham o‘ynash qiyin
Dibala Messi va Ronaldu bilan birga o‘ynagan kam sonli futbolchilardan hisoblanadi. Shu bilan birga, uning ikkala afsona bilan til topishishi qiyin ham bo‘lgan. Krishtianu turinliklar safiga ko‘chib o‘tganidan keyin bir mavsum oldin 34 ta golda ishtirok etgan argentinalikning maydondagi daqiqalari nisbatan kamayib, gol+pas tizimida 14 ball to‘pladi. O‘shanda Ronaldu va Dibalani bir maydonda o‘ynatish qiyin, degandi Sarri. Keyingi yillar ichida rahbariyat tomonidan amalga oshirilgan noto‘g‘ri ishlar natijasida "Yuventus" ham qulashni boshladi. Qulayotgan minoradan esa Ronaldu Manchester shahriga yo‘l oldi. Har yili Italiyada oson chempion bo‘ladigan "Keksa sinora" to‘xtatildi. O‘sha paytlarda Dibalaning faoliyatida ham pasayishlar yuz bergandi. Bir paytlar Messining izdoshi, terma jamoada asosiy lider bo‘lishi kutilgan futbolchining asosiy tarkibga kiritilishi qiyin masala bo‘lib qoldi. Uning o‘rniga Ronaldu va Morata juftligi ma’qul ko‘rilardi. Shu bois ham Paulo 2020/21 mavsumda 26 tagina bahsda maydonga tushdi. Krishtianu ketganidan keyin bu raqamlar ko‘paygan bo‘lishi mumkin, lekin klub u bilan shartnomani yangilamadi.
Qaytish
2022 yilning yoz oyida Dibala o‘ziga yangi klub qidira boshladi. Top klublardan umid qilish qiyinroq, lekin "Inter" kurashda bor edi. Argentinalik futbolchi bo‘lsa taklifni qabul qilmadi. Umuman uning niyati Italiyada qolish emasdi. Yakunda "Roma"ni tanladi va tovon puli 12 million evro qilib belgilandi. Dibala dastlabki mavsum uchun yomon statiska qayd etgani yo‘q, 38 o‘yin, 18 ta gol va 7 ta assist. A seriyada 12 marta raqiblar darvozasini ishg‘ol qilgandi. Sekin-sekin natijalar yaxshilanib bormoqda. Bu mavsum qahramonimiz chempionat doirasida allaqachon 12 ta gol urib bo‘ldi. De Rossi jamoani qabul qilib olganidan keyin "Roma" ham jonlandi. A Seriya doirasida bo‘lib o‘tgan "Torino"ga qarshi bahsda Dibala uch bora raqiblar darvozabonini ranjitdi. Gollardan biri shunchaki shedevr edi. "Torino" bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ham vinger o‘z hisobiga bitta gol yozdirib qo‘ydi. 30 yoshga to‘lgan Paulo o‘zining pik davriga qaytayotgandek. Faqat bu safar sinmas bo‘lib, chunki eski xatolardan xulosa chiqarilgan.
Fikrlar