Ilhom Mo‘minjonov: "Ruhan tayyor emasligimiz bilinib qoldi"

  • 16.05.2021 22:26
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol

Bugun pro-liganing 7-turida Farg‘onaning “Neftchi” jamoasi o‘z maydonida “Sho‘rtan”ni qabul qilib, 2:0 hisobida g‘alaba qozondi. Uchrashuv yakuniga etganidan keyin “Neftchi” ustozi Ilhom Mo‘minjonov bahs xususida shunday dedi:

 - Bugungi g‘alaba bilan barcha muxlislarimizni tabriklab qolaman. O‘yin qiyin kechdi, deb o‘ylayman. Chunki har bir futbolchi va murabbiy jamoalarning natijalarini hisobga olib harakat qiladi. Shundan kelib chiqib, bugun ruhan tayyor emasligimiz bilindi. Lekin qiyinchilik bilan bo‘lsa ham baribir jamoamiz bugun g‘alaba qozondi.

Ochko yig‘ib oldinga intilamiz. Maqsadimiz esa birinchi o‘rinni qo‘lga kiritib, Superligaga yo‘l olish. Keyingi "Oq-tepa" jamoasi bilan bo‘ladigan o‘yinimiz oson kechadi, deb o‘ylamayman. Chunki "Oq-tepa" klubi yaxshi shakllangan. Shuning uchun bu bellashuvga jiddiy tayyorgarlik olib boramiz.

Doston Toshmatovga kelsak, uning diskvalifikatsiyasi yakuniga etdi. Ertadan boshlab jamoamizning mashg‘ulotlariga qo‘shilishi kutilmoqda. Uni ikkinchi davra o‘yinlariga tayyorlaymiz va ro‘yxatga kiritamiz. Doston o‘tgan yili pro-liganing to‘purari bo‘lgan va saviyasi yuqori darajali futbolchi.

Pozitsion o‘yinga tayyorgarlik ko‘rgan edik. Sababi, bizga qarshi bellashuvda har bir jamoa himoyadan o‘yin ko‘rsatadi. Bugun markazda va hujum chizig‘imizda ko‘plab xatolarga yo‘l qo‘ydik. Lekin kiritgan har ikkala golimiz ham himoyachilarimiz yordamida amalga oshirildi.

Bugungi o‘yinni qaytadan ko‘rib, o‘rganib chiqamiz. Futbolchilarimiz ham o‘zlaridan xulosa chiqarishadi va keyingi uchrashuvlarda bunday xatolarga yo‘l qo‘ymaslikka harakat qilishadi.

Bugungi raqibimizni himoyaviy o‘yin uslubida harakatlanishini o‘ylagandik. Bu kabi jihatlar futbolchilarga ham o‘z ta’sirini o‘tkazmay qo‘ymaydi. Ammo yakunda baribir g‘alaba qozonib, 3 ochkoga ega bo‘ldik, - deydi Mo‘minjonov.

"Neftchi" matbuot xizmati

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!