
Ilhom Mo‘minjonov: "Stanoevich, Yusupov va Zokirov bilan do‘stona xayrlashdik"
Pro-liganing 13-tur doirasida “Neftchi” o‘z maydonida “Aral Samali” jamoasini qabul qilib, raqibni 4:0 hisobida dog‘da qoldirdi. Uchrashuvdan keyin “Neftchi” bosh murabbiyi Ilhom Mo‘minjonov o‘yin va tarkibdagi o‘zgarishlar haqida gairdi.
- Bugungi g‘alaba bilan futbolchilarni va muxlislarimizni tabriklab qolaman. Raqibimizni o‘rganib chiqib, o‘yinga astoydil tayyorgarlik ko‘rgan edik.
Birinchi bo‘limda yigitlarimiz ancha shoshqaloqlik qilishdi. Hujumda ko‘plab xavfli vaziyatlarni yaratishgan bo‘lishsa ham gollar ura olishmadi. Ikkinchi bo‘limda ular ancha o‘zlariga kelishdi va biz bergan ko‘rsatmalarni bajarib, standart vaziyatdan gol kiritishdi. Keyinchalik o‘yinni nazorat ostiga olgan holda pozitsion hujumlarni yaratib, bundan unumli foydalanishdi va muhim g‘alabaga erishishdi. Agar har bir yaratilgan vaziyatdan foydalanib qolganimizda hisob bundan ham yirik ko‘rinishga ega bo‘lardi. Lekin buni futbol deydilar. 4:0 hisobidagi g‘alabaga ham shukurlar aytaman. Biz ochkolar yig‘ishda davom etib, maqsad sari intilamiz.
Bugungi kunda kichik Darko Stanoevich, Abdul Aziz Yusupov va Otabek Zokirov bilan do‘stona xayrlashdik. Ularga o‘yin amaliyoti kerakligi uchun boshqa jamoaga o‘tishadi. Ularning o‘rnini to‘ldirish maqsadida bir nechta o‘yinchilar bilan muzokaralar olib borilmoqda. Agar bu kelishuvlar amalga oshmasa o‘zimizning futbolchilar bilan kurashni davom ettiramiz. Aytib o‘tilgan uchala futbolchiga kelgusida yaxshi jamoaga o‘tib, o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishlarini xohlar edim.
Ulug‘bek Hoshimov haqida aytadigan bo‘lsak, u hali 20 yoshda va asta-sekinlik bilan o‘z o‘yinini topadi deb o‘ylayman. Mashg‘ulotlarda astoydil shug‘ullanishiga qaramay, tajriba etishmovchiligi sabab, rasmiy o‘yinlarda ozgina shoshib qolmoqda. O‘ylaymanki, mana shu bellashuvlar orqali gollar urishni boshlaydi va kelgusida yaxshi hujumchiga aylanadi.
Marko Obradovichga kelsak, uning jamoa bilan yil oxirigacha tuzgan shartnomasi mavjud. Agar keyingi yilga yaxshi takliflar kelib tushsa boshqa jamoaga o‘tishi mumkin. Bu yil Obradovich o‘zining chiroyli o‘yini va gollari bilan barchamizni hursand qiladi degan umiddaman. Biz esa ochkolar yig‘ishda davom etamiz - deydi, jamoa bosh murabbiyi.
"Neftchi" matbuot xizmati
Fikrlar