
Infantino endi ayollar o‘rtasidagi jahon chempionati ishtirokchilari sonini ham oshirmoqchi
FIFA prezidenti Janni Infantino ayollar futbolida ham islohotlarni amalga oshirmoqchi.
The New York Times nashri tarqatgan xabarga qaraganda Infantino ayollar o‘rtasidagi jahon chempionati ishtirokchilari sonini 24tadan 32taga ko‘paytirishni taklif qilmoqda. Aytish lozimki, bu o‘zgarish 2023 yilgi mundialdan boshlab tadbiq qilinishi mumkin.
Ma’lumot uchun, 1991 yil ayollar o‘rtasida o‘tkazilgan ilk jahon chempionatida 12ta terma jamoa ishtirok etgan. Keyin 1999 yilga kelib ishtirokchi mamlakatlar soni 16taga oshirildi. 2015 yildan boshlab esa ushbu ko‘rsatgich 24taga etdi.
Bundan tashqari Infantino ushbu musobaqaning sovrin jamg‘armasini ikki barobarga oshirishni va o‘z futbolchilarini mundialda ishtirok etishini ta’minlagan klublarga mukofot puli berishni taklif qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yoz Frantsiyada bo‘lib o‘tgan ayollar o‘rtasidagi jahon chempionatining mukofot jamg‘armasi 30 mln evroni tashkil etdi. Taqqoslash uchun, erkaklar o‘rtasidagi mundialning sovrin jamg‘armasi 400 mln evroni tashkil etadi.
Fikrlar