Islom To‘xtaxo‘jaev terma jamoadagi sharmandagarchilik, bizga qaysi murabbiy kerakligi va "Qizilqum"ga o‘tishida asosiy sabab nima ekanligi haqida gapirdi

  • 12 avgust, 2021, 11:25
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Mavsum boshlanishi oldidan “Qizilqum” o‘z safiga Islom To‘xtaxo‘jaevni qo‘shib olishi etarli darajada e’tiborni tortadigan transferga aylangani hech kimga sir emas.

O‘shanda futbolchi Xitoydagi faoliyatini tugatib yana xorijga ketishi kutilayotgandi. Ammo “Qizilqum” bosh murabbiyi Hamidjon Aktamov boshqalarni ortda qoldirib To‘xtaxo‘jaevni jamoasida to‘p surishga ko‘ndira oldi. Shundan beri Islom “Qizilqum”ning asosiy o‘yinchisiga aylandi.

Qolaversa, milliy terma jamoamizdagi faoliyatini ham davom ettirib kelyapti. To‘xtaxo‘jaev Sports.uz muxbiri bilan suhbatda bir qator savollarga javob berdi.  

- “Qizilqum” jamoasining joriy mavsumdagi ishtiroki ko‘pchilikni yoqimli ma’noda ajablantirmoqda. Chunki klub ayni paytda 4-o‘rinni egallab turibdi. Bungacha asosan o‘rta pog‘onalarda yurgan jamoaning bu mavsumda ko‘tarilishga erishayotgani ajoyib. Chunki bu orqali Superligada yana bir raqobatbardosh klub shakllanyapti. “Qizilqum” qanday qilib bunday kuchli jamoaga aylandi?

- “Qizilqum” klubi bilan shartnoma tuzganimizda bosh murabbiy Hamidjon aka Aktamov yuqori o‘rinlar uchun kurashish asosiy vazifa ekanligini aytgan va u kishi bilan shu mavzuda gaplashganmiz. Mana, hozir ham medallar uchun kurash olib boryapmiz. Jamoada yig‘ilgan futbolchilar tajribali. Ular bilan bemalol chempionlik uchun kurashish yarashadi. Hozirgi “Qizilqum”ga o‘rtamiyona bo‘lib yurish umuman yarashmaydi.

islom

- “Qizilqum”ning maqsadi sovrinli o‘rinlardan joy olish. Ammo raqobat kuchli. Siz esa o‘ynagan klublarda albatta sovrinlarni yutgansiz. Bu safar “Qizilqum” bilan nimadir yutishingizga qanchalik ishonasiz va jamoangizning bu boradagi imkoniyatini qanday baholaysiz?

- “Qizilqum” bilan boshida chempionlik uchun harakat qilmoqchi edik. Menimcha, endi bu qiyinroq masala bo‘lib qoldi. Nimaga deganda, “Paxtakor” ancha oldinga o‘tib ketdi. Bizning maqsadimiz Osiyo Chempionlar ligasiga yo‘l olish.

- Mavsum boshida sizning “Qizilqum” jamoasiga o‘tishingizdan ko‘pchilik ajablangandi. Negaki, asosan sovrindor klublarda to‘p surish orqali muxlislarni o‘rgatib qo‘ygandingiz. Bunday tanlovni qabul qilish uchun jiddiy sabab bo‘lishi kerak, albatta! Bu masalada nima degan bo‘lardingiz?

- Jamoani tanlashimni ham asosiy sababi, Hamidjon aka bilan gaplashgach, “Qizilqum”ning medallar uchun kurashishiga ishonch hosil qildim. Ko‘rib turibsiz, tarkibda mahoratli o‘yinchilar jamlangan. Shu bois “Qizilqum” tajribali klubga aylandi. Bu bir yillik jamoa emas. Kelasi yillarga chempionlik uchun kurashadigan jamoani shakllantirmoqchi. Shu sababli “Qizilqum” bilan shartnoma tuzganman.

islom3

- Agar sir bo‘lmasa yozgi transfer oynasi ochilgan paytda sizga qanday va qaerdan jiddiy takliflar bo‘ldi?

- Ko‘p taklif bo‘lmadi. Menimcha, chetdan taklif bor, ammo hali bu xususida aytishning mavridi emas. Qachonki, hal bo‘lganidan keyin gapirishim mumkin.

- Umuman olganda, yana legioner sifatida chetda sinab ko‘rish niyatingiz bormi? Aytaylik, bu safar kuchliroq chempionatda...yoki bu borada endi kech deb o‘ylaysizmi?

- Menimcha, himoyachi uchun hali kech emas, 31 yoshdaman. Doim harakatdamiz. Albatta, yaxshiroq chempionatda to‘p surish istagim yo‘q emas. Qo‘lni tushirmaymiz va Xudodan yaxshi jamoalarda o‘ynashni so‘rab, harakat qilaveramiz.

islom4

- Hamidjon Aktamov jamoani qanday ruhlantiradi: Pul bilanmi yoki murabbiylik salohiyati bilanmi?

- Hamidjon aka har bir futbolchi bilan alohida gaplashadi. Barcha bilan yaqin munosabatda, xuddi aka-ukadek. Muammolarini eshitadi, hal qilishga yordam beradi. Menimcha, ruhlantirishda pulni aloqasi bo‘lmasa kerak. Chunki jamoadagi hamma futbolchi Aktamov bilan iliq munosabatda. O‘rtada hurmat va ishonch katta. Albatta, futbolchilarni ruhlantirishda Aktamovning murabbiylik salohiyati ham o‘z so‘zini aytadi.

islom1

- O‘zbekistonlik futbolchilar orasida ilk bor Eldor Shomurodov Evropaning kuchli beshlik chempionatida to‘p surish orqali ko‘tarilyapti va “Roma”dek klubda Mourino qo‘l ostida o‘ynayapti. Siz uning bunday darajada yuqorilashini kutganmidingiz?

- Eldor uchun juda xursandmiz va duodamiz. Mana shunday klubda o‘ynayotgani yoqimli. To‘g‘risini aytish kerak, ikki yil avval Eldor Shomurodov “Roma”da o‘ynaydi desa ko‘pchilik ishonmasdi. Mana, endi u barcha yosh futbolchilarga tirik namuna. Hammasi Allohdan. Inson faqat mehnat qilishi kerak. Evropaning kuchli klublarida o‘zbekistonlik futbolchilar o‘ynay olishini Shomurodov ko‘rsatib beryapti.

- Milliy terma jamoadagi omadsizlikdan keyin o‘zingizga kelishingiz uchun qancha vaqt kerak bo‘ldi?

- To‘g‘risi, milliy terma jamoadagi bunday sharmandagarchilikdan odam haligacha o‘ziga kelgani yo‘q. Chunki bunaqasi hali bo‘lmagandi...

islom5

- Ayni paytda milliy termamizni yangi bosh murabbiyi kim bo‘lishi hammani qiziqtiryapti. Shaxsiy fikringiz qanday: bizga endi qanday murabbiy kerak? Yoki siz kimni aytgan bo‘lardingiz?

- Birorta murabbiyni alohida ko‘rsatib ayta olmaymanu, lekin Eronga Karlush Keyrush kelganida bu terma jamoa biz bilan bir xil darajada edi. Keyrush ketayotganida esa Eron O‘zbekistondan ko‘ra ikki-uch barobar kuchli jamoaga aylangandi. Bizda ham mana shunday murabbiy bo‘lsa, yaxshi bo‘lardi. Futbolni rivojlantirish va o‘yinchilarning darajasini yuqori ko‘rsatadigan murabbiy bo‘lishi muhim.

- Himoyachi sifatida siz uchun to‘xtatib qolish qiyin bo‘lgan hujumchi kim?

- Himoyachi uchun tezkor, texnikasi yuqori hujumchilarni to‘xtatib qolish qiyin. Ochig‘i, bu borada kimnidir alohida ko‘rsatib bera olmayman.

islom7

- Mana, olimpiyadachilarimiz g‘olib sifatida juda chiroyli kutib olindi. Ularning g‘alabalari futbolchilarga qanday motivatsiya berishi mumkin?

- Olimpiyachilarimiz uchun juda ham xursandmiz. Ularga ham duo qilib, muxlislik qildik. Xudo xohlasa, futbolchilarni ham jahon chempionatlarida, yaxshi musobaqalarda mana shunday xursandchilikda kutib olish nasib qilsin. Albatta, sportchilarimizning bunday g‘alabalari nafaqat biz futbolchilarga, balki yosh sportchilarga ham katta motivatsiya beradi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!