Isroil Madrimov jangining maqomi o‘zgardi yoxud u Murodjon Ahmadaliev rekordini yangilashi mumkin

  • 5 avgust, 2020, 12:12
  • Ahmadbek Eshmatov
  • 0
  • Boks
CHERY AUTO

15 avgust kuni Amerika Qo‘shma Shtatlari Oklaxoma shtatida “Matchroom”kompaniyasi tomonidan tashkil etiladigan boks oqshomida Isroil Madrimov amerikalik Erik Uoker bilan jang qiladi. Dastavval, jang super yarim o‘rta vaznda (69.8 kg) vaqtinchalik jahon chempionlik kamari uchun bo‘lishi reja qilingan edi. Ammo bunga o‘zgartirish kiritildi va bu jang endilikda ushbu yo‘nalishda eng nufuzli hisoblangan WBA super jahon chempionlik kamari uchun eliminator jangi, deya e’lon qilindi. 

Ushbu vaznda WBA super, IBF va IBO kamarlari hozirda Xeyson Rosarioga tegishli va u o‘zing navbatdagi jangini 26 sentyabrda WBC chempioni Jermall Charloga qarshi o‘tkazadi. Ushbu jang g‘olibi mazkur vaznda 3 ta asosiy va IBO jahon chempionlik kamarini qo‘lga kiritadi. Agar, Isroil Madrimov o‘zining navbatdagi jangida WBA reytingida 6-pog‘onaga ko‘tarilishga erishgan, Erik Uokerni mag‘lub etsa, WBA super kamarb sohibiga qarshi majburiy da’vogar uchun saralash bosqichidan o‘tgan bo‘ladi. Undan keyingi jangda esa, Isroil Madrimovni yana bir eng yuqori reytingdagi bokschi bilan so‘nggi saralash, ya’ni, yakuniy eliminator bosqichi kutib turibdi. Bu jangda ham muvaffaqiyatga erishsa, Madrimov WBA Super jahon chempionlik kamari uchun majburiy da’vogar bo‘ladi va Charlo-Rosario jangi g‘olibiga qarshi 3 ta kamar uchun jang o‘tkazish huquqiga ega bo‘ladi.

Taxminan, bu Madrimovning 8-jangiga to‘g‘ri keladi va u Murodjon Ahmadaliev tomonidan 8 ta jangda 2 ta jahon chempionlik kamarini qo‘lgan kiritish bo‘yicha rekordini yangilashi mumkin. Isroil 8 jangda 3 kamarni qo‘lga kiritgan bo‘ladi.

Albatta, bu variant "Interim", "Regulyar", "Gold" kabi ikkinchi darajali kamarlardan ko‘ra, yaxshiroqdir. Hamyurtimizga bu borada omad tilab qolamiz. Voqealar rivojini biz bilan kuzatib boring!

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!