
Isroil Madrimov ta’zirini bergan bokschi Olimpiada oltin medalini qo‘lga kiritishiga ishonmoqda
So‘nggi jahon chempionatining 75 kg vazn toifasi finalchisi, 25 yoshli filippinlik bokschi Eumir Marsyal professional ringdagi debyut jangini 16 dekabr kuni AQShda o‘tkazadi. To‘rt raundlik jangidagi raqibi 29 yoshli amerikalik Endryu Uitfild bo‘ladi.
Shu yilning iyul oyida Marsyal Menni Pakyaoning “MP Promotions” va AQShning nufuzli “Premier Boxing Champions” promouterlik kompaniyasi bilan shartnoma imzoladi va so‘nggi ikki oyda Los-Anjelesda taniqli murabbiy Freddi Rouch qo‘l ostida mashg‘ulot o‘tkazdi. Filippinlikning asosiy maqsadi - Tokioda bo‘lib o‘tadigan Olimpiya o‘yinlarida oltin medalni qo‘lga kiritish.
“Professional yo‘nalishga o‘tish - bu Tokio Olimpiadasi yo‘lidagi muhim qadam. Men Olimpiadada uchrashishim mumkin bo‘lganlarning aksariyati allaqachon professional faoliyatini olib bormoqda, shuning uchun Freddi Rouch bilan o‘tkazgan tayyorgarligim ular bilan Olimpiadada raqobatlasha olish tajribasini beradi. Ammo mening asosiy maqsadim har doim otamning orzusini bajarishdir. U mening birinchi havaskor jangimdan buyon Olimpiadada oltin medalni qo‘lga kiritishimni orzu qilgan. Men Filippinga birinchi bo‘lib Olimpiadaning oltin medalini taqdim etmoqchiman", - deya filippinlikning so‘zlarini keltiradi “The Ring”.
Ma’lumot uchun, 2018 yilgi Osiyo o‘yinlari yarim finali hamda 2017 yilgi Osiyo chempionati chorak finalida Isroil Madrimov filippinlik bokschiga hech qanday imkoniyat qoldirmagandi. Shuningdek, Shahram G‘iyosov ham 2016 yilgi Osiyo-Okeaniya mintaqasining Olimpiadaga saralash turnirida Eumirni mag‘lubiyatga uchratgan edi.
Fikrlar