
Ivan Bubalo: "2 ta mag‘lubiyat murabbiy yomonligini anglatmaydi. Xuddi shunday 2 ta g‘alaba ham murabbiyni eng zo‘ri qilib qo‘ymaydi" (2-qism)
Kecha saytimiz orqali “Bunyodkor”ning xorvatiyalik sobiq bosh murabbiyi Ivan Bubalo bilan uyushtirilgan suhbatning birinchi qismini e’tiboringizga havol qilgandik. Bugun ushbu muloqotning ikkinchi qismini o‘qishingiz mumkin.
- Klub bosh direktori, sport direktori, skautlari sizga qanchalik yordam berishdi? Ular selektsiyada siz aytgan barcha o‘yinchilarni olishga yordamlashishdimi yoki faqat o‘zingiz chaqirdingizmi? Masalan, “Mash’al”, “Turon” kabi klublardan kelgan futbolchilar jamoaga u qadar yoram bera olmayaptilar. Siz ko‘proq yoshlar bilan qoldingiz. Ular siz so‘ragan barcha futbolchilarni olib kelishganmidi? Ya’ni, qo‘yilgan vazifaga yarasha tarkib shakllantirilganmidi?
- Men jamoa boshqaruv a’zolaridan ko‘proq narsani, ishonchni kutgandim. Chunki dastlabki suhbatlarda jamoa rejasi butunlay boshqacha yo‘nalishda edi. Birinchi mavsumda yosh futbolchilarni akademiyadan tanlab olib, ularni katta jamoada o‘ynay olishga tayyorlash va rivojlantirish masalalari oldimizga qo‘yilgandi. O‘tgan mavsumdagi natijalarimni yaxshilash imkoniyati bo‘lganida bu muvaffaqiyat hisoblanadi. 2-3 mavsum davomida kuchayish, barqarorlashish va jamoani top darajada raqobatlashadigan klubga aylantirish maqsadi qo‘yilgandi. Rahbariyat bilan gaplashganimda doim 1-2 ta tajribali o‘yinchilar kerakligi haqida aytib keldim. Kutgan bo‘lsam-da, hech qanday o‘zgarishni ko‘rmadim. Afsuski, klubda bo‘lgan paytimda bu masalada hech qanaqa yordamni ko‘rmadim. Men eng kamida ketayotgan paytimizda bosh direktor yoki sport direktoridan kimdir biz bilan xayrlashib qo‘yishi mumkin deb kutgandik. Chunki ular juda katta klub sharafini himoya qilishadi va katta klub nomidan ishlashadi. Biroq biz ketayotganimizda boshqaruv vakillaridan hech kim ko‘rinish bermadi. Bu insoniylik tarafdan ham yaxshi narsa emas, deb hisoblayman.
- 2 ta o‘yinda jamoa 8 ta gol o‘tkazib yuborgandi. Himoya siz o‘ylagandek kuchaytirilmaganmidi? Fikringiz qanday?
- Yangi transfer oynasi yaqin, jamoa barqarorlashishga muxtoj. Jamoa himoyada kuchaya oladigan bo‘lsa, buning imkoni bor, deb o‘ylayman. Biz ham klubda ishlayotganimizda himoyaga bitta futbolchi so‘ragandik. Direktor bizga va’da bergandi. Ammo oxir-oqibat pul to‘lashni xohlamadi. Biz Suriya terma jamoasi a’zosi hisoblangan himoyachi bilan kelishuvga erishib qo‘ygandik. Yarim himoyaga ham hech bo‘lmasa bitta tajribali futbolchi olib kelinishi kerak edi. Mana shu narsa jamoani barqarorlashtirishga yordam bergan bo‘lardi.
- Agar “Bunyodkor”da boshidan boshlash kerak bo‘lganida nimalarga e’tibor bergan bo‘lardingiz?
- Klubning maqsadlari va rejalarini futbolchilarning darajasiga qarab belgilash ma’qul bo‘lardi. Lekin avvalo, shuni aytib o‘tish kerakki, bitta transfer oynasida o‘zingiz xohlagan jamoani shakllantirib olish va kerakli futbolchilarni jamoaga olib kelish qiyin. Asosiy e’tibor qaratilish kerak bo‘lgan narsa biz uchun akademiya futbolchilari, yosh iqtidorlar edi. Bu kabi o‘yinchilar O‘zbekistonda juda ko‘p. Birinchisi: tanlov, selektsiya ishlari, ikkinchisi: standartlashtirish va uchinchisi: yorib kirish.
- Shartnoma bekor qilingani uchun sizlar bilan to‘liq hisob-kitob qilinganmi? Sizga ishlashingizga xalaqit berganlar bo‘lmadimi? Siz uchun barcha sharoitlar yaratilganmidi?
- Atigi ikki turdan keyin iste’foga chiqarib yuborishganidan biz barchamiz hayratga tushdik, futbolchilar ham. Albatta, bu mening xohishim va qarorim ham emasdi. Ishlashni davom etishni istagandim. Ishonamanki, qolganimda natijalarimiz bundan yaxshiroq bo‘lardi. Jamoa liganing yuqori o‘rinlari uchun kurasha olmasligini bilardim. “Bunyodkor”ning byudjeti Superligadagi eng kichiklaridan biri edi. Eng muhimi, jamoa yangi edi. Ammo hayron qolarli va biroz g‘alati tarzda boshqaruv kengashi bizga klub yuqori uch o‘rindan birida bo‘lishi kerakligi haqida vazifa qo‘ya boshladi. Lekin oldin gaplashishlgan, kelishilgan g‘oyalar birdaniga yo‘qqa chiqdi. Ular butunlay boshqa narsalarni talab qila boshladilar. Aslida men shartnomani muddatidan oldin bekor qilayotganlari uchun ulardan kompensatsiya talab qilishim mumkin bo‘lsa ham men sudlashishni xohlamadim. Klubga qarshi adolatli bo‘lishni ma’qul ko‘rdim. Aytib o‘tishim kerakki, klub vakillari tomonidan bunday insoniylik muomalani ko‘rmadim. Ammo men o‘z xohishim bilan jamoadan ketishga rozi bo‘ldim, imzo chekdim. “Bunyodkor” O‘zbekistondagi katta klub. Biroq bunday jamoalar professional insonlararo aloqalarni yarata oladigan yuqori malakali mutaxassislarga, sport olamini biladigan professionallarga muxtoj. Klub ichida bo‘ladimi, uning tashqarisida bo‘ladimi, har qanday pozitsiyada professionallar o‘tirishi kerak, deb hisoblayman.
- 2ta turdan keyinoq ketishingiz haqidagi qarorni qanday qabul qildingiz?
- Fikrimcha, klubdagi ba’zi insonlar meni iste’foga chiqarish uchun birinchi muvaffaqiyatsizligimni kutishdi. Afsuski, bu juda tez sodir bo‘ldi.
- Qishda Turkiyadagi yig‘inda nisbatan kuchsizroq raqiblarga qarshi o‘yinlar o‘tkazilgandi. Balki bu aldamchi tasavvur bergandir. Bu borada fikringiz qanday?
- O‘ylashimcha, Turkiyadagi tayyorgarlik jarayonlari muvaffaqiyatli o‘tgandi. Buni biz bilan birga o‘sha erda ishtirok etgan rahbariyat vakillari ham tasdiqlashgandi. Men jamoada rahbariyatdan 7-8 ta o‘rtoqlik uchrashuvlari o‘tkazishni so‘ragandim. Qanday o‘yin ko‘rsatishimizni, raqibga nisbatan qanday moslasha olishimizni, kuchli va kuchsiz tomonlarimizni bilib olishimizga yordam berishiga ishongandim. Jamoa jismoniy jihatdan tayyor edi. Hech qaysi futbolchida kichik bo‘lsa ham jarohat yo‘q edi. Rasuldan tashqari albatta. U uzoq vaqtdan beri tizzasida muammo borligini aytgandi.
- Ayni paytda nima bilan bandsiz? Yana murabbiylik ishi bilan shug‘ulanyapsizmi yoki...
- Men hozirda ta’tildaman. O‘zbekistondan ketganimdan so‘ng Italiya va Germaniyada bo‘ldim. Bir qator murabbiy do‘stlarim o‘sha erda ishlashadi. O‘z bilimlarimni oshirish harakatidaman. Zamonaviy futbolga moslashishga harakat qilyapman
- Tabiiyki, “Bunyodkor”da juda qisqa vaqt ishlaganingiz tufayli sizga nisbatan salbiy taassurot paydo qilgan. Chunki “Qizilqum” va “Andijon” klublariga uchralgan mag‘lubiyat og‘ir qabul qilindi. Ammo “Bunyodkor”dagi qisqa ishingiz davomida sizni xursand qilgan tomonlari ham bo‘ldimi?
- Ikkita mag‘lubiyat murabbiy yomonligini anglatmaydi. Xuddi shunday ikkita g‘alaba ham murabbiyni eng zo‘ri qilib qo‘ymaydi. Futbolda barqarorlik juda muhim. Uzoq muddatli g‘alabalar yoki mag‘lubiyatlar seriyasidan so‘ng kimningdir ishiga baho berish mumkin. Afsuski, men O‘zbekistonda, “Bunyodkor”da o‘z potentsialimni ko‘rsatishga etarlicha vaqt olmadim. Ishonamanki, agar menga bunday imkoniyat berilganida ular muvaffaqiyatga erishgan bo‘lishardi. Ular esa menga hech qanaqa imkoniyat berishmadi. Menga futbol borasida nimalarni bilishim va nimalarni qilishim borasida imkon havola qilmadilar. Men O‘zbekistondan qarzdorman. Chunki ularga yaxshiroq “Bunyodkor”ni va’da qilib kelgandim. Afsus, barchasi men kutgandek bo‘lmadi. Balki siz bilmassiz, menda UEFA Pro litsenziyasi bor. Bu bilan ko‘plab murabbiylar maqtana olishmaydi. Klub rahbariyati men qilayotgan ishdan xursand edi. Turkiyadan qaytganimizdan so‘ng ish uslubimni klub tizimidagi yosh murabbiylarga ko‘rsatishimni xohlashdi. Men taqdimotlarni amalga oshirdim. 30 nafar murabbiyga taqdimot o‘tkazdim. Ular ham bundan mamnun edi. Menda “Bunyodkor” bilan yaxshi futbol xotiralari qolmadi. Lekin Toshkent menga juda yoqdi. Yaxshi vaqt o‘tkazdim, yangi do‘stlar va yaxshi insonlarni uchratdim. O‘zbekiston odamlari juda iliq, ochiqko‘ngil, doim yordam berishga tayyor va men qachon bo‘lsa ham O‘zbekistonga qaytishga tayyorman. Sizga yana bir bor intervyu uchun rahmat.
Shuhratbek Jo‘raev.
Ivan Bubalo: "Hech qanday imkoniyat berilmasdan ishdan bo‘shatishgani meni hayron qoldirdi" (1-qism)
Fikrlar