
Jahon kubogi. Qilichbozlarimiz kumush medalni qo‘lga kiritdi
Toshkentda uch kun davom etgan qilichbozlik bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi Jahon kubogi bahslari bugun o‘z yakuniga etdi.
Musobaqaning oxirgi kunida ishtirokchilar qilichbozlik sportining sablya yo‘nalishi bo‘yicha jamoaviy bahslarda g‘oliblik uchun kurash olib borishdi.
Jahon kubogida mamlakatimiz sharafini himoya qilgan Sh.Mamutov, P.Genjebaev, B.Rasulov hamda J.Dushamboevlardan iborat qilichbozlarimiz finalgacha bo‘lgan yo‘lni mag‘lubiyatsiz bosib o‘tishdi.
Hal qiluvchi bahsda vakillarimiz Jahon kubogini ko‘tarinki ruhda o‘tkazgan misrlik qilichbozlarga qarshi jang qilishdi, biroq yakunda omad afrikalik sportchilarga kulib boqdi va hamyurtlarimiz kumush medal bilan cheklanishdi. 3-o‘rin uchun kechgan bahslarda rossiyalik qilichbozlar polshalik raqiblaridan ustun kelishdi.
Yoshlar o‘rtasida Jahon kubogi
Sablya, jamoaviy bahslar:
1. Misr terma jamoasi,
2. O‘zbekiston terma jamoasi,
3. Rossiya terma jamoasi.
Shu tariqa, qilichbozlarimiz yoshlar o‘rtasida Jahon kubogi bahslarini bitta kumush va ikkita bronza medali bilan yakunlashdi. Eslatib o‘tamiz, bungacha rapirachilarimiz jamoaviy dasturda va sablyachimiz Pazil Genjebaev yakkalik bahslarida bronza medali bilan taqdirlanishgan edi.
Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati
Fikrlar