
Jahongir Zokirov: "Bahodir Jalolovdan keyin birinchi raqamli bo‘lishga harakat qilaman"
Joriy yilgi havaskor boks bo‘yicha mamlakat chempionati juda qizg‘in janglarga boy bo‘ldi. Shuningdek, iqtidorli yoshlarning ajoyib harakatlariga ham guvoh bo‘ldik. Misol uchun, ilk bor kattalar o‘rtasidagi O‘zbekiston chempionatida ishtirok etgan Login Petrov, A’loxon Abdullaev, Shahzod Muzaffarov, Ibrohim Ishchanov, Jahongir Zokirov muxlislar va mutaxassislarda iliq taassurot qoldirdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Ayniqsa, o‘z vaqtida ajoyib natijalar qayd etgan jizzaxlik Lazizbek Zokirovning farzandi Jahongir eng og‘ir vazn toifasida kumush medalni qo‘lga kiritdi va kelajagi porloq bokschi ekanligini barchaga namoyon qildi.
Biz ushbu yosh iste’dod egasi bilan bog‘lanib, bir nechta savollar bilan murojaat qildik.
Sports.uz ma’lumotnomasi
Jahongir Zokirov
2003 yil 17 mayda Jizzax viloyati Jizzax tumanida tavallud topgan. 9 yoshidan buyon boks bilan shug‘ullanib keladi. Murabbiylari: Hamid Tangriberganov hamda otasi Lazizbek Zokirov. O‘smir va yoshlar o‘rtasida 5 karra O‘zbekiston chempioni, yoshlar o‘rtasida Osiyo chempionligini qo‘lga kiritgan. Joriy yilgi kattalar o‘rtasidagi O‘zbekiston chempionatining kumush medali sohibi.
- Kattalar o‘rtasidagi ilk chempionatdagi ishtirokingiz muvaffaqiyatli chiqqani bilan tabriklaymiz!
- Rahmat. Juda xursand bo‘ldim.
- Nega, final jangida ringga chiqmadingiz? Ehtimol, oltin medalni qo‘lga kiritishingiz mumkin edi?
- Men juda xohlagandim. Lekin otam buni istamadi.
- Balki, sababini ham aytgandir?
- Jarohatim bor edi. Asosiy sabab shu bo‘ldi.
- Finaldagi raqibingiz tajribali Laziz Mullajonov edi. U bilan jangdagi imkoniyatingizni qanday baholagan bo‘lardingiz?
- Yutqazmaslikka harakat qilardim.
- Yarim final jangida anchagina kuchli Jamshid Xudoyberganovni mag‘lub eta oldingiz. Vaholanki, jangdan avval, uning imkoniyati yuqori baholanayotgan edi...?
- Nima demoqchi bo‘lganingizni tushundim. Murabbiyim Hamid Tangriberganov yutishimga ishontira oldi va to‘g‘ri ko‘rsatmalari evaziga g‘alaba qozondim.
- Siz o‘z vaqtida ajoyib natijalar qayd etgan Lazizbek Zokirovni o‘g‘li ekanligingizni inobatga olsak, muxlislar va mutaxassislar tomonidan otangiz bilan taqqoslagan va jang olib borish uslublaringizni o‘xshatib turadiganlar ham topilsa kerak?
- Yo‘q. Otam tezkor va ochkolar hisobiga yutgan. Men esa hujumkor va kuchli zarba berishni ma’qul ko‘raman.
- Kattalar o‘rtasidagi musobaqalarga qadar, o‘smirlar va yoshlar o‘rtasida 5 marotaba chempion bo‘lgansiz. Bu yo‘lda sizga kimlar jiddiy raqobat tug‘dirgandi?
- Hozircha, unday bokschi yo‘q.
- Sizning vazn toifangizda Bahodir Jalolov shubhasiz, birinchi raqamli hisoblanadi. Lekin u katta ehtimol bilan, Tokio Olimpiadasidan keyin faoliyatini professional boksda davom ettirsa kerak. Demoqchimanki, undan keyin siz birinchi raqamli bo‘lish imkoniyatingizni qanday baholagan bo‘lardingiz?
- Shunga harakat qilaman.
- Bu yo‘lda asosiy raqobatchingizni kim?
- Lazizbek Mullajonov.
- Biz uchun vaqt ajrata olganingiz uchun tashakkur va o‘z o‘rnida kelajakdagi faoliyatingizga omadlar tilab qolamiz!
- Albatta, e’tibor uchun minnatdorman va xalqaro arenalardagi g‘alabalar bilan yurtimiz sharafini munosib himoya qilishga harakat qilamiz!
Fikrlar