
Jalolov boks tarixida hech kim qila olmagan ishni uddaladi!
Parij shahridagi Olimpiya o‘yinlarining boks musobaqalari o‘zbekistonlik charm qo‘lqop ustalarining mutlaq g‘alabasi bilan yakunlandi. Terma jamoamiz a’zolari ettita oltin medaldan beshtasini O‘zbekiston sport delegatsiyasi g‘aznasiga qo‘shib qo‘ydi.
Bahodir Jalolov va Hasanboy Do‘smatov shaxsiy olimpiya oltin medallarini ikkitaga etkazib oldi, yosh avlod – Abumalik Xalakov, Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jaev hamda Lazizbek Mullajonov ilk urinishidayoq, Olimpiya chempioni, degan sharafli va yuksak nomga sazovor bo‘ldi.
Boks bo‘yicha terma jamoamizning eng mashhur va sovrindor a’zosi Bahodir Jalolov jahon boksida hali uchramagan yana bir muhim voqea qahramoni bo‘ldi.
- Bahodir Jalolov finalda Ayb Gadfa ustidan qozonilgan g‘alabadan keyin ikki karra olimpiya chempioni bo‘ldi. “Katta O‘zbek” jang davomida raqibini o‘ziga yaqinlashtirgani yo‘q, uni ikki marotaba nokdaunga uchratdi. Biroq so‘nggi raundda Jalolov Gadfani nokaut qilish o‘rniga raqibini masofada ushlab, ishni oxirigacha etkazib qo‘yishni ma’qul ko‘rdi.
Bahodir Olimpiya o‘yinlarida o‘ta og‘ir vazn toifasida ketma-ket ikkita oltin medalni qo‘lga kiritgan birinchi bokschi bo‘ldi, - deb yozmoqda ingliz tilida faoliyat yuritadigan boxingnewsonline.net sayti.
Boshqa manbalarda ham Jalolovning g‘alabasiga munosabatlar bildirilyapti.
- Parij Olimpiadasidaning boks bo‘yicha oxirgi janggi o‘ta og‘ir vazn toifasida olimpiya chempioni Bahodir Jalolov va ispaniyalik Ayub Gadfa ishtirokida bo‘ldi.
O‘zbek bokschisi birinchi soniyalardanoq uni bugun ham to‘xtatib bo‘lmasligini namoyish qildi. Bahodir raunddan-raundga bosimni kuchaytirib bordi, raqibiga hech qanday imkoniyat qoldirmadi.
Uchinchi raundda Bahodir Jalolov Gadfani do‘pposlab, nokautga tushirishni istamadi. Hakamlar bir ovozdan o‘zbek bokschisining g‘alabasini e’tirof etdi. O‘zbeklar Parijda ettita oltin medaldan beshtasini olib ketdi, - deb yozmoqda sportarena.kz sayti.
Darhaqiqat, Olimpiadalar tarixida ikki karra chempionlikka erishgan 12 nafar bokschi bo‘lgan.
Oliver Kirk (AQSh) – 1904 yilda ikki vaznda;
Eji Zdislav Kuley (Polsha) - 1964, 1968;
Boris Lagutin (SSSR) - 1964, 1968;
Anjelo Errera Vera (Kuba) - 1976, 1980;
Ektor Vinent (Kuba) - 1992, 1996;
Ariel Ernandes (Kuba) - 1992, 1996;
Oleg Saitov (Rossiya) - 1996, 2000;
Mario Kindelan (Kuba) - 2000, 2004;
Gilermo Rigondo (Kuba) - 2000, 2004;
Aleksey Tishchenko (Rossiya) - 2004, 2008;
Tszou Shimin (Xitoy) - 2008, 2012;
Vasiliy Lomachenko (Ukraina) - 2008, 2012.
Bahodir Jalolov ular qatoriga 13-ikki karra olimpiya chempioni bo‘lib qo‘shildi. Biroq Jalolov o‘ta og‘ir vazn toifasida shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarilgan yagona bokschi hisoblanadi.
Endi 30 yoshli bokschimiz bundan buyon havaskorlar boksida ishtirok etmaydi. U bor e’tiborini professional boksga qaratadi. Hozircha profringda 14 ta jangning barchasida nokaut qayd etgan Jalolov bu yo‘nalishda ham jahon chempionligi uchun kurashadi.
Fikrlar