Jamshid Iskanderov nega O‘zbekiston terma jamoasiga kerak?

  • 18 sentabr, 2022, 16:25
  • Bekzod Isayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

19 sentyabr kuni O‘zbekiston milliy terma jamoasi navbatdagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini boshlaydi. Yig‘inning dastlabki kuni Toshkentda o‘tadi, keyin jamoamiz Kamerun va Kosta-Rika terma jamoalari bilan o‘rtoqlik uchrashuvlarida ishtirok etish uchun Koreya Respublikasiga yo‘l oladi.

Milliy terma jamoamiz bosh murabbiyi Srechko Katanets mazkur yig‘inlarga jalb etilgan futbolchilarining kengaytirilgan ro‘yxatini e’lon qildi.

photo_2022-09-17_19-30-51

Terma jamoa etkachilaridan biri Jaloliddin Masharipov hozirda jarohatdan tiklanish davrini o‘tkazmoqda. "Al-Nassr" klubining murojaatiga asosan futbolchimiz ushbu yig‘inni o‘tkazib yuboradigan bo‘ldi.

Natijaga murabbiy javob beradi. Lekin doim terma jamoa tarkibi muhokama qilinadi. Chunki biz na Osiyo chempioni bo‘lganmiz, na jahon chempionatiga chiqqanmiz. Agar murabbiy qandaydir sovrin yutganda edi, mayli qaysi futbolchilarni chaqirsa ham natija qilyaptiku deymiz. Biroq unday bo‘lmayaptiku. 

Shuning uchun tarkiblar borasida gap ketganda, o‘z fikrlarimizni bildirmaslikning iloji yo‘q. 

O‘zbekiston milliy terma jamoasining kengaytirilgan tarkibi e’lon qilinganida ko‘pchilik qatori menda ham savollar paydo bo‘ldi. Ko‘pchilik Jamshid Iskanderovni kutgandi, bu gal tarkibga jalb qilinishini. Biroq Katanets ancha vaqt transfer muammosi bilan band bo‘lib, maydonga tushmay qo‘ygan Oston O‘runovni ma’qul ko‘rdi. Murabbiy qaysi sabablarga ko‘ra Iskanderovni chaqirmagani shaxsan men uchun qiziq. Chunki terma jamoamiz raqiblar bilan qiynalayotgani bor gap. Hatto oddiy jamoalar bilan ham. Shunday pallada “kreativ” Jamshid Iskanderov juda kerak bo‘lardi. Uning maydonni ko‘ra olishi bilan boshqalardan yaqqol ajralib turibdi.

photo_2022-01-05_22-29-54

Shahboz Umarov “Ordabasi”dan taklif qilindi. Garchi u o‘z klubida o‘zini ko‘rsata olmayotgan bo‘lsa ham. Uning o‘rniga Superligadan variant yo‘q emasdi. Jamshid Boltaboev yarim himoya, chap tomon himoyasida va hujumni yakunlovchi pozitsiyalarda o‘ynay oladigan universal futbolchi. U “Navbahor”ning g‘alabalarida muhim o‘rin tutmoqda.

Himoyani yaxshi ko‘radigan murabbiy bu pozitsiyaga yaxshi nomlarni tanlagan, bunga shubha yo‘q. Lekin yana bir futbolchi borki, Katanetsning e’tiboridan chetda qolgandek. U ham bo‘lsa Davron Hoshimov. Agar Hoshimov Vadim Abramovning uslubiga, taktikasiga to‘g‘ri kelmaydi deyishsa ishonaman. Lekin Srechko janoblari o‘z uslubiga mos bo‘lgan jangchini bir sinab ko‘rmayotgani qiziq.

Hujumda ham variantlar etarli. Temurxo‘ja Abduxoliqov va Shohruz Norxonov to‘purarlik mahoratini namoyish etib, yaxshi formada. Ammo jamoa sardori Eldor Shomurodov ekanligidan kelib chiqsak, murabbiy hujumga yana boshqalarni sinab ko‘rgandan ko‘ra, boshqa chiziqlarni o‘ylayotgan bo‘lishi mumkin.

O‘zi Srechko Katanets yurtimizga kelganida hamma stadionlarga borib ko‘rib, o‘rganib chiqqandi. Ammo hozir Superligadagi markabiy bellashuvlarda deyarli ko‘rinish bermayapti. Hozir hamma o‘yin translyatsiya qilinayotgani uchun videolardan xulosaga kelayotgandir. Lekin bu to‘g‘ri yo‘l emas. Jonli ko‘rib, kadrga tushmagan holatlar orqali futbolchilarni ajratib olsa maqsadga muvofiq bo‘ladi.

photo_2022-06-15_20-40-29

Bilasizmi, nega Frantsiya terma jamoasi har qanday musobaqada favorit sanalmoqda? Chunki barcha pozitsiyasida 3 tadan futbolchi bor. Sariq kartochko yoki qaysidir futbolchi jarohat olsa uning o‘rni bemalol to‘ldirib ketiladi. Masalan, markaziy himoyachi qanotga o‘tsin degan gap yo‘q. 

Albatta, biz yuqorida aytgan futbolchilar to‘p tepadigan pozitsiyalarda boshqalar chaqirilgan. Ammo formada bo‘lib turganlarni termada sinab ko‘rish zarar qilmaydi.

 

Bekzod ISAEV

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Muhiddin
18/09/2022 18:21
Катанес хам номига юрибди. Супер лига ўйинларини кузатиб бирор янгилик қилиш нийяти йўқ менимча.