"Jasur Yaxshiboev bir marotaba gol urib qolganiga shunchami?!"

  • 29 sentabr, 2021, 22:19
  • Yahyoxo’ja Ulug’xo’jayev
  • 9
  • Futbol
CHERY AUTO

Kecha tunda Jasur Yaxshiboev "Real" darvozasini ishg‘ol qildi. Bugun kun bo‘yi, O‘zbekistondagi barcha ijtimoiy tarmoqlarda shu mavzuga taalluqli materiallar aylandi. Soddaroq qilib aytsak, "Sherif" futbolchisi bugun "avjiga chiqdi". Jurnalistlar orasidagi kichik xaosga muxlislarning fikri qanday ekanligi bilan qiziqdim. Achinarlisi shundaki, deyarli 25-30 foiz fanatlar Jasurning "Santyago Bernabeu"da urgan goliga jurnalistlarning reaktsiyasi ustidan kulgan. Ayrimlarning kinoya bilan qoldirgan izohidan xafa bo‘lib ketdim.

O‘ylashimcha, buni to‘g‘ri tushunish kerak. Har holda, bizning futbolchilar har kuni ham EChLda eng ko‘p zafar quchgan jamoa darvozasini ishg‘ol qilavermaydi. Yana, "Santyago Bernabeu"da! Mayli, kimdir Jasurni "erkalanib" ketishini oldini olib, kamtarroq bo‘lishga chaqirar, biroq bu vaziyatda emas. Biror bir daraxtning bor bo‘y-bastini ko‘rish uchun, unga uzoqroqdan nazar tashlash lozim!

Yaxshiboev o‘z tengqurlari ichida doim bir bosh baland to‘p surgani bilan ajralib turgan. Xitoydagi Osiyo chempionatidagi oltin medal so‘zimizga isbot bo‘la oladi. Keyin, "Paxtakor" bilan qiyin mavsumlarni o‘tkazdi. Barcha futbolchilar o‘sayotgan paytda, Shota Arveladze unga bir o‘yinda 10-15 daqiqadan ko‘p to‘p surishiga imkoniyat bermasligini dangal aytdi. Vaziyatni to‘g‘ri baholagan Jasur, birinchilardan bo‘lib, Belarus chempionatiga yo‘l oldi. U o‘zi uchun begona iqlim, boshqa chempionat, o‘zga mentalitet bo‘lishiga qaramay, hech narsadan qo‘rqmadi. Balki, cho‘chigandir, ammo hech kimga sezdirmadi. U shunchaki futbol o‘ynamoqchi bo‘ldi. Tamom! "Paxtakor" o‘z futbolchilariga fantastik summa to‘layotgan bir paytda, u "Energetik-BGU" safida o‘yin amaliyotiga ega bo‘ldi. Gollar kiritdi va mamlakatning eng kuchli jamoasi bilan shartnoma imzoladi. Keyin Polshadagi omadsiz sarguzashtlar boshlandi. Parallel terma jamoadagi ishlari ham yurishmay qoldi. Vadim Abramov uni terma jamoaga yaqinlashtirmadi. Sababini so‘ragan jurnalistlarga, Vadim "tog‘a" sodda qilib, "uning menga keragi yo‘q", dedi. Jarohat va yangi jamoa bosimi Yaxshiboevni anchagina qiynagani rost.

Bir qarashda, Polshadan Moldovaga ko‘chib o‘tish, ortga tashlangan qadamdek ko‘ringani rost. Shunga qaramay, Jasur to‘xtab qolgani yo‘q. U o‘z maqsadi - futbol o‘ynash uchun kurashda davom etdi. Uning golni qanday nishonlaganini ko‘rdingizmi? U ko‘zlariga kelgan alam aralash quvonch ko‘z yoshlarini berkitish uchun yuzini yopdi.

Jasik_1

Keyin, "Santyago Bernabeu" arenasida yurtimiz bayrog‘ini ko‘rsatdi! Bu efirni sayyoramizning barcha qit’asida tomosha qilishgani aniq! Endi, bir o‘ylab ko‘ring. Vatandoshimiz o‘z karerasidagi muammolarni engib o‘tgani uchun xursand bo‘lishga jurnalistlarning haqqi yo‘qmi? Nahot, o‘zbek o‘g‘lonining baxtiga sherik bo‘lmasligimiz kerak? Aslida, bu gol sinovlar sinagan hamyurtimiz uchun mehnatlari evaziga berilgan taqdirning tuhfasi. Ulkan motivatsiya!

Bundan avvalgi avlod vakillari yaxshi biladigan to‘purarimiz - Ja’far Irismetovni taniysiza? O‘z vaqtida Moskvaning "Spartak" klubida harakatlangan hujumchining hayotini bir voqea o‘zgartirib yuborgan. "Bavariya" darvozasiga chalqancha uslubda bergan zarbasini afsonaviy kiper - Oliver Kan bartaraf etadi. Oradan 10 yildan ortiq vaqt o‘tgach, Irismetov bir intervyusida shunday degani yodimda:
"Agar o‘sha zarbam golga aylanganida, faoliyatim umuman boshqacha ko‘rinish olgan bo‘lar edi."

ofqshll

Darhaqiqat, yillar o‘tadi, ammo tarix natijanigina eslab qoladi. Hozir, hech kim Ja’far Irismetovning chalqancha bergan zarbasini darvoza to‘riga borib tushmaganini eslamaydi. Hamma, uni terma jamoa safida urgan gollari orqali yaxshi taniydi. Jasur kecha tarix abadiy xotirasida saqlaydigan voqeaga sababchi bo‘ldi. Uning faoliyati hali oldinda. Nasib, qilsa bunday gollarni yana kiritadi, ammo yillar o‘tib, shu golga ko‘zingiz tushsa, 30-40 soniya shirin hislar og‘ushida qolasiz. Nega deysizmi? Ahir ko‘ksingizda urib turgan yurakda vatan hisi bor!

Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jaev

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Нематжонов Облоберди
30/09/2021 00:06
Assalom alekum Uzbekistan Men ham shu fikrlarga qo'shilaman Jasurga Faqat omad Bizni Futbolda Superligada o'sish yoq Oylik o'z vaqtida berilmasa Hali hamon bor Tanish bilish korupsiya.... Lekin kecha juda hursand boldim Bugun Butun dunyo Jasurni goolini qayta qayta takrorlayapti...
&
Бухорий Шариф
29/09/2021 23:52
Ҳозир Қозоғистон, Рассия, Малдова ва бутун МДҲ ва Европа, дунё Реалнинг мағлубияти, Шерифнинг матонат кўрсатган футболчилари ҳаққида ёзаётган бир вақтда. Шу қозонда бирга қайнаб ўз жамоасига фойда келтирган ватандошимиз ҳаққида Матбуотимиз ва Журналистларимиз, ТВларимиз бонг уришга 100% ҳаққилари бор ва буни нормал ҳолат деб қабул қилиш керак ҳар бир юртдошимиз, ватандошимиз.
telefon sozlash ремонт сотовых телефон
29/09/2021 23:28
Yana bir gap butun qozoqiston Internet nashrlar "o‘zbek 'realga' gool urdi" deb talashish yozyapti
telefon sozlash ремонт сотовых телефон
29/09/2021 23:26
Men juda xursand bo'ldim, chunki fudbolni Qozog'istonda ko'rayotgan edim, o'yinni qozoq sharhlovchi o‘z tilida goool deb baqirib bo‘lgan so'ng, butkul MOLDOVA bo'lib, butkul stadion bo'lib shu gooolni to‘ylab yotgandi. Xalq QAHRAMONI degan nomni kimga beramiz....... 17 naqadar xarakat qilayotgan qahramon Jasur Yaxshiboev O‘zbekistonni baxtli qilgan shu futbolchilari dedi
&
Бухорий Шариф
29/09/2021 23:00
Мақола муаллифи Яхёҳўжа жуда тўғри ва ҳақ гапларни ёзибдилар. Жасур кеча ўзи учун улкан Мотевацияга эга бўлди. Унга ўзига бўлган ишонч ҳисси бир неча баробар ортгани шубҳасиз аниқ. У кечаги ўйини ва голи билан бизга ҳам жуда катта қувонч ва ҳис ҳаяжонни берди. У билан кеча фаҳрландик. Аҳир ҳар куни ҳам ватандошларимиз Реал Мадрид дарвозасини Сантияго Бернабеуда ишғол қилавермайдику. Бунинг учун унга катта Раҳмат. Кийенги фаолиятига улкан омадлар тилаб қоламиз. У тўғри йўлда кетмоқда ва мувофақиятли одимлашда давом этсин.
Shavkat Pardaev
29/09/2021 22:42
Ўз юртининг ўғлони билан фахрланмаган одам - дарди йўқ кесакдир.
&
Бухорий Шариф
29/09/2021 23:03
Жуда тўғри фикирлар. Унақа одамлар тоифасини ҳалқ тилида...
Ишқи йўқ эшшак,
Дарди йўқ кесак
Деб атайдилар.
Anvar Abduazizov
29/09/2021 22:32
Bu O‘zbekiston uchun bir tarix
Anvar Abduazizov
29/09/2021 22:32
Insonlar shunday bo‘lib ketgan o‘zi yetti avlodi ham udalay olmasada birovni ustidan kuladi