JBKAning bosh maqsadi - belbog‘li kurashni Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritish

  • 27 sentabr, 2022, 19:40
  • Baxtiyorjon Toshtemirov
  • 0
  • Boshqalar
CHERY AUTO

O‘zida mardlik, halollik, jasurlik kabi fazilatlarni jamlagan milliy sport turimiz belbog‘li kurashni dunyo miqyosida rivojlantirish maqsadida 2021 yil 27 sentyabrda Litvaning Vilnyus shahrida Jahon belbog‘li kurash assotsiatsiyasi (JBKA) tashkil etildi va mazkur assotsiatsiyaga o‘zbekistonlik Azizbek G‘aniev prezident etib saylandi.

Tecno

JBKA keyinroq Evropa Ittifoqidan ro‘yxatdan o‘tkazildi. Assotsiatsiya tuzilgach, belbog‘li kurashga bo‘lgan e’tibor yanada kuchaydi. Qisqa fursat ichida belbog‘li kurash bo‘yicha Evropa, Pan Amerika hamda Osiyo konfederatsiyalari tashkil etildi.

JBKA tashabbusi bilan so‘nggi bir yilda, aniqrog‘i, o‘tgan yili noyabr oyida Jizzax va joriy yil may oyida Qo‘qon shaharlarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun yoshlar o‘rtasida jahon chempionatlari yuqori saviyada tashkil etilgani belbog‘li kurash kurrai zaminimiz bo‘ylab ommalashayotganidan darak beradi.

Yana bir muhim jihat, bunday nufuzli musobaqalarning yurtimizda o‘tkazilishi yoshlarning belbog‘li kurash bilan shug‘ullanishi yanada ortishi (hozirgi paytda shug‘ullanuvchilar soni 36 mingdan ortiq), turizmning mamlakatimizda keng rivojlanishiga hissa qo‘shishi bor gap. Buning yaqqol isboti sifatida joriy yil 8-11 sentyabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun Namangan shahrida ilk bor belbog‘li kurash bo‘yicha erkaklar va ayollar o‘rtasida o‘tkazilgan jahon chempionatini aytishimiz mumkin.

Namangan shahridagi “Barkamol avlod” sport majmuasida o‘tkazilgan mazkur jahon chempionatida Gruziya, Belarus, Belgiya, Eron, AQSh, Isroil, Rossiya, Ruminiya, Pokiston, Italiya, Turkiya, Kamerun, Shvetsiya, Moldova, Hindiston, Mo‘g‘uliston, Latviya, Estoniya, Qozog‘iston kabi davlatlardan 500 nafardan ortiq sportchi ishtirok etdi. Musobaqa doirasida mehmonlar Toshkent va Namangan shahrining diqqatga sazovor joylarini tomosha qilishdi. Quvonarli jihati, sportchilardan iborat ushbu mehmonlarning ko‘pchiligi yurtimizga yana sayyoh sifatida kelish istagini bildirishdi. Ta’kidlash joiz, belbog‘li kurash bo‘yicha o‘tkazilgan o‘smirlar, yoshlar va kattalar o‘rtasida jahon chempionatlari turizm rivoji uchun ham xizmat qildi.

Ma’lumot uchun, jahon chempionatida belbog‘li kurash bo‘yicha erkaklar -57, -62, -68, -75, -82, -90, -100, +100 kg. vazn toifalarida kuch sinashgan bo‘lishsa, ayollar -52, -58, -66, -76, +76 kg. vaznlarda g‘oliblik uchun bahs olib borishdi.

Milliy sportimiz belbog‘li kurashni Evropa va Osiyo o‘yinlari, qolaversa, Olimpiya o‘yinlari oilasiga kiritish JBKAning bosh maqsadi sanaladi. Buning uchun assotsiatsiya tomonidan uzoq yillik puxta istiqbolli dasturlar ishlab chiqilmoqda.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!