
JCh-2022. Angliya - Frantsiya: "Final oldi final" uchun maxsus PREVЬYu!
Bugun tungi soat 00:00da muxlis va mutaxassislarni jiddiy uchrashuv kutyapti. Jahon chempionati chorak final bosqichidan o‘rin olgan Angliya - Frantsiya terma jamoalari o‘rtasida ajoyib bahs bo‘lib o‘tadi. Haqiqiy klassik to‘qnashuv. Ikki jamoa ham hozirda shiddatli o‘yinlar ko‘rsatayotganini inobatga olsak, to‘qnashuv haqida aniq bir nima deb bo‘lmasligi unga o‘zgacha joziba bag‘ishlaydi.
Bu bahs g‘olibi Marokash - Portugaliya o‘yini g‘olibi bilan final yo‘llanmasi uchun kuch sinashadi.
Evropaning ikki grandlari o‘rtasidagi super jangni o‘tkazib yuborish to‘g‘ri bo‘lmasa kerak. Bugun tunda ko‘pchilikning bor e’tibori mana shu o‘yinga qaratilishi kutilmoqda.
Angliya
Inglizlar mundialni ajoyib tarzda boshladi. Guruh bosqichida jamoa 7 ochko bilan birinchi o‘rin sifatida pley-offga yo‘llanma oldi. Ikki o‘yinda darvozasi dahlsizligini saqlab qoldi. Shuningdek, "uch sherlar" guruh bosqichida eng ko‘p gol urishga ham muvaffaq bo‘ldi.
Nimchorak finalda Senegal terma jamoasi qiyinchiliksiz mag‘lub etildi - 3:0. Ko‘rinishidan, Sautgeyt shogirdlari mundialdagi eng yaxshi jamoadek. Biroq raqib ham anoyilardan emas. Ular bugun amaldagi Jahon chempionlariga qarshi maydonga tushadi. Shuning o‘zi narigi tomon uchun tarif berishda etarli bo‘lsa kerak.
Frantsiya
"Xo‘rozlar" musobaqani 2 g‘alaba bilan boshladi va birinchi bo‘lib guruhdan chiqish masalasini hal qildi. 3-turda Tunisga qarshi asosiy tarkibga dam olish imkoni berildi va jamoa shu o‘yinda mag‘lubiyatga uchradi.
Nimchorak finalda Desham shogirdlari Polsha terma jamoasiga rahm qilib o‘tirmadi - 4:1. Mbappening ajoyib formada ekani, Grizmanning o‘ta faol harakatlanayotgani, futbolchilarning chiziqlarda tartib bilan o‘yin namoyish etayotganini inobatga olsak, frantsuzlar bu bahs oldidan mundial asosiy favoritlaridan biri sifatida qarab kelinmoqda.
Uchrashuvlar tarixi
O‘yinlar soni: 31 ta
Angliya: 17 g‘alaba
Frantsiya: 9 g‘alaba
Durang: 5 ta
To‘plar farqi: 69 - 39, Angliya foydasiga.
Taxminiy tarkiblar
Angliya : Pikford; Shou, Maguayr, Stounz, Uoker, Tripper; Foden, Rays, Bellingem, Saka; Keyn.
Frantsiya : Loris; Ernandes, Upamekano, Varan, Kyunde; Rabo, Tchuameni, Grizmann; Mbappe, Jiru, Dembele.
Angliyaga oid yangiliklar
Angliyaliklar tarkibida Benjamin Uayt jamoasiga yordam bera olmaydi. U terma qarorgohini ayrim sabablraga ko‘ra tark etgan. Shuningdek, Rahim Sterlingning o‘yinda ishtirok etishi so‘roq ostida.
Frantsiyaga oid yangiliklar
"Uch ranglilar" safida Karim Benzema musobaqa boshlanishidan oldin jarohat olib, mundialni o‘tkazib yuborishi ma’lum bo‘lgandi. Qolaversa, Lyuka Ernandes jarohat olgani bois bugungi bahsni maydon tashqarisidan kuzatishga majbur.
Murabbiylar fikri
Garet Sautgeyt:
"Biz Frantsiyaning barcha o‘yinlarini ko‘rib chiqdik. Shuningdek, o‘z o‘yinimizni ham tahlil qildik. Ayniqsa, oxirgi Senegalga qarshi bahsda jiddiy bahs-munozaraga kirishdik.
Pikford bugun asosiy tarkibda o‘yinni boshlaydi. Sababi, u AQSh, Uels va Senegalga qarshi o‘tkazgan "quruq o‘yin"laridan so‘ng shunga munosib. U penaltilar seriyasiga ham tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Uning aytishicha, "Adidas" tomonidan ishlab chiqarilgan "Al Rihla" to‘plari unga noqulaylik tug‘dirmoqda. Chunki APLda bunday ko‘rinishdagi to‘plardan foydalanilmaydi".
Dide Desham:
“Angliyada qandaydir zaif nuqta ko‘rmayapman. Hamma jamoaning kuchli tomonlari bo‘ladi. Biroq hammasida ham ojiz nuqtalar bo‘lavermaydi.
Men Sautgeytni hurmat qilaman! Biz kam ko‘rishganmiz, ozgina bo‘lsa-da suhbatlashganmiz. Agar to‘g‘ri tushungan bo‘lsam, uni o‘z mamlakatida barcha ham hurmat qilavermaydi.
Shunga qaramay, u juda yaxshi murabbiy. Garet oxirgi yillarda Angliyani yaxshi natijalar sari etaklamoqda. U ko‘proq qadrlanishga loyiq bo‘lgan mutaxassis".
Shohrux Zoirov tayyorladi.
Fikrlar