
JCh-2022 startiga 22 kun qoldi! Gol mashinasiga ega, ko‘plab nomdor yulzuzlari bo‘lgan, qisman omad tufayli JCh-2022ga chiqqan Polsha termasi haqida
JCh-2022 startiga tobora oz vaqt qolmoqda. Tarixda ilk bor mundial arab diyorida va ikkinchi marotaba Osiyoda o‘tkazilmoqda. (2002 yilda Yaponiya hamda Janubiy Koreya turnirga mezbonlik qilgan)
Mazkur turnirning bir qator o‘ziga xos jihatlari mavjud. Jumladan, kuz oyining oxiri va qishning avvalida o‘tkazilishi ham qisman futbol muxlislari uchun bir yangilik. Sababi, biz ko‘rib o‘rganib qolgan mundiallar doim yozda o‘tkazib kelingan.
Qaysi terma jamoalar JCh-2022da ishtirok etishini yaxshi bilasiz. Agar hamon bundan xabardor bo‘lmasangiz yana bir bor eslatib o‘tib ketamiz.
Mundial startiga 22 kun qolgan va biz ketma-ketlikda termalar bilan sizni tanishtirib kelyapmiz. Demak, "C" guruhi vakili va super straykeriga ega Polsha terma jamoasi bilan o‘ziga xos "chellenj"imizni davom ettiramiz.
Polsha terma jamoasi. Polsha futbol federatsiyasi (PZPN)
Tashkil topgan: 1919 yil (FIFA'ga 1923 yilda a’zo bo‘lgan)
Bosh murabbiy: Cheslab Mixnevich
Jamoa sardori: Robert Levandovski
Terma to‘purari: Robert Levandovski (76 ta gol)
Ilk rasmiy bahsi: Vengriya - Polsha 1:0 (1921 yil)
Eng yirik g‘alaba: Polsha - San-Marino 10:0 (2009 yil)
Eng yirik mag‘lubiyat: Daniya - Polsha 8:0 (1948 yil)
Ayni dam mazkur terma jamoa FIFA reytingida 26-o‘rinni band etib turibdi. Ularning reytingda eng yuqori ko‘rsatkichi 5-o‘rin, eng pasti esa 78-pog‘onani tashkil qiladi.
Ushbu yurt termasi bunga qadar o‘tkazilgan Jahon Chempionatlarida 7 marotaba ishtirok etgan. Shuningdek, ular 1974 hamda 1982 yillarda Mundial bronza medaliga ega chiqqan.
Turnirgacha bosib o‘tilgan yo‘l
Polsha JCh-2022 yo‘llanmasi uchun Angliya, Albaniya, Vengriya, Andorra hamda San-Marino kabi terma jamoalar bilan bir guruhda kurash olib bordi. Polsha "I" guruhida 20 ochko bilan Angliyadan (26) keyingi ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Bilasiz, Evropada faqatgina o‘z guruhida birinchi o‘rinni band etgan terma to‘g‘ridan-to‘g‘ri Mundialga yo‘l oladi. Ikkinchi o‘rin sohiblari esa pley-offda o‘zaro qolgan 3 yo‘llanma uchun kurash olib boradi.
Saralashning yarim finalida Shvetsiyani 2:0 hisobida taslim etgan polyaklar JCh-2022 yo‘lida Rossiya bilan kurash olib borishi kerak edi. Biroq keyin nima bo‘lganini o‘zingiz yaxshi bilasiz. Ruslarga nisbatan qo‘llanilgan sanktsiyalar tufayli Levandovski boshchiligidagi terma osonlik bilan Mundialga yo‘llanma qo‘lga kiritdi.
Nazdimda, JCh-2018 mezbonlari bilan bekor qilingan bahs o‘tkazilganda ham Polshaning g‘alabaga imkoniyatlari yuqoriroq bo‘lardi. Sababi, bu ikki terma safidagi yulduzlari o‘rtasida farq katta, aniqrog‘i, "oq burgutlar" safida natijaga bir o‘zi ta’sir o‘tkaza oladigan futbolchilar mavjud.
Shuningdek, ular saralashdan so‘ng Millatlar ligasi turnirida ham ishtirok etib, biroz qoniqarsiz natija qayd etdi. Niderlandiya, Belgiya hamda Uels bilan bir kvartetdan joy olgan Mixnevich shogirdlari 7 ochko to‘plagan holda, o‘z guruhida 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Tarkib
Polsha term jamoasi Levandovski, Zelinskiy, Kesh, Shensniy, Glik, Milik, Zalevskiy, Bednarek, Jirkovskiy va yana ko‘plab Evropaning grand klublarida to‘p tepuvchi taniqli futbolchilarga ega. Jumladan, hujum markazida harakat qiluvchi Robert Levandovski ayni damda zamonamizning eng yaxshi goleadorlaridan biri sifatida ko‘plab yutuqlarga erishib kelyapti.
Tarkibdagi o‘yinchilarning umumiy qiymati 245 million evroni tashkil qiladi.
Eslatma: Ushbu miqdor so‘nggi yig‘inga chaqirilgan futbolchilarning transfer narxiga ko‘ra, hisoblangan. Mundialga chaqirilgan o‘yinchilar nomi hali ma’lum emas.
JCh-2022'dagi taqvimi
Polsha JCh-2022'da Argentina, Meksika hamda Saudiya Arabistoni terma jamoalari bilan birgalikda "B" guruhida keyingi bosqich yo‘llanmasi uchun kurash olib boradi.
22 noyabr
21:00 Meksika - Polsha
26 noyabr
18:00 Polsha - Saudiya Arabistoni
1 dekabr
00:00 Polsha - Argentina
Fikrlar