
"JCh-2022" yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan yana bir terma jamoa nomi ma’lum bo‘ldi
Daniya terma jamoasi "JCh-2022" saralashi Evropa mintaqasi "F" guruhi 8-turida o‘z maydonida Avstriya ustidan 1:0 hisobida g‘alaba qozondi. O‘yindagi yagona golni 53-daqiqada Yoakim Mele kiritdi.
E’tiborlisi, ushbu g‘alabadan so‘ng daniyaliklar Qatarda bo‘ladigan mundial yo‘llanmasini muddatidan avval qo‘lga kiritishdi. Kasper Yulmann jamoasi saralashning so‘nggi ikki turidan oldin o‘z guruhida peshqadamga aylanib oldi va guruhda ikkinchi o‘rinda borayotgan Shotlandiya terma jamoasidan 7 ochkoga ilgarilab ketdi.
Yana bir muhim jihati shundaki, Daniya saralashning barcha 8 ta o‘yinida g‘alaba qozondi va o‘z darvozasidan birorta ham gol o‘tkazib yubormadi. To‘plar nisbati 27:0.
Eslatib o‘tamiz, ayni damga kelib, "JCh-2022" yo‘llanmasini naqd qilgan terma jamoalar soni 3 taga etdi. Mezbon Qatardan so‘ng Germaniya ham jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan edi. Endi ular orasiga Daniya ham qo‘shildi.
Fikrlar