
“Kalyari” muxlislari “Inter”ga gol urgan Shomurodov haqida nimalar deyapti?
Italiyaning har bir jamoasi ashaddiy muxlislari ko‘pligi bilan ajralib turadi. Xususan, “Kalyari” jamoasi ishqibozlarida ham futbolchi va murabbiylarga nisbatan talab juda kuchli.
Sardiniya klubi chempionatning hal qiluvchi pallasida xavfli hududdan uzoqlashishga ulgurdi. Bu muvaffaqiyatda boshida juda ko‘p tanqid qilingan Eldor Shomurodovning hissasi katta bo‘lmoqda.
Sport formasini tiklab olgan legionerimiz ham gollari, ham paslari bilan jamoaning ochko olishida muhim rol o‘ynayapti. Ayniqsa, Shomurodov jamoasi uchun qiyin va murakkab vaziyatlarda assist yoki goli orqali jamoadoshlarini kurashga qaytarayotgani alohida e’tibor va e’tirof etilayotgan jihat hisoblanadi.
“Inter” bilan bo‘lgan uchrashuvda ham Eldor Shomurodov gol urib, jamoasida ishtiyoq uyg‘ota oldi va oxir-oqibat “Kalyari” futbolchilari “San-Siro” maydonida bo‘lajak chempiondan bir ochko olib qaytdi.
Sports.uz portali “Kalyari” muxlislarining o‘zbek legioneri haqidagi fikr-mulohazalarini o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari e’tiboriga havola etadi.
Pier Luigi Piga:
Shomurodov “Jenoa”ga kelganida men uning haqiqiy chempionlarga xos o‘ynaganini ko‘rganman. Keyinchalik “Roma”ga ko‘chib o‘tib, bu jamoaga moslaga olmadi.
Endi yana o‘z holiga qaytganining guvog‘i bo‘lyapmiz. U to‘p bilan yaxshi muomala qila oladi, bunaqalar esa hozir juda kam.
RanierizmoRanerizmo:
Rimda Dibala, Pellegrini va shu kabi mashhur o‘yinchilar Shomurodovning yo‘lini to‘sib qo‘ydi. “Roma”da ana shunday katta futbolchilar ko‘p edi. De Rossi jamoada o‘zgarishlar qilgan bo‘lsa-da, hozir ham Shomurodovga joy topib berolmaydi.
Eldorni muxlislar maydondagi harakatlari uchun ham, maydon tashqarisidagi hayoti tufayli ham yaxshi ko‘radi va hurmat qiladi.
Il Mediocre:
Shomurodovning statistikasi osha boshladi. Hechdan ko‘ra, kech bo‘lsa ham ma’qul.
Tonyos (Forza Cagliari):
Eldor o‘z darajasini ko‘rsata boshladi. Zito Luvumbo bilan birga chempionatning eng mustahkam himoyasini aqldan ozdirib qo‘ydi. Ko‘pchilik ta’kidlaganidek, bu yomon transfer emas.
Shomurodovning imkoniyatlari jarohat olguncha ham yaxshi edi. Mana endi salohiyatini namoyish qila boshladi.
Danilo BG:
Mavsumning birinchi qismida, Shomurodov jismoniy holatini tiklab olmagan paytda men undan norozi bo‘lib, ko‘p tanqid qilganman va uni jamoaning ligada qolishi uchun kurashda befoyda o‘yinchi, deb o‘ylaganman.
Qattiq adashganimni tan olaman. Shomurodov futbolni yaxshi tushunadigan Klaudio Raneri jamoasiga katta hissa qo‘shyapti.
Commento:
Men Eldor Shomurodovga shubha bilan qaraganman va uni ishonchimni oqlay olmagan yagona futbolchi sifatida ko‘rganman. Buni inkor qilmayman.
Lekin xato qilishimiz mumkinligini ham tan olishimiz kerak. Taxminlarimiz o‘zini oqlamagan holatda xato qilganimizdan xursand bo‘lamiz. Eldor haqiqatan kuchli o‘yinchi ekan. Raneri yordamida u nimalarga qodirligini ko‘rsatyapti.
Ranierizmo:
Men Eldorga har doim ishonganman. Chunki “Jenoa” doimo zo‘r hujumchilarni topishini bilardim.
Yozda Shomurodovning transferi Andera Petanya soyasida qolib ketdi. Taqdir o‘sha payt Luvumbo va yosh Oristonioga kulib boqdi va ular “Kalyari”ga foyda keltira boshladi.
Men Shomurodovning ochilishini kutio‘ kerakligini avval ham bir necha bor ta’kidlagan edim. Mana bugun Eldorning o‘yinlaridan bahramand bo‘lyapmiz.
Eldor Shomurodov A Seriyada 17 ta uchrashuvda maydonga tushib, raqiblar darvozasini uch marotaba ishg‘ol qildi va jamoadoshlariga uchta golli pas uzatdi.
“Kalyari” navbatdagi bellashuvni 19 aprel kuni o‘z maydonida “Yuventus”ga qarshi o‘tkazadi. Bo‘lajak bahsda legionerimiz yana boshlang‘ich tarkibda maydonga tushishi kutilyapti.
Fikrlar