
Kamondan otish: Toshkentda “Alpomish va Barchinoy” II xalqaro musobaqasi boshlandi
Poytaxtimizdagi Respublika Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida kamondan otish bo‘yicha “Alpomish va Barchinoy” nomli xalqaro musobaqa start oldi. Bugun ikkinchi bor tashkil etilayotgan mazkur turnirning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Sportni rivojlantirish vazirining o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi va O‘zbekiston kamondan otish federatsiyasi mutasaddilari ishtirok etishdi.
Musobaqada so‘z olgan rasmiylar davlatimizning e’tibori bilan ushbu sport turida ham terma jamoamiz vakillari tobora yuqori natijalarni qayd etib kelayotganlari, uning respublikamiz bo‘ylab ommalashuvi ortib borayotganiga alohida to‘xtalishdi. Bu yilgi bahslarda hamyurtlarimizdan tashqari Qozog‘iston, Tojikiston, BAA, Qirg‘iziston kabi davlatlardan 100 nafarga yaqin sportchi g‘oliblik uchun bahs olib borishmoqda.
Bugundan musobaqaning 5 ta dasturda saralash bosqichi boshlandi. 26 avgust kuni barcha yo‘nalishlarda g‘olib va sovrindorlar aniqlab olinadi.
Fikrlar