"Kenjaboev bizda o‘ynaydi, Qilichev ketsa kerak, Yaponiya va koreyalik futbolchilar bilan gaplashyapmiz" - Hamidjon Aktamov yozgi rejalarni oshkor qildi

  • 4 iyul, 2021, 11:06
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
TIGGO 2 PRO

“Qizilqum”ning o‘yini ijobiy tomonga o‘zgargan. Shu bois, deyarli yakuniga etgan birinchi davra jamoa o‘zidan yaxshi taassurot qoldirdi.

Bosh murabbiy Hamidjon Aktamov bu safar yaxshi jamoa tuzgani bilindi. Ikkinchi davrada esa tarkib nisbatan kuchaytiriladi. Sports.uz muxbiri bilan suhbatda murabbiy rejalar bilan o‘rtoqlashdi.

- “Qizilqum”ning birinchi davradagi o‘yini ko‘pchilikda yaxshi taassurot qoldirdi. Bosh murabbiy sifatida siz ham qoniqdingizmi?

- Biz hali ishimizni oxirigacha etkazganimiz yo‘q. Nima bilandir maqtanishga vaqtli. Qiladigan ishlarimiz ko‘p. Shuning uchun hozir hech narsa deya olmayman. Mavsumni sovrinli o‘rinlarda yakunlashga harakat qilyapmiz.

- Jamoaning o‘yindan-o‘yinga kuchayib borgani asosan nima bilan bog‘liq edi?

- Bu avvalo jamoadagi ahillik. Bizdagi hamma futbolchi bir xil mehnat qiladi. Mashg‘ulot va o‘yinda ham yigitlar oxirigacha kurashadi. Ular hammaga ham g‘alaba kerakligini yaxshi tushunishadi. Shu sababli, murabbiylar va futbolchilar bir oila bo‘lib hamjihatlikda ishlayapti. Bizning jamoada hech qanaqa g‘iybat yoki norozichilik yo‘q. Ko‘z tegmasin.

- 5 iyuldan transfer oynasi ochiladi. “Qizilqum”da ham ayrim o‘zgarishlar bo‘ladi. Kechadan beri Islom Kenjaboevni jamoangizga o‘tgani haqida xabarlar tarqaldi...

- Bu gap to‘g‘ri. Islom bilan oxirgi nuqtani qo‘yib gaplashib oldik. Kenjaboev bizga qo‘shildi, bu aniq.

- Kenjaboevni taklif qilish tashabbusi o‘zingizdan chiqdimi?

- Bu fikr oldindan bor edi. Koreyaga ketmasidan avval ham chaqirganmiz. Agar u erga ketmasa, “Qizilqum”da to‘p surishi kerak edi. Faqat Koreyadan yaxshiroq variant chiqqani va o‘zi ham legioner sifatida o‘ynashni istagani uchun o‘sha erga yo‘l olgandi. U Janubiy Koreyada nima qildi, nega o‘ynamadi, buning menga qizig‘i yo‘q. Bularning tarixini o‘zim yaxshi bilaman. Ko‘pchilik tomonidan u deyarli o‘ynamadi, bitta uchrashuvda to‘p surdi xolos, degan gaplar bo‘lyapti. Ammo men bu gaplarga e’tibor qilmadim. Bu futbolchida poydevor bor, maktab ko‘rgan. Bemalol eplab ketadi.

aktamov1_1

- Shuningdek, navoiylik yana bir o‘yinchi Jasur Jaloliddinovga ham jiddiy qiziqayotganingiz haqida eshitdim...

- Biz har doim qiziqqanmiz. Chunki u ko‘z ostimizda katta bo‘lgan bola. Ammo Jasurni “Andijon” bilan shartnomasi bor va u erda yaxshi o‘yin ko‘rsatyapti. Andijonda o‘ziga yarasha muxlislari bor. Shartnomasi bo‘la turib, bizga kel, deb ayta olmayman. Bunday vaziyatda ishga professional munosabatda bo‘lamiz. Shartnomasi tugagan bo‘lsa, erkin bo‘lsa, keyin taklif bilan chiqishim mumkin. “Andijon”ning o‘yinlari yoqyapti. Shu o‘rinda klub ishqibozlarini Namangandagi g‘alaba bilan tabriklayman. “Navbahor”ga qarshi o‘yinini boshidan oxirigacha ko‘rdim, chiroyli bo‘ldi. “Andijon”da tartibli o‘yin bor, jamoa yaxshi o‘ynadi.

- Jamoangizga qanday futbolchilarni olishni yaxshi bilasiz. Ikkinchi davrada yana qaysi o‘yinchilarni “Qizilqum” tarkibida ko‘ramiz?

- Xudoga shukr, chiziqlarimizdagi barcha futbolchilarimiz yaxshi, ularga ishonamiz. Zimmalaridagi vazifalarini oqlaydi. Faqat qo‘shimcha sifatida hujum chizig‘iga yangi futbolchi olamiz.

- Bu borada kimni mo‘ljallayapsiz?

- 4-5 ta nomzodni ko‘rib chiqyapmiz.

- “Qizilqum”ni kimlar tark etdi?

- Jamoani hozircha hech kim tark etgani yo‘q.

- Oybek Qilichev oxirgi uchrashuvlarda nima uchun ko‘rinmadi?

- Odam degani shamollaydi, kasal bo‘ladi, to‘g‘rimi? Axir robot emas-ku. Hammaga aytdim, bu haqda. To‘g‘ri, Oybek Qilichevga boshqa klublardan takliflar bo‘lyapti. Menimcha, u ketsa kerak, chunki yaxshi takliflari bor.

- Navoiylik futbolchilarni bir jamoaga yig‘ishni maqsad qilganmisiz?

- Men bu navoiylik, bunisi buxorolik yoki samarqandlik deb hech qachon ajratmayman. Hammamiz bitta mamlakatdamiz va terma jamoamiz uchun harakat qilamiz. Agar rizqi qo‘shilgan bo‘lsa, shu erga kelib o‘ynaydi, kim bo‘lishidan qat’iy nazar. Millatchilik xarakterim yo‘q. Haqqoniy mehnat qiladigan va haqqoniy ish bo‘lgan joyda baraka ham bo‘ladi.

aktamov2_2

- Bu haqda bejizga so‘ramadim. Navoiylik Oston O‘runov hozir Rossiyada, ammo hali o‘z klubini topolmayapti. Kenjaboev, Jaloliddinov, O‘runov kabi navoiyliklarni bir jamoaga yig‘ish niyatingiz bormi? Masalan, Ostonni vaqtincha bo‘lsa ham o‘yin amaliyotini oshirish uchun taklif qilmoqchimisiz?

- Oston O‘runov avval o‘zini chetda sinab ko‘rsin. Agar xorijda o‘ynamayman desa, keyin taklif bilan chiqishimiz mumkin. Ammo qancha ko‘p futbolchilarimiz chetda o‘ynasa, bundan o‘zbek futboli yutadi. Buni oldin ham aytganman. Ularni xorijda to‘p surishini foydali tomonlari ko‘p. Masalan, iqtisodimizga ham yaxshi. Chunki valyuta olib keladi. Iloji boricha chetda o‘ynayotganlarga tegmayman.

- Tarkibdagi legionerlar saqlanib qolinadimi yoki yana qo‘shimcha xorijlik futbolchini chaqirasizmi?

- Qo‘shimcha osiyolik legioner izlayapmiz. Yaponiya va Janubiy Koreya futbolchilari bilan muzokara olib boryapman. O‘xshab qolsa, olib kelamiz.

- Bundan chiqdi, tojikistonlik Jahongir Ergashev ketibdi-da?!

- Ha, o‘sha paytda ketgandi. Oilaviy sharoiti to‘g‘ri kelmadi. Unga boshqa hech qanday e’tiroz yo‘q.

- Ikkinchi davraga tayyorgarlik rejasi qanday?

- Uchta nazorat o‘yini rejalashtirib qo‘yganmiz. 11 -12 iyul kunlari yig‘ilamiz. Birinchi yig‘in Navoiyda bo‘ladi, keyin Toshkentga ketamiz. O‘rtoqlik o‘yinlari ham o‘sha erda bo‘ladi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Ашуров Бахтийор
04/07/2021 13:20
Кучайсин!!!