Klopp Qatar-2022 qahramonini qo‘lga kiritmoqchi! Bu transfer naf beradimi? (Tahliliy maqola)

  • 23 dekabr, 2022, 01:21
  • Yahyoxo’ja Ulug’xo’jayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Sofyan Amrabat qit’amizda o‘tgan Jahon chempionatining chinakam kashfiyotiga aylandi. “Foot Mercato” nashrining ma’lum qilishicha, shaxsan Yurgen Kloppning o‘zi marokashlik yarim himoyachi xizmatiga qiziqib qolgan. Futbolchining o‘zi ham APLga yo‘l olishni istamoqda. Xo‘sh, bu transfer amalga oshsa, Amrabat “Enfild”da o‘ynab keta oladimi? Uning imkoniyatlarini ko‘rib chiqamiz!

Marokashlik yarim himoyachi jismonan anchagina baquvvat. Qahramonimiz terma jamoasi safidagi o‘yinlarda bosib o‘tilgan masofa borasida so‘zsiz eng yaxshisi. E’tibor qiling, butun turnir davomida Sofyan 81,44 km yugurgan. Shuningdek, to‘pni olib qo‘yish borasida u musobaqaning (16 bor) eng yaxshi to‘rt futbolchisidan biri sanaladi. Undan oldinda Ashraf Hakimi (26), Mateo Kovachich (24), Entso Fernandes (22) bor xolos.  Shunga qaramay, Amrabat mayda paslarda ham benazir. Uning hisobida Qatardagi mundialda muvaffaqiyatli amalga oshirilgan 269  uzatma bor. Bu 83,5 foizlik ko‘rsatkich!

Yarim himoyachi jamoasining vertikal futbolida o‘zini yaxshi his qilganini ko‘rdik. Tezkor qarshi hujumlarda Sofyan  istalgan paytda hujumga temp qo‘shishi, aqlli uzatmalarni ijro etishi mumkin. Himoyalanish esa, aynan u moslashgan strategik holat. U birga-bir vaziyatlarda raqiblarini "eb qo‘yish"ga qodir ekanligini bir necha marotaba isbotladi. Amrabat ortiqcha tezlik sarflamay, korpus va to‘g‘ri joy tanlash evaziga ko‘pincha xavfli hujumlarni to‘xtatadi. Tayming va tajovuzkorlik bobida ham yarim himoyachi istalgan tayanch zonasidagi futbolchi bilan bellashib ko‘ra oladi. Maydonda yuqori intellekt bilan fikrlashi sababli kartochkalardan ko‘pincha qochib qolishni uddalaydi.

lpo‘pl34o‘lp43o‘lp

To‘g‘ri, uning ham ojiz nuqtalari bor. Masalan, pozitsion futbolda u biroz o‘yindan tushib qolishi mumkin, ammo bu kamchiligini yashirin pleymeykerlik bilan berkitishga harakat qiladi. xG borasida uning (golli uzatma berish ehtimoli) ko‘rsatkichi 0,1 ekanligi ham shu bilan bog‘liq. Sofyan so‘nggi uzatmada super talant egasi emas. Shunga qaramay, kichik zonalardan to‘pni olib chiqib ketishda kamdan kam xatoga yo‘l qo‘yadi. Shu bois, butun mundial davomida golli uzatma berishni uddalay olgani yo‘q, ammo hujumning keskinlashishiga sabab bo‘lgan 7 ta pasga mualliflik qildi. Ya’ni, Sofyan Modrich singari kerakli pallada hujum boshlay olmasligi mumkin, biroq uning himoyaviy futboldagi foydasi Lukanikidan biroz ko‘proq. Sababi, Amrabat ikkinchi qavatdagi kurashlarda xorvatdan anchagina kuchli. U birinchi to‘p uchun “jang”larning 72,3 foizida g‘alaba qozonadi. Bu uning bu bo‘yi bilan super natija degani!

Futbolchining xarakteristikasini ko‘rib chiqdik. Demak, bizda joyni yaxshi tanlay oladigan, jismonan baquvvat, himoyalanishda benazir, mayda paslar ijro etishga qodir, pressingda faol bo‘luvchi yarim himoyachi bor. Agar bu kuchli va kuchsiz tomonlarni taroziga qo‘ysak, Yurgen Klopp targ‘ib etuvchi futbolga to‘liq mos tushishi mumkinligini ko‘rish mumkin. Klopp mehnatkash, sodda va aniq harakat qiladigan ijrochilarni yaxshi ko‘radi. Boz ustiga, nemis mutaxassisi shogirdlarining kuchsiz tomonlarini boshqa omillar evaziga berkitishga o‘rgangan. Uning qo‘l ostida Sofyanda progress kuzatilishi aniq. Agar Amrabat "Enfild"ga ko‘chib o‘tsa, uning kuchli tomonlari kuchsiz jihatlarini bemalol berkitib ketishi mumkinligini taxmin qilish mumkin.

Allaqachon grand klublar analitiklari bu futbolchini o‘rganib chiqqani aniq. Axir, “Fiorentina” bejizga 40 million evro talab qilgani yo‘q. Shuningdek, “Tottenxem” va “Barselona” ham rasman muzokaralar o‘tkazmoqchi ekanligini e’lon qildi. Bu variantlar fonida “Liverpul” eng ideal tanlov bo‘lishi aniq.

po3sho43shpo3

“Zamonaviy yarim himoyachi jismonan baquvvat, chaqqon va tezkor bo‘lishi shart. U oyoq bilan birgalikda ikkinchi qavatda ham birinchi bo‘lishga ko‘nikishi lozim. Hujum bilan birgalikda himoyalanishni ham qoyillatishga majbur. Avvalari men Yaya Turening o‘yinlaridan zavqlanganman. Endi esa, Tyago Alkantara va Kevin de Bryuyneni muntazam kuzataman. Agar bu uchlikni birlashtira olsangiz, sizdan super yarim himoyachi chiqadi. Men o‘sishni istayman. Shu bois, o‘z o‘yinlarimni qayta-qayta tomosha qilib, xatolarimni tahlil qilaman. Birinchi navbatda doim to‘g‘ri joy tanlash va jamoadoshlarimga aniq uzatma berishga harakat qilaman. Qolgan aspektlarda esa, sekin-asta ideal darajaga chiqish uchun mehnat qilyapman”.

Agar Amrabat “Liverpul”ga o‘tsa, asosiy tarkib o‘yinchisiga aylanmasligi aniq, ammo Kloppning zaxiradagi asosiy quroli bo‘lishi mumkin. Birinchi navbatda, Kloppning o‘yin uslubi, strategik joylashuvini his qilishi kerak.  Sofyanning jangovar harakterini inobatga olsak, u “Enfild”da tezda “mahalliy” futbolchi bo‘lib ketadi. Qo‘shimchasiga, hali katta o‘yinlarni ko‘rmagan g‘alaba “och” yigit uchun APLning kurashlarga boy o‘yinlari yangi darajaga chiqish eshiklari bo‘lib xizmat qiladi.

Sizningcha, bu transfer amalga oshadimi? Agar oshsa, Sofyanning imkoniyatlari qanday? Fikringizni izohlarda yozib qoldiring!

Ya.U

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!