Kloppning sobiq jamoadoshi: "Yurgen "Real"ni boshqarishni orzu qilganini aytgan"

  • 29.04.2025 14:27
  • Bilolbek Imomov
  • 0
  • Futbol

"Maynts" jamoasida Yurgen Klopp bilan birga to‘p surgan Miroslav Tanga nemis mutaxassisining kelajakdagi rejalari haqida gapirdi. 

Tanganing so‘zlariga ko‘ra, Klopp "Liverpul"ni tark etayotgan paytda unga ikki orzusi borligini aytgan — Germaniya terma jamoasi va "Real Madrid"ni boshqarish.

– U "Liverpul"dan ketar ekan, menga shunday degandi: "Mening ikki orzum bor — Germaniya terma jamoasini va "Real"ni boshqarish". Ular amalga oshadimi-yo‘qmi, bilmayman. Har holda, u "Real" bosh murabbiyligi uchun nomzodlardan biri. Ammo bu hozircha faqat taxmin, – dedi Tanga.

Uning ta’kidlashicha, Klopp Angliyaning boshqa biror klubini boshqarishni hech qachon xohlamagan, shuningdek, Italiya yoki Frantsiya chempionatlariga qiziqmaydi.

– U hech qachon o‘zini boshqa biror angliyalik klubda ko‘rmagan. Seriya A va Frantsiyaga ham qiziqishi yo‘q. Bir kuni u Germaniya terma jamoasiga bosh murabbiy bo‘ladi, deb o‘ylayman.

Hozirda Miroslav Tanga Serbiyaning «Voyvodina» klubida faoliyat olib bormoqda va Klopp bilan yaqinda aloqa qilganini ta’kidladi:

– Biz u bilan gaplashdik. Hozirda u "Red Bull" tizimida ishlayapti va butun dunyo bo‘ylab ularning klublari bilan hamkorlik qilmoqda. U hozircha murabbiylikni qayta boshlash haqida o‘ylamayapti. Qachondir zerikib, skameykaga qaytadimi-yo‘qmi, u ham bilmaydi, – dedi u.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!